Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Telegrammdagi «sirli oshiq» yigit qiz bo‘lib chiqdi

Telegrammdagi «sirli oshiq» yigit qiz bo‘lib chiqdi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xodimi, kapitan Murodjon Rahmatullayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, fuqarolar o‘rtasida bir turdagi ikki jinoyat sodir bo‘lgan. Birida bosh «rol»da ayol, boshqasida esa erkak bo‘lgan

Telegrammdagi «sirli oshiq» yigit

Ta’kidlanishicha, Buxoro shahrilik R.D. ismli qizning telegramm tarmog‘iga «Feruz» ismli yigitdan ishqu muhabbatga to‘la «sms»lari kelgan. R.D. ekran ortidagi «sirli oshig‘i»ning shirin so‘zlariga mahliyo bo‘lgan. «Feruz» bilan ishqiy yozishmalar avvaliga suratlar almashinuviga, keyin videolar almashinuviga o‘tgan. «Feruz» oradan ko‘p o‘tmay, R.D.dan yarim-yalang‘och holdagi suratlaridan jo‘natishini so‘ragan. «sirli oshiq»qa ishongan R.D. unga shaxsiy hayotiga oid sirli surat va videolarini yuborgan. Biroq, vaqt o‘tib, romantik munosabatlar o‘rnini tahdid egallay boshlagan. «Feruz» qizdan 6000 AQSh dollari talab qilib, aks holda, ushbu shaxsiy materiallarni uning yaqinlariga tarqatib yuborish bilan qo‘rqitgan.

R.D. holat yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga xabar bergan. Boshqarmaning Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan maxsus tezkor tadbir o‘tkazilib, «Feruz» talab qilgan pullarning bir qismi - 2 million so‘m plastik karta orqali o‘tkazib berilgan. Mazkur jarayonda jinoyatchi ashyoviy dalillar bilan voqea joyida qo‘lga olingan.

«Eng hayratlanarlisi, «Feruz» niqobi ortidagi «yigit» jabrlanuvchining yaqin dugonasi yashiringani aniqlandi. Uning yagona maqsadi esa pul bo‘lgan. Ayni paytda gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda»,-deydi Murodjon Rahmatullayev.

Videoqo‘ng‘iroq orqali «shantaj»

Videoqo‘ng‘iroqlar orqali ishonch qozonib, nomus bilan «shantaj» qilgan tovlamachi qo‘lga olindi.

Asli Jondor tumanidan bo‘lgan, ikki nafar farzandning otasi fuqaro Sh.J. oldindan rejalashtirilgan qora maqsadini amalga oshirish yo‘liga kirgan. U bu maqsadini amalga oshirish uchun 1999 yilda tug‘ilgan, hali turmush qurmagan o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan qizni nishonga olgan.

WhatsApp messenjeri orqali o‘tkazilgan videoqo‘ng‘iroqlar davomida gumonlanuvchi qizni aldab, uning yalang‘och holatdagi videotasvirlarini yashirincha yozib olgan. Bu holat oddiy ehtiros emas, balki, puxta o‘ylangan jinoiy tuzoq bo‘lgan.

Qo‘lida sharmandali dalillar mavjudligidan foydalangan holda, u qizning nomusi va sha’ni bilan o‘ynashishga o‘tgan. Videotasvirlarni qizning ota-onasi, qarindoshlari hamda ish joyiga tarqatish, shuningdek, internet tarmoqlariga joylashtirish bilan tahdid qilgan. U buning evaziga 26 million so‘m pul talab qilgan.

Biroq, jabrlanuvchida bunday miqdorda pul mavjud bo‘lmagan va qo‘rquv, bosim ostida chorasiz holatga tushgan.

Mazkur jinoyat Buxoro viloyati IIB tezkor-qidiruv xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida o‘z vaqtida aniqlanib, fosh etilgan. Buxoro shahri ko‘chalardan birida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tovlamachi o‘zining jinoiy sherigi orqali talab qilingan pul mablag‘ining 5 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring