Toshkent viloyatidagi 210 ta chorrahada svetoforlar yangilanadi
2026–2027 yillarda viloyat hududidagi 210 ta chorrahada svetofor qurilmalarini to‘liq yangilash va ularni intellektual transport tizimiga ulash rejalashtirilgan.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevga qilingan transport va yo‘l infratuzilmasini boshqarishni zamonaviy bosqichga olib chiqishga doir taqdimotda qayd etilishicha, jumladan, 50 ta ob’yektga tezlikni qayd etuvchi zamonaviy qurilmalar o‘rnatiladi.
Bundan tashqari, 210 ta chorrahada yo‘l harakatini nazorat qiluvchi qurilmalar joylashtirilishi, jumladan, 10 tasi haydovchilarning xavfsizlik kamarini taqmaslik holatini aniqlovchi kameralar bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur ishlar natijasida viloyatda yo‘l harakati xavfsizligi sezilarli darajada oshishi, tirbandliklar kamayishi, transport oqimining samarali boshqarilishi hamda fuqarolar uchun yanada qulay va xavfsiz harakat muhiti yaratilishi kutilmoqda.
Taqdimot yakunida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ushbu loyiha nafaqat transport sohasida, balki umuman tuman-shaharlar infratuzilmasini boshqarishda yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi. Shuningdek, mas’ullarga ishlar sifatini qat’iy nazorat qilish, joriy etilayotgan tizim samaradorligini oshirish va aholi uchun qulayliklarni yanada kengaytirish bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.
Ma’lumot uchun, viloyatda bugungi kunga qadar 7 ta chorrahada mavjud svetofor qurilmalari to‘liq yangilangan, 8 ta chorrahada esa yo‘l harakatini nazorat qiluvchi zamonaviy komplekslar o‘rnatilgan. Shundan 5 tasi haydovchilarning xavfsizlik kamarini taqmaslik holatini aniqlovchi kameralar bilan jihozlangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter