Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uzundan uzoq reportaj. Farg‘onaliklarning Surxondagi taqdiri

Uzundan uzoq reportaj. Farg‘onaliklarning Surxondagi taqdiri

— Assalom alaykum, xush kelibsizlar, assalom alaykum!

Farg‘onada bunaqa samimiyat bilan ikki martalab berilgan salomni har qadamda eshitasiz. Ha, vodiyliklar lutfni o‘rniga qo‘yishadi. Ammo Surxondaryoda, bo‘lib ham eng chekka tumani Uzundachi, shunaqa takallufni eshitganmisiz? Men eshitib keldim.

«Farg‘onachilar» — ularni Uzunda shunaqa atashadi — yuz yildirki Surxondaryoda yashashadi. Ularning tarixini bizga Uzun tuman kichik sanoat zonasidagi mebel ishlab chiqarish sexida aytib berishdi. Mana shu sexning egasi — Sherzod Rahmatov ham asli kelib chiqishi farg‘onaliklardan. Ammo u hayoti davomida vodiyga bir necha martagina, shunda ham ish yuzasidan borgan xolos. «Mening otam ham, otamning otasi ham Uzunda tug‘ilgan. Vodiyda qarindoshlar bor, ammo asosiy bordi-keldimiz shu yerda — Uzunda. Hamma qarindosh-urug‘imiz ham, tanish-bilishimiz ham shu tumanda», — deydi Sherzod aka. Bu gaplarni aytarkan, uning yuzida tabassum o‘ynab turadi. Farg‘onaliklar shunday o‘zi, birinchi ko‘rishgan odami bilan ham shunaqangi xushmuomalada bo‘ladiki, ming yillik qadrdon, deb o‘ylaysiz. Sherzod Rahmatov garchi Uzunda tug‘ilib, o‘sgan bo‘lsa-da, qon tortadi baribir, farg‘onacha muomala sezilib turadi.

«Farg‘onachilar»ning tarixi esa mana bunday.

Bir vaqtlar, o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida 100 dan ortiq oila Farg‘onadan chiqib, Tursunzoda tomon yo‘lga chiqadi. Hozir u yerlar Tojikistonga qarashli. Ammo hamma oila ham Tursunzodaga yetib bormaydi va yarmi shu yerlarda, Uzunda qoladi.

Farg‘onaliklar nima sababdan ota makonini tashlab chiqqanini afsuski aniqlashtira olmadik. Vaqt yetarli bo‘lmadi, qandaydir uch-to‘rt soatda hammasiga ulgurish qiyin. Qiziqib so‘raganimizda esa ikkita manbadan ikkita fikr eshitdik. Birinchisi — quloqlashtirish siyosati tufayli ular surgun qilingan. Ikkinchisi esa, ko‘chish tashabbusi o‘sha vaqtlardagi respublika rahbari Yo‘ldosh Oxunboboyevdan chiqqan. Asli farg‘onalik bo‘lgan oqsoqol Surxondagi qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish uchun o‘z hamyurtlarini bu yerlarga yuborgan ekan. U vaqtlarda kolxozlashtirish siyosati bilan birga qo‘riq yerlarni o‘zlashtirishga ham e’tibor kuchli bo‘lgan. Shu sababli Juma Pirnazarov boshchiligidagi farg‘onaliklar Surxon tomonlarga yo‘lga chiqishadi.

Bu ikki sababdan qay biri asosliroq ekanini afsuski aniqlay olmadik. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, «farg‘onachilar» hozir aynan shu yerlarni — Uzunni o‘zining asl vatani, tug‘ilgan yeri sifatida biladi.

«Farg‘onachilar» bu yerlarga kelib xalqimizga juda ko‘p narsalarni o‘rgatgan, — deydi Uzun tuman hokimi o‘rinbosari Abdumalik Chorshanbiyev. — Juma Pirnazarov boshchiligidagi 50 ta oila Uzun tumaniga ko‘chib kelganda, bu yerlar to‘qayzor bo‘lgan. Farg‘onaliklar to‘qayni o‘zlashtirib, obod joyga aylantirishdi. Ularning dehqonchilikdagi tajribasini keyinchalik mahalliy aholi ham o‘zlashtirdi. Aslida bu yerlarda azaldan chorvachilik rivojlangan bo‘lgan.

Tumandagi hunarmandchilik ham «farg‘onachilar» bilan boshlangan. Juda tadbirkor xalq. Hozir ham uylariga kirsangiz, deyarli har birida issiqxona bor. Issiqxonasi bo‘lmagan uyda bog‘ yoki uzumzor qilingan. O‘sha tomorqasidan yiliga 50-60 million so‘m daromad oladi.

O‘tgan yuz yil davomida farg‘onaliklar va mahalliy aholi allaqachon quda-anda bo‘lib, bitta elat bo‘lib ketgan. Unisi bilmaganini bunisidan o‘rgangan, bunisi yetmaganini unisidan olib turgan. Shu tariqa yil o‘tgani sari tajriba ham, qon-qardoshlik ham oshib bordi. Mana shu hamjihatlik pandemiya vaqtida ham qo‘l keldi.

— Karantin vaqtida Sherzodjonning o‘zi 30 ta oilaning ro‘zg‘or harajatlarini to‘liq zimmasiga oldi, hamma kam-ko‘stini yetkazib berdi, — deydi tuman hokimi Bahrom Tursunov.

Mebel sexida 20 dan oshiq yoshlar ish bilan ta’minlangan. Ular uchun hamma sharoit yaratilgan. Bu yerdan chiqayotgan mebelga esa poytaxt tugul, xorijdagi ancha-muncha xaridor ham havas qilgan bo‘lardi.

Uzun tuman kichik sanoat zonasida bunday loyihalardan yana 8 ta bor. Ularning umumiy qiymati 5.4 milliard so‘mdan oshadi. Masalan, mana shu mebel sexiga kerak bo‘ladigan oyna mahsulotlari ham kichik sanoat zonasining o‘zidan chiqadi. Ikki sexning orasi bir necha o‘n metr xolos, piyoda yurib o‘tish mumkin. «AGlass Steklo» korxonasi ishlab chiqaradigan oyna mahsulotlari mana shu o‘n metrlik masofadan tortib, Surxondaryoning narigi burchagiga qadar yetib boradi.

Uzunda shunaqa kichik sanoat zonasidan yana bitta qurish rejalashtirilgan. Qurmasa ham bo‘lmaydi. Boisi, tumanda dastlab «Temir daftar»ga kiritilgan 1667 ta oila bor edi. O‘tgan vaqt davomida kimlardir muhtojlikdan chiqarildi va yana kimlardir yangidan ro‘yxatga olindi. Hozirda 1227 ta oila daftarda turibdi.

Ularga ish topib berish va ta’minotini yo‘lga qo‘yish uchun ham yangi va yangi korxonalar qurish lozim bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring