Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Voha bag‘ridagi cho‘lda joylashgan tuman

Voha bag‘ridagi cho‘lda joylashgan tuman

Surxondaryodagi Qiziriq tumanining boshqa hududlardan ajratib turadigan tomoni shundaki — cho‘lda joylashgan. Darbanddan o‘tib, viloyatga kirgach, to eng chekka nuqtasi — Uzunga yetgunga qadar yo‘lning ikki tomonida bog‘-rog‘ va ekin-tikin ko‘rasiz. Ammo Qiziriq tumaniga ketadigan yo‘lga burilganingiz hamono manzara o‘zgaradi — qum barxanlari, yantoq, sho‘ra va shuvoq.

Beixtiyor shunday qiyin sharoitda yashab, mehnat qilayotgan, cho‘l o‘rnida bog‘ yaratib,  yurtga xizmat qilayotgan odamlarga hurmatingiz oshib ketadi.

E’tiborli tomoni shundaki, Qiziriq tumani o‘zlashtirilgan cho‘l hududida joylashganiga qaramay, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda viloyatda yetakchilardan hisoblanadi. Tumanda aholini ijtimoiy himoya qilishga ham alohida e’tibor berilgan. «Temir daftar»ga dastlab 1862 ta oila ro‘yhatga olingan edi. Bugungi kunda 1681 ta oilaning 1838 nafar mehnatga layoqatli a’zolari ishga joylashtirildi va «Temir daftar»dan chiqarildi.

«Tinchlik» mahallasida yashovchi Mamirov Baxridinning oilasi shunday xonadonlar sirasiga kiradi. Oilani qiyin sharoitdan chiqarish uchun 3 nafar voyaga yetgan qizni ishga joylash lozim bo‘ldi. Hokimlik tashabbusi bilan muammo shunday hal qilindi: xonadonga tikuv mashinasi berildi va «Surxondaryo agroxizmat» MChJ bilan kelishilgan xolda fartuk tikish yo‘lga qo‘yildi. Mahsulot bor va eng muhimi — mijoz ham tayyor.

Shuningdek yana Baxridin akaga bir bosh qora mol va bir martalik moliyaviy yordam ajratildi. Shundan so‘ng oila boshlig‘ida tuman hokimligiga faqat bitta iltimos qolgandi — «Temir daftar»dan chiqarish. «Yetadi, — dedi Baxridin aka. — Menga boshqa yordam kerak emas. Ana, mendan ko‘ra muhtojroq bo‘lganlarga yordam beringlar». Ayni vaqtda bu iltimosni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Buning uchun tuman Xalq deputatlari kengashining roziligi kerak bo‘ladi.

Ushbu mahallada shuningdek yana Esanova Salima ham yolg‘iz qizi bilan istiqomat qiladi. Oiladagi muammolarni hal qilish uchun Salima opaning qizi tumandagi bolalar bog‘chalaridan biriga doimiy ishga joylashtirildi. Shuningdek tuman hokimligi tomonidan ushbu oilaga bir martalik moddiy yordam ajratildi va uy-joy qurib berildi. Ammo Esanova Salima opaning oilasini «Temir daftar»dan chiqarishga shoshilish yaramaydi.

Tuman hokimligi tomonidan ushbu oila alohida e’tibor qaratish belgilab olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring