Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiya O‘zbekistonga zamonaviy tibbiy uskunalar taqdim etmoqda

Yaponiya O‘zbekistonga zamonaviy tibbiy uskunalar taqdim etmoqda

9 yanvar kuni Toshkentda Yaponiya hukumatining «Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam» dasturi doirasida grant shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Yaponiyaning yurtimizdagi elchisi Takashi Hatori hamda Toshkent shahri va Buxoro viloyatining tibbiyot tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Grant bitimlariga muvofiq, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga 111720 dollarlik, Respublika perinatal markaziga 75840 dollarlik, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi, immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga esa 27876 dollarlik zamonaviy tibbiyot uskunalari taqdim etiladi.

«Yaponiya bundan keyin ham O‘zbekistonda yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga hissa qo‘shishda davom etadi», – deyiladi Yaponiya elchixonasi xabarnomasida.

2023 yil dekabr oyida Kunchiqar o‘lka O‘zbekiston tibbiy muassasalariga zamonaviy jihozlar taqdim etgan edi.

2022 yil avgust oyida ham Yaponiya umumiy qiymati 4,6 million dollarni tashkil etuvchi tibbiy-diagnostika uskunalari tuhfa qilgan.

2022 yil fevral oyida ham ikki davlat rasmiylari Qoraqalpog‘istondagi klinikada xizmat sifatini oshirishga qaratilgan hujjatni imzolagan. Loyiha doirasida muassasaga 7,35 million dollar miqdorida tibbiy uskuna va o‘quv materiallari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring