Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyada saylov: ekzitpolga ko‘ra kim g‘alaba qozongani ma’lum

Yaponiyada saylov: ekzitpolga ko‘ra kim g‘alaba qozongani ma’lum

Shu kunlarda Yaponiya bo‘ylab Sanae Takaichi tasvirini har qadamda uchratish mumkin.

 Foto: Xabar.uz

8 fevral kuni Yaponiyada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovida amaldagi bosh vazir Sanae Takaichi boshchiligidagi Liberal-demokratik partiya (LDP) g‘alaba qozonyapti, deb xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri Tokio shahridan.

Yaponiyada ham saylovning yakuniy statistikasi chiqqunga qadar ekzitpol natijalari e’lon qilinadi. So‘rovlar Takaichi partiyasi parlamentda barqaror konservativ ko‘pchilikni tashkil etishini ko‘rsatmoqda.

Kyodo News hisob-kitobiga ko‘ra, LDP yangi tarkibdagi qonunchilik idorasidagi 465 ta o‘rindan kamida 243 tasini band etadi.

Ma’lumot o‘rnida: parlamentning quyi bo‘g‘ini – Vakillar palatasi 23 yanvar kuni tarqatib yuborilgunga qadar LDP 196 ta mandatga ega edi.

NHK esa yanada umidbaxsh raqamlarni bashorat qilmoqda: Takaichi partiyasi 274-328 ta mandatni qo‘lga kiritadi.

Umumiy hisoblarga qaraganda, LDP ittifoqchisi Yaponiya innovatsiya partiyasi bilan qonunchilik idorasidagi 300 dan ziyod deputatlik kursisini band etadi. 

Yaponiyada saylov an’anaviy ravishda yilning qulay fasllarida o‘tkaziladi. Ammo bu galgi navbatdan tashqari saylov so‘nggi 36 yilda qish fasliga to‘g‘ri keladi. 8 fevral kuni havo harorati past ekani va mamlakatning turli hududlarida kuchli qor yog‘ayotganiga qaramay, elektorat ovoz berish huquqidan foydalanishga harakat qildi.

Mamlakat bosh vaziri Sanae Takaichi hukumatga kelganidan uch oy o‘tib, joriy yil 23 yanvar kunidan e’tiboran parlamentni tarqatib yuborgan va muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini e’lon qilgan edi.

Muddatidan oldin saylov orqali Sanae Takaichi parlamentdagi o‘z koalitsiyasi ko‘pchilik o‘rin egallashi, shu orqali siyosiy dasturini amalga tatbiq etish uchun umumxalq ma’qulloviga erishishni ko‘zlamoqda.

“Men ushbu saylovga bosh vazir sifatidagi o‘z siyosiy istiqbolimni tikmoqdaman. Jamoatchilik mamlakat boshqaruvini menga ishonadimi – bu borada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarorlarini bildirishlarini istayman”, – degan edi siyosatchi muddatdan oldin saylov e’lon qilar ekan.

Ma’lumot o‘rnida: Sanae Takaichi 2025 yil oktyabrda mamlakat  tarixida ilk ayol bosh vazir sifatida hukumat tepasiga kelgan edi.

1979-1990 yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Margaret Tetcherning muhibi bo‘lgan Sanae Takaichi Yaponiyaning “temir xonimi” bo‘lishga harakat qilmoqda. U kuchli mudofaa va milliy manfaatlarga asoslangan siyosatni yoqlaydi.

Endilikda siyosatchi iqtisodiy muammolar, xususan, inflyasiya ko‘rsatkichini tushirish kabi jiddiy vazifalarni hal etishi kerak. 

64 yoshli Sanae Takaichi so‘nggi vaqtlarda moda timsoliga aylandi. Mahalliy tahlilchilar bu tendensiyani “sanaemaniya” deb atamoqda. Do‘konlarda uning tasviri tushirilgan mahsulotlarni ko‘plab uchratish mumkin. Uning saylovoldi videosini 10 kun ichida 100 milliondan ziyod tomoshabin ko‘rgan.

Yaponiya matbuoti yozishicha, Takaichining g‘alabasi qo‘shni Xitoyda xavotir uyg‘otishi mumkin. Chunki u bir muddat avval agar Pekin Tayvanni kuch bilan qo‘lga kiritishga urinsa, Tokio harbiy yo‘l bilan aralashishi mumkinligini aytgan edi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp saylov arafasida yaponlarni bosh vazir Sanae Takaichi hamda uning Liberal-demokratik partiyasi a’zolariga ovoz berishga chaqirgan hamda uni  19 mart kuni Oq uyga kelishga taklif etgan edi.

Tramp bilan yaxshi til topishgan Takaichi davrida Yaponiya–AQSh munosabatlari yanada mustahkamlanishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring