Yashalmagan lahzalar arxivi...
Tog‘ cho‘qqisi. Shamolning mayin shitirlashi, asriy archalarning ifori va ufqqa bosh qo‘yayotgan quyoshning sokinlik baxsh etuvchi shafaqi. Bu yerga inson shahar shovqinidan qochish, ruhan tinchlanish va tabiat ulug‘vorligi qarshisida sukut saqlash uchun keladi. Odatda shunday bo‘lishi kerak edi...
Ammo bu sukunatni his qilayotganlar unchalik ko‘p emas. Aksariyat odamlar telefon ekraniga tikilgan: kimdir video olmoqda, yana kimdir esa eng yaxshi rakursni qidirmoqda, butun diqqat-e’tibori ideal yorug‘lik, selfiga tushishga qaratilgan. Shu onda bir savol tug‘iladi, xotira yaratish bilan shu qadar band bo‘lib ketmadikmi, lahzaning o‘zini yashashni unutib qo‘ymadikmi?
Ko‘pchilik har bir qadamimni “hozir rasmga olib qo‘ysam, keyin eslab yuraman”, deb o‘ylaydi. Aslida esa buning teskarisi sodir bo‘ladi.
“Kamera surati effekti” nima deydi?
Ferfild universiteti (AQSh) professori Linda Xenkel bu borada maxsus tadqiqot o‘tkazgan. U talabalarni muzeyga olib borib, eksponatlarning bir qismini shunchaki tomosha qilishni, qolgan qismini esa rasmga olishni buyurgan. Kichik bir tajriba katta haqiqatni ochdi: talabalar rasmga olgan buyumlarini, shunchaki ko‘z bilan tomosha qilgan buyumlariga qaraganda ancha yomonroq va kamroq detallar bilan eslab qolishgan.
Professor buni “Kamera surati effekti” (Photo-taking impairment effect) deb atadi. Miyamiz agar u yonimizdagi qurilma voqeani yozib olayotganini sezsa, “mening eslab qolishimga hojat yo‘q, arxiv mavjud” deb hisoblaydi va diqqatni o‘chiradi. Ya’ni, tabiat qo‘ynida telefonni ko‘targan lahzamizdayoq miya o‘sha go‘zallikni xotiramizga muhrlashdan to‘xtaydi. Oddiy qilib aytganda, inson miyasi ba’zan “bu ma’lumotni saqlab o‘tirishim shart emas, axir telefonda saqlanib qoldi-ku” degandek ishlaydi.
“Ko‘rinmas gorilla” tajribasi
Illinoys universiteti psixologi Daniel Saymons hamda Kristofer Shabris hamkorligidagi “Ko‘rinmas gorilla” tajribasi bilan inson diqqati qanchalik cheklanganligini isbotlagan.
Olimlar ishtirokchilarga oq va qora futbolkadagi odamlar basketbol to‘pini bir-biriga qancha ko‘p uzatayotganini sanashni aytishgan. Video o‘rtasida ekrandan kostyum kiygan odam (gorilla) o‘tib ketadi, ammo ishtirokchilarning deyarli yarmi uni umuman payqamagan. Bu inson miyasining “diqqat ko‘rligi” fenomenini isbotlaydi, aql ma’lum bir vazifaga (to‘pni sanashga) qattiq chalg‘iganda, boshqa kutilmagan hodisalarni ko‘rmay qoladi. Tadqiqot ekranga tikilganimizda, miyamiz “kognitiv tunnel” ga tushib qolishini, biz faqat kadr ichidagi dunyoni ko‘rishimizni, uning tashqarisidagi reallik (qushlar sayrashi, shamol shiviri, tog‘ havosi) kamida 80% ga bloklanishini o‘rgandi. Xullas, siz tog‘da bo‘la turib, aslida tog‘, tabiatni his qilmaysiz.
Buni har kim o‘z hayotidan ham sezgan bo‘lsa kerak. Ba’zan sayohatdan qaytgach, telefonda o‘nlab suratlar bo‘ladi, ammo o‘sha paytdagi shamol, qushlarning ovozi yoki qalbingizda uyg‘ongan tuyg‘ularni eslash qiyinlashadi.
Bu yerda yana bir tuzoq bor: biz tabiat qo‘ynida chiroyli suratga tushayotganimizda, ichki dunyomizda mutlaqo boshqa jarayon ketadi. Biz o‘zimizni erkin qo‘yib, go‘zallikdan zavqlanish o‘rniga, “kadr ichida qanday ko‘rinyapman?”, degan tashvish bilan band bo‘lamiz. Qomatni, sochni to‘g‘irlash, yuzga soxta tabassum yugurtirish asosiy ishimiz bo‘lib qoladi.
Hissiyotlar emas, sun’iy qiyofa....
Garvard universiteti tadqiqotchilari bu holatni o‘rganib, qiziq bir xulosaga kelishdi: Inson voqeani tasvirga olish yoki selfiga tushishga fokuslangan paytda, uning ichki tuyg‘ulari “sintetik” (sun’iy) ko‘rinishga o‘tadi.
Bu degani, keyinchalik, yillar o‘tib o‘sha arxivlangan suratga qaraganingizda, xotirangizda tabiatning ulug‘vorligi yoki o‘sha lahzadagi haqiqiy ichki xotirjamlik uyg‘onmaydi. Siz faqat o‘sha kadrni olish uchun qanchalik harakat qilganingiz, shamol sochingizni to‘zg‘itganidan jig‘ibiyron bo‘lganingiz yoki suratni ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygandan keyin qancha layk to‘plaganingizni eslaysiz, xolos. Demak telefon bizga eng keragi bo‘lgan tuyg‘ularni saqlab bermaydi.
Bir qarashda bu oddiy odatdek tuyuladi. Axir suratga tushish yoki video olishning nimasi yomon? Muammo suratda emas, muammo shundaki, ba’zan biz har qadamimizni kameraga muhrlayotganimizda voqelikni bevosita emas, ekran orqali qabul qila boshlaymiz.
Texnologiya inson xotirasini boyitish uchun yaratilgan edi, ammo asta-sekin xotiraning o‘rnini egallay boshladi. Telefonlarimizda ko‘plab fotosuratlar bor, biroq ularning qanchasini bir yildan keyin qayta ochib ko‘ramiz? Qanchasi biz uchun haqiqiy xotira, axir suratga tushirish xotirani saqlashga yordam berishi kerak emasmi?
Fojiagacha bir qadam...
Ammo lahzani yo‘qotish — muammoning faqat falsafiy tomoni. Bu odat jamiyatda tibbiy xavfga, hatto fojialarga aylanib ulgurdi. Insonda chiroyli kadr va virtual maqtov (layklar) olish ishtiyoqi xavfni his qilish instinktini so‘ndirib qo‘ymoqda.
Bu borada o‘tkazilgan global tadqiqotlar dahshatli statistikani ko‘rsatadi. Masalan, Nyu-Deli tibbiyot fanlari instituti olimlarining tahlillariga ko‘ra, dunyoda selfiga tushaman deb halok bo‘lganlar soni akula hujumidan o‘lganlar sonidan bir necha baravar ko‘pdir. Odamlar chiroyli surat uchun jarlik yoqasiga keladi, baland sharsharalar tepasida muvozanatni yo‘qotadi yoki harakatlanuvchi transport yaqinida ekranga tikilib qoladi.
Bu tibbiyotda “Selfi-dismorfiya va raqamli ko‘rlik”ning eng xavfli bosqichi hisoblanadi: inson o‘zini ekranda ko‘rib turgani uchun, oyog‘i ostidagi real xavfni, sirpanchiq toshni yoki tubsizlikni ilg‘amay qolishi mumkin ekan.
Bu maqola orqali biz suratga olishni qoralamoqchi yoki xavfli demoqchi emasmiz. Ammo go‘zal onlarni faqat “saqlab qo‘yish” uchungina suratga olib, zavqlanish bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Eng go‘zal, eng samimiy xotiralar telefonda emas, insonning qalbi va shuurida muhrlanadi. Biz telefon obyektivini sozlash, yorug‘likni to‘g‘rilash va chiroyli rakurs izlash bilan ovora bo‘lib, atrofimizdagi tirik dunyoni, yaqinlarimizning asl tabassumini va tabiatning betakror jozibasini o‘tkazib yubormoqdamiz. Gohida dunyoni ekran orqali kuzatishni to‘xtatib, kamerani o‘chirib, shunchaki borliqdan chin dildan zavqlanish zavqi boshqacha bo‘lsa kerak-a?
Va o‘zingizga savol bering: shu paytgacha qancha lahzalarni suratga oldingiz va qancha lahzalarni chinakamiga yashashga ulgurdingiz?
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter