Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Yozmay deymanu, til bilan qo‘l qichiyveradi-da...

Yozmay deymanu, til bilan qo‘l qichiyveradi-da...

Foto: Xabar.uz

28,5 mlrd + 6 mlrd hech tinchlik bermayapti. Agar men hokim bo‘lganimda:

  1. 34,5 mlrd so‘mga bitta zamonaviy shifoxona qurardim va uni Zulfiya ona nomi bilan atardim. Juda haykalga boshqorong‘i bo‘lsam, shifoxona eshigi yoniga nari borsa onaxonning bitta byustini o‘rnatardim. Shifo topib chiqib ketayotganlardan duo bilan eslab qo‘yishlarini so‘rardim;
  2. 34,5 mlrd so‘mga Toshkent viloyatilik 5 mingta talabaning 1 yillik kontraktini to‘lab berardim. Yoki Toshkentga yaqin hududdan ulkan yotoqxona qurdirardim va talabalarni bepul turar-joy bilan ta’minlardim;
  3. 28,5+6 mlrdga 5 ta maktabni yangitdan qurardim yoki 10 tasini kapital ta’mirlardim. Asosiy e’tiborni qishloq maktablariga qaratardim;
  4. 34,5 mlrd so‘mga yarasha birorta korxona ochardim, yuzlab oilalarni ish bilan ta’minlardim;
  5. Shu pulga bitta kichikroq bo‘lsa-da quyosh elektr stansiyasi qurardim, hech bo‘lmasa bir nechta qishloqni uzluksiz chiroq bilan ta’minlardim;
  6. Mingta to‘y o‘tkazardim, shu oilalarda qiz farzand ko‘rganlardan ismlarini Zulfiya qo‘yishlarini so‘rardim. Oradan 20 yil o‘tib kelin izlagan odamlar nega Zulfiyalar ko‘pligiga qiziqishardi, sababini bilib, har qanday haykalni ko‘rgandan ko‘proq ta’sirlanishardi;
  7. Yurak porogiga chalingan ming nafar bolani operatsiya qildirardim. Ota-onalardan faqat shu bolalar ulg‘ayganida savobli ishlaridan birini Zulfiya onalariga bag‘ishlashlarini so‘rardim...

Masjit ochardim demadim, ruxsat berilsa buning uchun homiylar yetarli. Yo‘lni tuzatardim demadim, Toshkent viloyatining yo‘llariga chidasa bo‘ladi. Va nihoyat minglab oilalarga ro‘zg‘orlik yetkazardim deyishni ham ep ko‘rmadim, savobtalablar och qo‘yishmayapti harqalay.

Ana shunaqa! Lekin men hokim emasman, 34,5 mlrd so‘m pulim ham yo‘q. Balki hokim bo‘lsam, men ham yuqoridagi aytganlarimni qilmasdim, aynib qolardim. Balki ro‘yxatdagidek loyihalarni rejalashtirganim uchun hokim emasman... Bilmadim.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring