General Sulaymoniy haqidagi maxfiy ma’lumotlarni AQShga kim yetkazgani oshkor bo‘ldi
Eron rasmiy idoralari general Qosim Sulaymoniy haqidagi maxfiy ma’lumotlarni AQSh josuslik xizmatiga kim yetkazganini ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Eron fuqarosi Mahmud Musaviy Majid AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi hamda Isroil tashqi josuslik xizmati bilan hamkorlik qilib kelgan. Generalning qayerda ekani haqidagi ma’lumot ham Qo‘shma Shtatlar josuslik idorasiga ana shu shaxs tomonidan sizdirilgan.
Mehr axborot agentligining Eron Oliy sudi rasmiy vakili G‘ulom Husayn Ismoiliyga tayanib xabar berishicha, Mahmud Musaviy Majid pul evaziga g‘anim davlatlar josuslik idoralari bilan hamkorlik qilgan.
Ismoiliyga ko‘ra, xiyonatda ayblangan fuqaro o‘lim jazosiga hukm etilgan va jazo yaqin fursatda ijro etiladi.
Eron islom respublikasidagi nufuzli generallardan biri, jangovar “al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy joriy yil 3 yanvar kuni Bag‘dodda AQSh harbiy havo kuchlari aviahujumi payti o‘ldirildi. Sulaymoniy bilan birga eronlik bir necha qudratli harbiylar, jumladan, Abu Mahdi al-Muhandis ham mahv etildi.
2012 yildan beri xorijiy mamlkatlarda, xususan, Suriya hamda Iroqda harbiy operatsiyalarga boshchilik qilib kelgan Sulaymoniyning o‘limi Eronda milliy motam o‘laroq qabul qilindi. Marhum qo‘mondonning dafn marosimida millionlab eronliklar, jumladan, mamlakat oliy rahbari oyatulloh Ali Xomenei qatnashdi.
Avval xabar berganimizdek, Vashington va Tehron o‘rtasidagi murakkab diplomatik munosabatlar generalning o‘limi ortidan yanada taranglashdi, ikki mamlakat hatto urush holatiga kelib qoldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter