Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

YI 2027-yildan Rossiya gazi importini taqiqlaydi – Reuters

YI 2027-yildan Rossiya gazi importini taqiqlaydi – Reuters

Yevropa Ittifoqi Kengashi 2027-yildan Rossiyadan gaz importini to‘liq taqiqlashni nazarda tutuvchi qonunni tasdiqladi. Qaror dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan vazirlar yig‘ilishida qabul qilindi. Slovakiya va Vengriya ushbu qarorga qarshi ovoz berdi. Vengriya masalani Yevropa sudiga olib chiqishini ham ma’lum qildi.

2025-yil 17-dekabr kuni Yevroparlament Ittifoq davlatlarining 2027-yil 1-noyabrdan boshlab Rossiya gazini sotib olishdan butunlay voz kechish haqidagi taklifini ma’qullagan edi.

Reuters nashrining qayd etishicha, mazkur taqiq shunday tarzda ishlab chiqilganki, uni ko‘pchilik davlatlar qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan. Bu esa Rossiya energoresurslariga hali ham qaram bo‘lib qolayotgan va Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlab qolishni istayotgan Vengriya hamda Slovakiya qarshiligini yengib o‘tish imkonini bergan.

Kelishuvga muvofiq, Yevropa Ittifoqi Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importini 2026-yil oxirigacha, quvur orqali yetkazib beriladigan gaz importini esa 2027-yil 30-sentyabrgacha to‘xtatadi.

Shu bilan birga, qonun ayrim mamlakatlarga gaz omborlarini qishki isitish mavsumi oldidan Rossiyaga oid bo‘lmagan manbalardan to‘ldirishda qiyinchiliklarga duch kelgan taqdirda, ushbu muddatni 2027-yil 1-noyabrgacha kechiktirish imkonini beradi.

Ukrainada urush boshlanishidan oldin Rossiya Yevropa Ittifoqiga yetkazib berayotgan gaz ulushi 40 foizdan oshiq bo‘lgan. Yevropa Ittifoqining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich taxminan 13 foizgacha kamaygan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring