Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kentavr» mutatsiyasi tarqalmoqda. U qanchalik xavfli?

«Kentavr» mutatsiyasi tarqalmoqda. U qanchalik xavfli?

Shu kunlarda dunyo virusologlari koronavirusning BA.2.75 deb atalgan yangi mutatsiyasi jahon bo‘ylab keng tarqalishidan jiddiy xavotirda, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

«Kentavr» nomi bilan ham yuritilayotgan ushbu kichik shtamm ilk bor iyun oyi boshida Hindistonda aniqlangandi. O‘shandan beri bu yerda kasallanishlar soni keskin oshdi.

Masalan, hind diyorida joriy yilning 1 iyun sanasida 3700 kishida COVID-19 qayd etilgan bo‘lsa, ayni paytga kelib kuniga o‘rtacha 17 ming bemorga koronavirus tashxisi qo‘yilyapti. 

Tashvishlanarli jihati, BA.2.75 jug‘rofiyasi kun sayin kengayib bormoqda. Hozirga qadar u Hindistondan tashqari, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, AQSh, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham ro‘yxatga olindi.

Tadqiqotchilar ushbu virus turini «ikkinchi avlod»ga mansub subvariant sifatida baholashyapti. Chunki u «omikron»ning BA.2 versiyasi mutatsiyaga uchrashi oqibatida hosil bo‘lgan.

Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi variantni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ammo uning jiddiyligini baholash uchun hali yetarli namunalar yo‘qligi aytilyapti.

Yevropa olimlari esa BA.2.75 «omikron»ning avvalgi versiyalariga nisbatan yuqumliroq va yanada og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, degan fikrda.

Chunki bu infeksiya turi BA.2 bilan solishtirilganda, sakkizta qo‘shimcha oqsil mutatsiyasiga ega. Shundan kelib chiqib, BA.2ga qarshi hosil bo‘lgan immunitet BA.2.75 ga nisbatan samara bermasligi ehtimoli yuqori.

Sodda qilib aytganda, «omikron»ning BA.2 varianti bilan xastalanib, sog‘aygan odam BA.2.75 tashuvchisi bilan aloqa qilsa, qayta kasallanish xavfi mavjud.

Shunga qaramay, bugungi kunda koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan vaksinalar xastalikni yengishda eng samarali chora sifatida e’tirof etilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring