Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Vaksina adolatli taqsimlanishi kerak». Germaniya jiddiy choraga qo‘l urdi

«Vaksina adolatli taqsimlanishi kerak». Germaniya jiddiy choraga qo‘l urdi

Foto: Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi

Yil yakuniga qadar Germaniya tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga xayriya qilinayotgan koronavirusga qarshi vaksina soni 100 million dozadan oshadi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilgan.

Mamlakat hadya qilayotgan vaksina asosan COVAX xalqaro dasturi orqali tarqatilmoqda. Joriy yil dekabr oyi holatiga ko‘ra rasmiy Berlin taqdim etgan qariyb 50 million doza vaksina 26 mamlakatga yetkazildi. Tarqatilishi ko‘zda tutilgan qolgan emdorilar ham yil yakuniga qadar kerakli manzillarga boradi.

Germaniya tomonidan vaksina yetkazilgan davlatlar safida Mavritaniya, Efiopiya, Tojikiston, Sudan, O‘zbekiston, Vetnam, Misr, Eron, Yamayka, Nigeriya, Filippin, Keniya, Bangladesh, Somali, Pokiston kabi mamlakatlar bor. Olmon hukumati, shuningdek ikki tomonlama munosabatlar orqali Namibiya, Misr, Ukraina, Vetnam, Gana hamda Tailandga 8 mln dozaga yaqin vaksina taqdim etgan. COVAX dasturi doirasida asosan AstraZeneca, Johnson & Johnson, Moderna, BioNTech kabi vaksinalar tarqatilmoqda.

Germaniya hukumati koronavirusga qarshi emdorilar dunyo bo‘ylab adolatli taqsimlanishi kerakligini ta’kidlab kelmoqda. Bu borada rasmiy Berlin dunyo davlatlarini «vaksina millatchiligi»dan voz kechib, bag‘rikenglik va saxovat yo‘lini tutishga da’vat etmoqda. Sayyoramiz bo‘ylab tibbiy ko‘mak dasturlarini amalga oshirayotgan  Access to Covid-19 Tools Accelerator (ACT-A) platformasi ta’sischilaridan biri ham mazkur davlat sanaladi.

Shu tariqa Germaniya vaksina xayriyasi bo‘yicha dunyodagi ikkinchi mamlakatga aylandi. Olmon davlati SOVID-19 ofatiga qarshi kurash – vaksina, dori-darmon va muolaja vositalari uchun ajratgan ko‘mak miqdori 2,2 milliard yevroni tashkil etmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Yevropa yetakchisi pandemiyaga qarshi kurash uchun yuzdan ziyod mamlakatga ko‘mak ko‘rsatdi.

Dunyodagi tartibotlarni ostin-ustun qilgan kovid vabosiga qarshi kurashda vaksina tarqatish va moliyaviy ko‘makning o‘zi yetarli emas. Shu bois Germaniya boshqa bir jiddiy choraga qo‘l urdi: ayni paytda Afrikada vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu esa mintaqa sog‘liqni saqlash tizimini istiqbolli rivojiga yo‘l ochadi. 

Germaniya nafaqat vaksina, balki sun’iy nafas olish uskunalari, tibbiy asboblar hamda niqoblar ham yetkazib bermoqda. Bundan tashqari, pandemiya sharoitida og‘ir ahvolda qolgan xalqlar uchun 450 million yevro miqdorida gumanitar ko‘mak ajratilgan.

Rasmiy Berlin pandemiya keltirgan salbiy oqibatlardan saboq chiqargan holda, global sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga undamoqda.

Avval xabar berganimizdek, Germaniya hukumati O‘zbekistonga ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida qo‘shimcha 2 million yevro ajratgan.

Shuningdek, 2020 yil iyul oyida Germaniya O‘zbekistonga kislorod ballonlari, tibbiy niqoblar, aravachalar va kombinezonlardan iborat insonvarvarlik yordami jo‘natgan.

Joriy yil senyabr oyida esa olmon o‘lkasidan yurtimizga 356 ming doza vaksina keltirildi. Vaksinalarni sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirish marosimida Germaniya elchisi, doktor Tilo Klinner pandemiya sharoitida ko‘rsatilayotgan ko‘mak, shuningdek, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash muassasalari va Robert Kox nomidagi institut bilan hamkorlikni alohida e’tirof etgan. Qayd etilishicha, Germaniya COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga 660 ming vaksina hadya qilgan.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring