Ukraina kutilmaganda Rossiya hududiga bostirib kirdi: Putin shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi
6 avgust kuni erta tongda Ukraina qurolli kuchlari 300 nafarga yaqin otryad bilan Rossiyaning Kursk viloyatiga hujum qildi. Ikki kundan beri Kurskda janglar davom etmoqda.
Favqulodda holat
7 avgust kuni Kursk viloyatida favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda viloyat rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov ma’lum qildi.
Smirnovning qayd etishicha, Ukraina bilan chegaradosh hududlarda «qiyin operativ vaziyat saqlanib qolmoqda».
Kursk atom elektr stansiyasining xavfsizligi Rossiya gvardiyasining qo‘shimcha kuchlari tomonidan ta’minlanadi. Operativ shtabga qo‘shimcha bo‘linmalar keltirilgan.
Moliya vazirligiga Kursk viloyatiga 1,8 milliard rubl miqdoridagi birinchi transhni ajratish topshirildi.
Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, rus qo‘shinlari Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga chuqur kirib borishini to‘xtatgan. Ukraina tomoni esa vaziyatni hali izohlamadi.
Sudja shahrining holati
Ukraina chegarasidan to‘qqiz kilometr uzoqlikda joylashgan Sudja shahrida vaziyat juda keskinligicha qolmoqda. Bu haqda shahar hokimi Vitaliy Slashchev ma’lum qildi.
Guvohlarning aytishicha, Sudjada elektr, suv va aloqa tarmoqlari uzilgan. Shahardagi ko‘plab uylar vayronaga aylangan, binolar tomlari va derazalari singan. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, otishmalar deyarli bir kundan ortiq to‘xtamagan.
Sudjada xuddi shu nomdagi gaz o‘lchash stansiyasi mavjud bo‘lib, u Rossiya gazini Yevropa Ittifoqiga yetkazib berish uchun eng katta tranzit yo‘lagi hisoblanadi. Agar Ukraina Qurolli Kuchlari ushbu markazga zarar yetkazsa, Yevropa gazsiz qoladi.
Putin shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin xavfsizlik kuchlari bilan Kursk viloyatidagi vaziyat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari Gerasimovning hisobotini videoaloqa orqali tingladi. Gerasimov Rossiya kuchlari Ukraina armiyasini Rossiya hududi chegaralaridan tashqariga surib qo‘yishiga va’da bergan.
Putinning aytishicha, Ukraina hukumati Kursk viloyatiga hujum bilan navbatdagi provokatsiya uyushtirgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Putin bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Denis Manturovga Kursk viloyati aholisiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishni topshirgan.
Moskva viloyati Kurskdan 430 nafar bolani evakuatsiya qilish uchun 15 ta avtobus jo‘natgan.
Jabrlanganlar
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Ukraina harbiylarining Kursk viloyatiga hujumidan jabrlanganlar sonini ma’lum qildi. Unda 31 kishi jabrlangani, ulardan olti nafari bolalar ekani qayd etilgan.
Xususan, rossiyalik harbiy muxbir Yevgeniy Poddubniyning avtomobili dron hujumiga uchragan. Daslab uning Kursk viloyatida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi, keyinroq u tirik ekani, biroq og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgani ma’lum qilindi.
AQSh oldindan xabardor qilinmagan
Oq uy vakilining ta’kidlashicha, Ukraina Kursk viloyatiga bostirib kirishi va bundan ko‘zlangan maqsad haqida AQShni oldindan ogohlantirmagan.
Qo‘shma Shtatlar Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiyaning Kursk viloyatida reyd o‘tkazish rejalari haqida oldindan bilmagan va bu harakatlar maqsadini tushunish uchun Ukraina qo‘mondonligi bilan bog‘lanishni rejalashtirmoqda, dedi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per.
«Biz ukrainaliklarga ularning maqsadlari haqida aniqroq ma’lumot olish uchun murojaat qilamiz», dedi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter