Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moldova 2024 yil oxirigacha MDHdan chiqmoqchi

Moldova 2024 yil oxirigacha MDHdan chiqmoqchi

Moldova 2024-yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tarkibidan chiqish jarayonini yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat parlamentidagi tashqi siyosat va Yevropa integratsiyasi komissiyasi raisi Doyna German ma’lum qildi, deb yozadi «Deutsche Welle».

Shu muddatga qadar mamlakat rasmiylari MDH doirasida tuzilgan qolgan barcha kelishuvlarni ham denonsatsiya qilish (bajarishdan bosh tortish) niyatida. Yil davomida Kishinyov allaqachon o‘nlab kelishuvlardan voz kechgan. Hozirda Moldova MDHning 330 ga yaqin bitimlari ishtirokchisi hisoblanadi.

«Biz 2024-yil oxirigacha hammasini yakunlashni maqsad qilganmiz, — dedi German Moldovaning Exclusiv-TV telekanaliga bergan intervyusida. — Bu biroz kechikishlar bo‘lmaydi, degani emas, lekin ko‘p jihatdan alohida vazirliklarning deyarli barcha individual baholari biz yakuniy bosqichda ekanimizni ko‘rsatmoqda».

Ayni paytda Moldova Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonida. Mamlakat 2022-yilning fevral oyi oxirida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng, Ukraina bilan birga Yevroittifoqqa qo‘shilish uchun ariza berdi.

2022-yil iyun oyida YeI mamlakatga xuddi Ukraina kabi nomzod maqomini berdi va 2023-yil oxirida ikkala davlat bilan ittifoqqa qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi.

Ma’lumot uchun: MDH 1991-yil 8-dekabrda tuzilgan. Bugungi kunda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston tashkilot a’zolari hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring