Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Inson o‘zligi qissasi: Baxtiyor Abdug‘afurning “Azal muhri” romani haqida

Inson o‘zligi qissasi: Baxtiyor Abdug‘afurning “Azal muhri” romani haqida

Bugun sizlar bilan noodatiy kitoblardan birini varaqlaymiz. Bu yaqinda “Akademnashr” chop etgan, yozuvchi olim Baxtiyor Abdug‘afurning “Azal muhri” ilk o‘zbek intellektual trilleridir.

Kitob bugungi gadjetlar, ijtimoiy tarmoqlar, internet zamonida tobora o‘zligini yo‘qotib borayotgan insonning o‘zi kashf etgan Sun’iy Ong bilan munosabati haqida so‘zlaydi.

Syujet chizig‘i o‘zbek biolog olimi, professor Anvar Abdulhamid hamda ming yil oldin Bag‘dodda yashab, yuqumli kasalliklarga davo topgan tabib vatandoshimiz Abu Bakr Buxoriy boshidan kechirgan voqealar haqida parallel holda hikoya qiladi. Asarda bizga noodatiy yana bir asosiy qahramon - Sun’iy Ong ham bor.

Asar voqealari shunday shiddat bilan yuz beradiki, o‘quvchi asar ichida yashaydi va barcha qahramonlarni his qiladi.

Muallif Baxtiyor Abdug‘afur avvalo biolog olim, so‘ngra adib sifatida Sun’iy Ongning, umuman, internetning zamonaviy, moddiy jihatdan to‘liq ta’minlangan, ammo, afsuski, ruhiyati, e’tiqodi borgan sari oqsayotgan Odam bolalariga o‘ta jiddiy ta’sirini badiiy va falsafiy jihatdan teran tahlil qilgan.

Insoniyat turli qutqular, o‘zi o‘ylab topgan bo‘lmag‘ur g‘oyalar, fikrlar ta’sirida faqat oziq-ovqat, pul, ma’lumot iste’mol qiluvchi, o‘z rohatini o‘ylaydigan biologik mavjudotga aylanib, Yaratgan in’om etgan qalb, ruh, iymon-e’tiqod ne’matidan uzoqlashib ketgani jonli misollar bilan keltirib beriladi. Bu holat o‘ta yomon oqibatlarga olib kelishiga ishoralar beradi.

Zotan, o‘tgan XX asrdagi urushlar, ommaviy qirg‘in qurollari, turli yolg‘on mafkuralar, yaqindagina tugagan “koronavirus” pandemiyasi ham Odam bolalari “ko‘zini ochmaganidan” adibning afsuslari sahifalarda seziladi.

Ayni vaqtda kitobxon bugungi zamonaviy mikrobiologiya, virusologiya, nanotexnologiya, “ay-ti”, ilmiy kashfiyotlar qanchalik darajada rivojlangani, hayotga tatbiq etilayotgani haqida mufassal ma’lumot va tushunchaga ega bo‘ladi.

Shu o‘rinda adib biz doim faxrlanadigan ajdodlarimizning chin izdoshi, axloqli inson, yetuk olim Anvar Abdulhamid orqali o‘z orzusidagi o‘zbek ziyolisi obrazini adabiyotimizga taqdim etgan.

Kitobning tili alohida e’tirofga loyiq. Unda ko‘p atamalarning sof o‘zbekcha shakli keltirilgan. Agar ular so‘zlashuvda qo‘llanilsa, jonajon tilimizdagi rus va ingliz tillarining ta’siri bir oz bo‘lsa-da ortga chekingan bo‘lar edi. Masalan: Sun’iy Ong - Sun’iy intellekt, tojo‘lat – koronavirus, to‘r – internet, to‘rbet – sayt, tikuchar – vertolyot, chiroqyoqqich – vklyuchatel, tezpishar taomlar – fastfud, videomuloqot – videovizov, ulama dahliz – trap, uchoq – samolyot, emdori - vaksina, oraochdi – razborka, yelimidish – baklajka, omol - ideal.

Xulosa o‘rnida nima deyish mumkin?

Zamonaviy texnologiyalar kerak. Ularsiz hayotni tasavvur qila olmaymiz. Lekin ulardan foydalanayotgan Odam bolasi chin e’tiqodli, ruhiyati to‘yingan bo‘lishi lozim.

“Buning uchun inson unga bergan ruhini ham butun hayoti davomida oziqlantirishi, to‘liq erkin bo‘lish bahonasida axloqsizliklarga qo‘l urmasligi, nima uchun bu dunyoga kelganini unutmasligi, unga taqdim etilgan umrni Odam bolasi degan ulug‘ nomga munosib yashab o‘tishga harakat qilishi lozim. Zero, uning hayoti shu dunyoning o‘zidan iborat emas. Agar buning teskarisi bo‘lsa, odamzot, shubhasiz, halokat yuz tutishi muqarrar”, - demoqchi yozuvchi.

Shu o‘rindan asardan ayrim i q t i b o s l a r keltirishni lozim topdim:

- Tibbiyotda kasalliklar yosharyapti deyishadi, fanda esa professorlar;

- Yovuzlikka qarshi kurashish uchun ham bizda bilim bo‘lishi kerak;

- Insoniyat tarixi o‘z fitratiga isyon tarixidir;

- Taraqqiyot – insonning cheksiz erkinligi. Ayni vaqtda mutaraqqiy jamiyatda inson ojizligicha qolaveradi. Ana shunda odam bolasi Uning irodasi oldida zarracha qiymati va salmog‘i yo‘qligini anglaydi;

- Biz qachon bu to‘qson yetti foiz ma’lumotni bila olamiz, qachonki bu irsiy ma’lumot – yuzaga chiqishga majbur bo‘ladigan sharoit kelsa! Bu qanday sharoit? Bu ... insoniyatga hali ma’lum bo‘lmagan kasalliklar chiqsa, aytaylik, havo tarkibi... o‘zgarsa, kutilmagan radioaktiv nurlar paydo bo‘lsa;

- Odamlar bir-birining rioyasini qilmog‘i, haddini bilmog‘i kerak;

- Mantiqiy xulosa: Insonning fe’l-sajiyasida qirg‘in va vahshiylikka moyil. Bu moyillik asta-sekin zaruratga aylanib bormoqda;

- Biznes ham siyosat aslida. Siyosatning tili va lug‘ati – yolg‘on, buni hech qachon yodingdan chiqarma;

- Insoniyat asrlar davomida yashagan umridan bir xulosaga keldim: Qudrat Yaxshining qo‘lida xayrdir, Yomonning izmida halokatdir.

Kitob boshqa tillarga tarjima qilishga arziydi va bestsellerga aylanishi ham mumkin. Roman motivlari asosida “Terminator” yoki “Intersteller” darajasidagi badiiy film ishlanar, ehtimol.

Avaz Alijonov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring