Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘tkan kunlar» sayoz asarmi? Roman xususida ayrim mulohazalar

«O‘tkan kunlar» sayoz asarmi? Roman xususida ayrim mulohazalar

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar»i xususidagi fikrlar e’tiborimni tortdi. Emishki, asar sayoz emish, sevgi-muhabbat qissasi, o‘zbek adabiyotida o‘rni yo‘qmish...

Saviya o‘zgaryaptimi, yoki estetik did, bilmayman, lekin qat’iy ishonganimiz – nasrning talablari har zamon va makon uchun o‘zgarmas.

Asarni bilimimiz yetguncha nasr talablari bo‘yicha tahlil qilamiz. Asar haqidagi xulosani o‘quvchilarning o‘zlari berishadi, deb o‘ylaymiz. Ushbu maqolada obrazlardagi ramziylikka e’tibor qaratamiz.

An’anaviy romanchilik qolipi shunday: ekspozitsiya-tugun-voqea rivoji-yechim.

Sirtdan qaralsa va nasrni tushunmaydiganlar «O‘tkan kunlar»ni sevgi qissasi deb o‘ylaydi. Aslida ham shundaymi? Muallif roman so‘zboshiga asar mavzusini «tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi «xon zamonlari»dan belguladim” deydi.

Nega? Turkistonning hayot-mamot masalasi keyingi «xon zamonlari»da hal bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz.

Asar g‘oyasiga asar ekspozitsiyasida qisman teginib o‘tiladi: «Qishki kunlarning biri, atrofdan shom azoni eshitiladir...» Bu jumlalar tasvirga bekorga kiritilmaydi.

O‘sha davrda Turkiston, Qo‘qon xonligi hududlariga ruslarning bosqinlari boshlangan, birin-ketin shaharlar ishg‘ol etila boshlangan (Oqmasjid, Avliyota, Turkiston, Merki, Pishpak) va bu oxir-oqibat, 1865 yilda Toshkentning olinishi bilan yakunlangandi.

Tariximizning eng sharmandali sahifalaridan biri esa 1875 yilda bir vaqtlar ulkan imperiya hisoblangan Qo‘qon xonligining Turkiston general-gubernatorligi (viloyati) ga aylantirilishi edi. Asar boshlangan davr amalda Turkiston o‘zining qish fasliga yetib kelgani, qorong‘ulikka kirib borayotgani (shom namoziga azon aytilishi) mahorat bilan bir jumlada aytib ketiladi.

Asar qahramoni Otabek zamonadan xabardor, xonlik idora usulida islohotlar bo‘lishi tarafdori. O‘rusiyaning taraqqiy va peshqadam idora usulidan xabardor.

Otabek asar so‘nggida usta Alim bilan birga mashhur Avliyota muhorabasida shahid ketadi. Bu bilan Abdulla Qodiriy millatning Otabekdek o‘g‘lonlari o‘ldi, xalqni himoya qiladigan aqlli erkaklar qolmadi deydi. O‘zbek xalqining qullikka kirishini esa, asar so‘nggida «O‘zbek oyim qora kiydi...» degan jumla bilan yakunlaydi.

Asardagi O‘zbek oyim obrazi bekorga kiritilgan emas. Qodiriy domla uni quyidagicha tasvirlaydi: «O‘zbek oyim chala-dumbul tabiatliq...» Qodiriy domla O‘zbek oyim ismida ham, uning sajiya va fe’l-atvorida ham ilmdan uzilgan o‘zbeklarni tasvirlaydi. U o‘z bilganicha, bid’aticha, eski tafakkuricha yashaydi, eri Yusufbek hojining hikmatli, ma’noli so‘zlarini qabul qilolmaydi.

Aynan O‘zbek oyim va Yusufbek hoji asarda bir-biriga kontrast obrazlar rolida qo‘llanadi. Yozuvchining eng muhim g‘oyalaridan biri shunday: «agar xalq O‘zbek oyimning g‘arib dunyoqarashini tark etib, Yusufbek hoji tafakkuri bilan yashaganida qullikka mahkum etilmas, sara o‘g‘lonlarini boy berib, qora kiymasdi! Asarni diqqat bilan o‘qilsa, hatto hukumat kengashlarida ham Yusufbek hojining so‘zlari inobatga olinmaydi. Toshkent hokimi Azizbek huzurida mushovir – maslahatchi bo‘lib tursada hokim uning so‘zlarini olmaydi. Oxir-oqibat esa, Azizbekning o‘zi otning dumiga sudratma qilinadi.

Toshkent beklari va a’yonlarining kengashida «qipchoqni kesish» (o‘ldirish) masalasi ko‘tarilganda ham Yusufbek hoji bunga qarshi chiqadi va: «o‘ris darvozamiz tagida turibdi, biz birlashish o‘rniga bir-birimizni qirish haqida o‘ylayapmiz...» degan ma’noda so‘z aytadi.

Yana bir o‘rinda Otabekka: «Men ko‘p umrimni shu yurtning tinchligi va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim.

Ittifoq neligini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichgan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib bizning odam bo‘lishimizga aqlim etmay qoldi... Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tagimizga suv quyadirgan bo‘lsak, yaqindirki, o‘ris istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘ar va biz bo‘lsak o‘z qo‘limiz bilan kelguvsi naslimizning bo‘yniga o‘rus bo‘yuntirig‘ini kiydirgan bo‘larmiz.

O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘liga tutqin qilib topshirguvchi — biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a xudoning la’nati albatta tushar, o‘g‘lim...» deydi.

Otabekning ikki xotinligi ham ramziy ma’noga ega. O‘sha vaqtda xalqni «qorachoponchi» va «qipchoq»qa bo‘lish, bir-biriga qayrash avj olgan, xon esa bu ikki toifaning boshini bir qilish o‘rniga birini ikkinchisidan ustun ko‘rgandek, qipchoq qirg‘iniga rozi bo‘ladi.

Bir kechada minglab qipchoqlar qirib tashlanadi. Yoshu qari birdek bo‘g‘izlanadi. Xonning shu ikki toifaga adolat qila olmagani, oxir-oqibat millatning parokanda bo‘lishiga olib kelishiga ishora qiladi. Otabek (tarixda otabek hozirgi viloyatlar hokimiga teng keladi) ikki ayoli, marg‘ilonlik Kumush (Farg‘ona vodiysi xalqi qipchoqlarga nisbat berilgan) va toshkentlik Zaynab (qorachoponchi, o‘zbek) o‘rtasida adolat qilolmagani uchun bir ayoli o‘ladi, ikkinchisi jinni bo‘ladi. Oilasi buzilgan Otabekning o‘zi esa o‘risga qarshi jangga kirib, shahid ketadi.

Asarning yana bir muhim jihati shundaki, Qodiriy domla Otabekning o‘g‘li Yodgorning o‘g‘illari timsolida xalqning ikkiga bo‘linishini ham aytib ketadi. Yodgorning bir o‘g‘li «bosmachi», ikkinchisi «ishchi» bo‘lishi aytiladi. Ya’ni, biri «sho‘roga qarshi», ikkinchisi, «sho‘ro».

Men faqat asar qahramonlari, obrazlar ramziyligida butun boshlik millatning ellik yil ichida tanazzuli yozuvchi tomonidan mahorat bilan qalamga olinganini keltirdim, xolos. O‘zbek davlatchiligi, uch buyuk imperiya (Qo‘qon xonligi, Buxoro amirligi va Xiva xonligi) mana shu davr ichida quladi, mustaqilligini yo‘qotdi. Millat uchun bundan ortiq fojia yo‘q. Xalq fojiani tushunmadi. Buni Qodiriy domla asarning bir joyida: «mozoristonda hayya alal falahni kim eshitadi?» (o‘liklar najotga shoshilingni eshitishmaydi, ma’nosida) deb kuyunib yozadi.

Mashhur sharqshunos olim, akademik Yevgeniy Bertels: «Qodiriy romanlari butun tarkibi bilan o‘ziga xos uslubda yozilgan o‘zbek romanlaridir. Dunyoda beshta, ya’ni: fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisini, ya’ni o‘zbek romanchilik maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi», deya e’tirof etadi. Qozoq yozuvchisi Muxtor Avezov esa Qodiriy domlani: «Sharqning eng ulkan yozuvchisi bo‘lib qolgan edi» deya iqtidoriga tan beradi. Tojik yozuvchisi Jalol Ikromiyning ijodiga Abdulla Qodiriyning ta’siri kuchli bo‘lgan.

Abdulla Qodiriydek, ramziy obrazlar vositasida fikr aytish va matn yozish borasida, fikrimcha, Oybek domlagina («Qutlug‘ qon» va «Navoiy» romanlari) bellasha oladi. Jumla tuzish, tasvir va uning quyuqligi, tilning shirasi bo‘yicha Abdulla Qodiriy qarshisida o‘zbek adabiyoti g‘arib ko‘rinadi: matnlar bo‘sh, hissiz, obrazlar maromiga yetmagan. Albatta, bu jihatlarni nasr talablarini tushunganlar anglaydi.

Keyingi maqolalarda, nasib qilsa, romanning yana bir qator jihatlari, jumladan, tarixiy haqiqat, o‘zbek mentaliteti, folklori, kiyim-kechaklari, xon o‘rdasi rasm-rusumlariga ham alohida-alohida yozmoqchiman. Romanni sayoz deyayotganlar balki nasr va romanchilik aslida nima ekanligini tushunsalar, muddao hosil bo‘lar edi. Bir gapni esdan chiqarmaslik lozim: «ulug‘larni tanqid qilish uchun o‘shalardek bo‘lish lozim».

Baxtiyor Abdug‘afur

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring