O‘zbekistonning xorijdagi 60 ga yaqin elchilari va konsullari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi
Ma’lumki, 2026-yil 15-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi ishtirokchilari va diplomatik korpus vakillari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib olib, mazkur majmuaning yaratilish g‘oyasi, unda mujassam bo‘lgan tarixiy, ilmiy va ma’naviy meros haqida batafsil ma’lumot berdi:
“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosi hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning muallifligi, shaxsiy tashabbusi va g‘oyalari asosida barpo etildi.
Davlatimiz rahbari ushbu ulkan loyihaning nafaqat O‘zbekiston, balki butun Islom olami va Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega ekanini inobatga olgan holda, qurilish jarayonini shaxsan nazorat qilib bordilar. Markazning nafaqat tashqi mahobati, balki ichki mohiyati ham bir biriga hamohang yuqori ma’naviy platforma bo‘lishini vazifa qilib qo‘yganlar. Bu borada esa sizlarning ko‘magingiz muhim vosita bo‘ldi.
Hurmatli Prezidentimizning bevosita tashabbuslari va topshiriqlari asosida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi elchixonalar hamda ularning barcha xodimlari amaliy ko‘magi bilan butun dunyodan artefaktlarni yurtimizga qaytarish amalga oshiryapmiz.
2025-yilda ana shu sa’y-harakatlar natijasida xorij mamlakatlaridan 2000 ga yaqin artefaktlar, qo‘lyozmalar yurtimizga olib kelindi va Markaz ekspozitsiyasida joylashtirildi. Albatta, bu jarayonda xorijdagi elchixonalar va u yerda faoliyat yuritayotgan har bir xodimlarning juda katta hissalari bor. Bu amaliy ko‘mak uchun Tashqi ishlar vazirligiga, har bir elchixonaga va u yerda ishlayotgan xodimlarga chin qalbimizdan minnatdorchilik bildiramiz.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish, Markaz kontentini boyitishda madaniy merosimizning noyob durdonalarini topish va ularni yurtimizga qaytarish hamda ommalashtirish bo‘yicha ham bir qator maqsadlar belgilab olingan. Albatta Islom sivilizatsiyasi markazi haqida dunyoga tushuntirib berish, qolaversa, mana shu xayrli ishlarni davom ettirish, buyuk mutafakkirlarimiz kashfiyotlari, ilmiy meroslarini, buyuk madaniy merosimizni targ‘ibot-tashviqot qilish yo‘lida birgalikda ishlaymiz. Bu borada hamkorlikdagi faoliyatimizni yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilamiz”.
Mehmonlar dastlab Markazning “Shon-sharaf zali” hamda binoning betakror me’moriy yechimlari bilan tanishdilar. Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi va uning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni aks etgan mahobatli ravoqlar katta qiziqish uyg‘otdi.


Shundan so‘ng mehmonlar muzey ekspozitsiyalari – Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, shuningdek, Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori bo‘limlari, Qur’oni karim zali va bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rgazmalarni tomosha qildilar.
Furqat Siddiqov, O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Men Amerikada, xususan, Vashingtonda ko‘plab muzeylarda bo‘lganman. Ammo bu markaz eksponatlarining boyligi, mazmuni va taqdimoti jihatidan ulardan ham ustun, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Rostini aytsam, bunday ko‘lamni umuman kutmagandim.
Biz diplomatlar yillar davomida olib boradigan targ‘ibotni inson bu markazga bir marta tashrif buyurib, qisqa vaqt ichida his qilib, tushunib chiqishi mumkin. Shu bois, bunday noyob markaz uchun hurmatli Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman. Bu loyiha kelajak avlod tarbiyasi uchun ham juda muhim, deb o‘ylayman.
Men ishonaman, bu markaz Markaziy Osiyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan maskanlardan biriga aylanadi. Nafaqat xorijiy mehmonlar, balki biz o‘zbeklar uchun ham bu joy katta faxr manbaidir”.
Ravshan Usmonov, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, elchixonamiz va Tashqi ishlar vazirligi mazkur majmua yaratilishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Xususan, xorijda saqlangan ayrim qimmatli artefaktlarni topish, xarid qilish va O‘zbekistonga olib kelish ishlarida bevosita ishtirok etdik. Bugun ularning yetakchi namunasi shu yerda namoyish etilmoqda. Menimcha, O‘zbekistonning boy tarixiy va ma’naviy merosini bir tom ostida jamlash g‘oyasi juda muhim va dolzarb tashabbus hisoblanadi. Bu faqatgina mamlakatimiz tarixining beqiyos boyligi emas, balki butun mintaqa hamda musulmon sivilizatsiyasining o‘ziga xos yutuqlarini ham namoyon etadi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu majmua jahonning nufuzli muzeylari qatorida munosib o‘rin egallaydi. Ayniqsa, Buyuk Britaniyadan tashrif buyuruvchi mehmonlar uning rasmiy ochilishini katta qiziqish va intizorlik bilan kutmoqda”.

Karomiddin Gadoyev, O‘zbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Bu yerga kirgan har bir inson o‘zbek xalqining chuqur ildizlari, boy madaniyati va tarixini tosh asridan boshlab, Yangi O‘zbekiston davrigacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini bosqichma-bosqich his qiladi. Ochig‘ini aytsam, men fan sohasi vakili sifatida mamlakatimiz tarixini yaxshi bilaman, ko‘plab muzeylarni ko‘rganman. Biroq doimo bir savol meni o‘ylantirardi: nega bizda Parijdagi «Luvr» yoki Sankt-Peterburgdagi «Ermitaj» singari, tariximizni to‘liq va tizimli aks ettiradigan yirik majmua yo‘q? Bugun men bu savolimga aynan shu yerda javob topdim.
Shu yerda turib, yana bir bor shunday buyuk xalqning farzandi ekanimdan faxrlandim. Ishonchim komilki, markaz ochilgach, u nafaqat mahalliy aholi, balki qo‘shni davlatlar va uzoq xorijdan keladigan sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylanadi hamda O‘zbekiston nufuzini dunyo miqyosida yanada yuksaltiradi. Buning barchasi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz”.
Nodirjon Turg‘unov, O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi:
“Bu majmua nafaqat yoshi kattalar, balki yoshlar, o‘rta yoshdagilar va keksalar uchun ham nihoyatda qiziqarli tarzda tashkil etilgan. “Birinchi Renessans” bo‘limini yaratish jarayonida markaz bilan hamkorlikda Saudiya Arabistonida ishlaganimiz bois, ushbu bo‘lim menga yanada qiziqarli tuyuldi. Chunki o‘z mehnating natijasini xalq bahramand bo‘layotganini ko‘rish, menimcha, eng yuksak bahodir”.

Baxtiyor Ibrohimov, O‘zbekistonning Avstriyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
- Markazga tashrifimiz barchamizda juda chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu majmuani barpo etish jarayonida O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va vakolatxonalari faol ishtirok etdi, turli mamlakatlardagi muzeylardan noyob artefaktlarni olib kelishga o‘z hissasini qo‘shdi. Natijada Islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi yagona va yaxlit makonda yaqqol namoyon etilgan.
Bu markaz Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan nihoyatda noyob va strategik ahamiyatga ega loyiha hisoblanadi. Majmua Islom sivilizatsiyasini alohida davrlar yoki hududlar kesimida emas, balki uzviy va uzluksiz tarixiy jarayon sifatida ko‘rsatib bera olgani bilan alohida ajralib turadi. Aynan shu jihati uni boshqa muzey va markazlardan tubdan farqlaydi.
Ishonchim komilki, ushbu markazga tashrif buyuradigan har bir mehmon bu yerdan katta taassurot va chuqur bilim bilan qaytadi. Bu maskan nafaqat milliy merosimizni namoyish etadi, balki O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda ochib beruvchi muhim madaniy va ilmiy markazga aylanadi.

Oybek Shaxavdinov, O‘zbekistonning Vengriya va Serbiyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
– Bu markaz haqiqatan ham nihoyatda hayratlanarli. Uni ko‘rgan har bir inson kuchli taassurot ostida qoladi. O‘zbek xalqi uchun g‘urur uyg‘otadigan maskan. Toshkentda, O‘zbekistonda shunday yuksak darajadagi markaz borligidan chin dildan faxrlanamiz.
Eng quvonarlisi shundaki, bu markaz allaqachon xorijiy hamkorlarimizning katta qiziqishini uyg‘otmoqda. Men hozir Vengriyada elchiman, shuningdek, Serbiyani ham o‘rindoshlik asosida qamrab olaman. O‘tgan yili Serbiya Prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurib, ushbu markazni ko‘rgach, o‘zining Madaniyat vaziriga maxsus topshiriq berdi — besh-olti nafar ekspertni yuborib, bu markaz qanday qurilgani va qanday konsepsiya asosida ishlayotgani bilan yaqindan tanishishni buyurdi. Hozir bu yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda.
O‘ylaymanki, bunday qiziqish faqat Serbiya bilan cheklanib qolmaydi. Boshqa davlatlar ham albatta qiziqadi, chunki bunday darajadagi, bunday mazmundagi markaz hozircha faqat O‘zbekistonda mavjud. Bu esa biz uchun katta quvonch va faxr manbai. Chunki bu maskan nafaqat tariximiz va urf-odatlarimizni chet ellik mehmonlarga, balki o‘z xalqimizga ham chuqur va ta’sirli tarzda namoyon etadi.
Bu markaz sakkiz yil davomida barpo etildi va aytishim mumkinki, bu mehnat to‘la o‘zini oqlagan. Menimcha, bundan yaxshiroq markazni yaratishning o‘zi qiyin. Chunki bu majmua har jihatdan — mazmunan, texnologik yechimlar, dizayn va g‘oya uyg‘unligi nuqtai nazaridan — mukammal.
Ochig‘ini aytsam, Serbiya ham hozircha bunday darajadagi markazni qura olmaydi. Ular albatta o‘ziga xos loyihalar qilishi mumkin, ammo aynan shu miqyosda va shu chuqurlikda emas. Bejiz emas, ular O‘zbekiston tajribasini o‘rganmoqchi. Ayniqsa, 2027-yilda Belgradda bo‘lib o‘tadigan "Expo 2027" oldidan bu tajriba ular uchun juda muhim.
Biroq shuni ishonch bilan ayta olamanki, bu darajadagi markazni yetti-sakkiz yil ichida barpo etish — bu faqat bizning xalqimizga xos fazilat. Chunki bizning xalqimiz nihoyatda mehnatkash, mas’uliyatli va kuchli javobgarlikni o‘z zimmasiga ola oladigan xalq. Ana shu fazilatlar evaziga mana shunday buyuk va hayratlanarli markaz dunyoga keldi.



Tashrif yakunida Davlat rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu Markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo miqyosida noyob madaniy-ma’rifiy maskan ekani, kelgusida esa sayyohlar uchun ham jozibali manzilga aylanishi ta’kidlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter