Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Adolatsizlik to‘xtamayapti» – Kusherbayev notkoin sotgan yigitning qamalishidan norozi

«Adolatsizlik to‘xtamayapti» – Kusherbayev notkoin sotgan yigitning qamalishidan norozi

Joriy yil 23-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi navoiylik 21 yoshli G‘.Yo.ni MJtK 155-4-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Sud, bundan tashqari,  G‘.Yo.ga tegishli telefon qurilmasini ham «tegishli tartibda yo‘q qilish»ga qaror qilgan.

Gap shundaki, Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi huquqbuzar G‘.Yo., o‘ziga tegishli telefon va plastik kartadan kripto-aktivlarning faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Sud majlisida so‘ralgan G‘.Yo. yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holat bo‘yicha aybini tan olib, kripto-aktivni telegramm ijtimoiy tarmog‘ida yig‘ganligini, 20 ming dona «NOTCOIN» kripto-aktivini 150 AQSh dollari evaziga sotganligini, buning noqonuniy ekanligini bilmaganligini, boshqa bunday holat takrorlanmasligini ma’lum qilib, yengillik barishni so‘ragan.

Sud, G‘.Yo.ning aybi ishdagi bildirgi, tushuntirish xatlari va ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan isbotlangan hamda uning harakati MJtK 155-4-moddasining 1-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisoblagan va yuqoridagi qarorini o‘qib eshittiradi.

O‘z navbatida, mazkur sud ishiga e’tibor qaratgan ijtimoiy faol Rasul Kusherbayev holatni «adolatsizlik» deya ta’riflamoqda.

«Afsuski yangiliklar doim xavf sifatida qabul qilingan. Bu rivojlanishdan, dunyodan orqada qolishdan bo‘lak narsa emas. Kripto aktivlarni sotish orqali qamalayotgan bugungi yoshlar vaqti kelib qahramonga aylanishadi. Bu vaqt masalasi xolos», – deydi Kusherbayev.

U, shuningdek, bunday qarorlar fonida minglab IT bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan yoshlarning mamlakatdan chiqib ketishidan xavotirini bildirgan.

«Mana bu haqiqiy fojiamiz bo‘ladi.

Ungacha rivojlanishdan ortda qolayotgan «kommunist kalla» mas’ullar rahbarlarimizga sog‘lom aql berib qolishiga umid qilamiz», – deb yozadi Rasul Kusherbayev. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisi ham notkoin sotgani uchun 10 sutkaga qamalgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring