O‘rtacha oylik ish haqi ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida eng kam o‘sgan
2024-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 17,4 foizga oshib, 5 357,2 ming so‘mga yetgan.
Hisobot davrida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi – bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelib, 15 263,7 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, axborot va aloqa sohasi 13 157,4 ming so‘mni, tashish va saqlash sohasi 8 113,3 ming so‘mni va sanoat sohasi 6 439,9 ming so‘mni tashkil etib, o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qildi.
Ta’lim (3 637,0 ming so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3 411,0 ming so‘m) sohalari esa boshqa sohalarga nisbatan eng quyi pog‘onalarda ekanligini ko‘rish mumkin.
Ta’lim sohasining asosiy tarmoqlari bo‘yicha esa o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda (8 562,1 ming so‘m), eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limda (1 963,3 ming so‘m) kuzatildi.
Ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (6 091,2 ming so‘m), Namangan (3 591,6 ming so‘m) hamda Toshkent viloyatlarida (3 591,2 ming so‘m) kuzatildi. Yuqori o‘sish sur’ati Toshkent shahrida (119,5 foiz) va Namangan viloyatida (117,3 foiz) qayd etildi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining 2020-2024 yillardagi o‘zgarish dinamikasiga qaraladigan bo‘lsa, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasi o‘rtacha oylik ish haqi ko‘rsatkichidan ancha quyida shakllangan bo‘lib, 2020-yildagi (o‘rtacha ish haqi 2 673,3 ming so‘m bo‘lgan) mos ravishda 1 980,3 ming so‘m va 1 811,2 ming so‘mdan 2024-yilda (o‘rtacha ish haqi 5 357,2 ming so‘m) mos ravishda 3 637,0 ming so‘m hamda 3 411,0 ming so‘mga yetgan, xolos.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter