O‘zbekistonliklar dori-darmon uchun bir yilda qariyb 20 trln so‘m sarflagan

Davlat soliq qo‘mitasi dorixonalarda xaridorlarga beriladigan va o‘zida dori vositalarining MXIKlari aks ettirilgan fiskal cheklar yordamida aholining medikamentlarga qancha sarflayotganligiga doir umumlashtirilgan ma’lumotlarni taqdim qildi.
Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha 8 575 ta dorixona ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularda 15 941 ta onlayn-NKT mavjud.
2024 yilda O‘zbekiston aholisi dori vositalariga jami 19,7 trln so‘mdan ortiq, shundan 15,7 trln so‘mdan ko‘prog‘i import preparatlar hamda salkam 4 trln so‘m mahalliy ishlab chiqarilgan preparatlarga sarflagan.
Aholi jon boshiga nisbatan to‘g‘ri keladigan eng yuqori xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:
- Toshkent shahrida – 1,7 mln so‘m;
- Buxoro viloyatida – 746 ming so‘m;
- Samarqand viloyatida – 660,7 ming so‘m.
Eng kam xarajatlar:
- Qashqadaryo viloyatida – 308,9 ming so‘m;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 302,3 ming so‘m;
- Surxondaryo viloyatida – 289,5 ming so‘m.
Umuman o‘tgan yilda dori vositalari uchun eng katta xarajatlar:
- Toshkent shahri - 5 trln so‘m;
- Samarqand viloyatida - 2,6 trln so‘m;
- Farg‘ona viloyatida - 1,5 trln so‘m.
DSQning qo‘shimcha qilishicha, poytaxtdagi ko‘rsatkichlar yirik tibbiyot muassasalarining aynan ushbu hududda joylashganligi hisobiga shakllangan.
Respublika hududlari kesimida eng kam xarajatlar quyidagilarga to‘g‘ri kelmoqda:
- Jizzax - 536 mlrd so‘m;
- Navoiy - 490 mlrd so‘m;
- Sirdaryo - 442,5 mlrd so‘m.
Ta’kidlanishicha, bunday axborotlar soliq organlarining ma’lumotlar bazasida nafaqat viloyatlar, balki har bir tuman va mahalla kesimida shakllanadi.
Fiskal cheklar ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, eng ko‘p mablag‘ quyidagi kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan dori vositalariga sarflangan:
- yurak-qon tomir kasalliklari;
- infeksion kasalliklar;
- og‘riq qoldiruvchi vositalar;
- asab tizimi kasalliklari;
- oshqozon-ichak kasalliklari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter