Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Piyoda yurish – inson uchun eng yaxshi davo vositasi

Piyoda yurish – inson uchun eng yaxshi davo vositasi

Salomatlik insonning jismoniy va ma’naviy uyg‘unligidir. Ijodiy rejalarni yuzaga chiqaruvchi va mehnat unumdorligini oshiruvchi,oila va jamiyat bag‘rida ahil va baxtli yashash imkonini beruvchi ulug‘ ne’matdir.

Me’yordagi ish sharoiti, sog‘lom va tinch-totuv turmush asab tizimining barvaqt ishdan chiqib qolishidan, qattiq charchashdan saqlaydi, umrning sermazmun bo‘lishiga yordam beradi. Inson baxtining o‘ndan to‘qqiz ulushi sog‘liqqa bog‘liqligi, uning borliq bilan uyg‘unligi, ya’ni, to‘rt unsur – yer, suv, quyosh va havoga munosabatlarini sog‘liqqa ta’siri haqida so‘zlamoq maqsadga muvofiq.

Hozirgi urbanizatsiya davrida kamharakatlilik barcha mamlakatlarda aholining o‘tkir muammosiga aylandi. Insonlardagi diqqat-e’tiborni jamlashning sekinlashishi, depressiya va stress alomatlari, turli kasalliklarga tez chalinuvchanlik, bosh og‘rig‘i, uyquchanlik, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, vazn ortishi bularning asosiy oqibatlaridir. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo bu muammolar majmuasiga ko‘proq piyoda yurishni odat qilish orqali yaxshigina zarba bersa bo‘ladi.

Albatta, sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni faol harakatga chaqirib, muntazam ravishda yurish marofonlarini tashkil qilib bormoqda. Aslida ham yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayi, eng foydalisi hisoblanadi. Yurish organizmning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimalarini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtiradi, ruhiy tetiklik bag‘ishlaydi.

Piyoda yurishning foydasi haqida olimlar va xorijiy ekspertlar fikrlarini Gippokratdan boshlash mumkin, u o‘z davrida «Piyoda yurish – inson uchun eng yaxshi davo vositasi» deb aytgan.

Piyoda yurishni kunlik odatga aylantirishni boshlash uchun qo‘l telefoningizga maxsus dasturni sozlagan holda yurak urish tezligini, sarflangan kaloriyalarni, bosib o‘tilgan qadamlar hisobini bilishingizmumkin.Shunchaki, qulay poyabzal, bir idishda suv va o‘zingiz yoqtirgan yaxshi musiqani tinglashingiz yoki samimiy suhbatdosh bilan hamroh bo‘lishingiz bu mashg‘ulotni yanada yoqimli qiladi.

Mashg‘ulotni boshlaganda chuqurroq nafas olishga intiling va yurayotgan paytingizda bemalol gapira olishingizga hamda nafas ravonligi bilan qadamingiz hamohang bo‘lishiga e’tibor qarating.

Ertalab, ovqatlangandan so‘ng ishga ketadigan payt piyoda yurish juda ham foydali. Bu vaqtda havo musaffo – toza bo‘ladi. Kechki ovqatdan so‘ng ham kishi 30-40 daqiqa piyoda yurishi yengil uxlashiga va organizm salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ochiq havoda yurish jarayonida odam istasa-istamasa uzoqlarga tikilib tabiat manzalarini tomosha qilishi ortidan qon aylanishi tizimlari yaxshilanib, ko‘rish qobiliyati oshishiga, aqliy faollik ortib, kislorod bilan to‘yingan organizmda garmonlar ishlab chiqilishi yaxshilanishiga olib keladi.

Shu bois ishdan charchab chiqqaningizdan keyin ham iloji bo‘lsa, transportga shoshilmang. Yo‘lning bir qismini piyoda bosib o‘ting. Asabiy ish kunining «yuk»laridan xalos bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, unda har kuni bir necha o‘n daqiqa piyoda yurishga harakat qiling.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining va xorijiy ekspertlarning mantig‘iga tayanadigan bo‘lsak, «piyoda yurish – bu sekin yugurish»dir. Bu biroz kulgili eshitilishi mumkin, lekin jismoniy mashqlar samarasi uch omilga bog‘liq ekan: intensivlik, davomiylik va mashqlarning umumiy chastotasi.

Nufuzli «American Heart Association» va «American College of Sports Medicine tashkilotlari har bir insonga kuniga 30 daqiqadan kam bo‘lmagan vaqt piyoda yurishni tavsiya qilishadi.

Amerikalik olimlar 45 daqiqa davomida piyoda yurish shamollashni oson yengishga, yurganimizda viruslar va mikroblar taslim bo‘lishiga va chekishni tashlashni istaganlar ham xumor tutganda 20 daqiqa piyoda yursalar bu xohish ayni shu daqiqalarda o‘z-o‘zidan yo‘qolishini ham tasdiqlashdi.

Afsuski, piyoda yurish tana uchun eng tabiiy jismoniy jarayon hisoblanib, salomatlik uchun esa koni foyda bo‘lsa-da, ayrim insonlar bu mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga ham erinib qolishgani g‘oyat achinarlidir. Insoniyat kamroq yurish uchun taraqqiyotning qanday yutuqlarini o‘ylab topmadi deysiz. Endilikda avtomobil, eskalator, lift, velosiped, sigvey, elektrosamakat kabi tayyor «dastyor»lardan foydalanishni afzal ko‘ramiz.

Bugungi kunda sport zallari va fitnes klublari juda ko‘p. Albatta, ularga qatnash ham vaqt, ham mablag‘ talab qiladi. Piyoda yurish esa beminnat va samarali dastyordir.

Yo‘l-yo‘lakay yangi rejalarni tuzishingiz, ota-onangiz, qarindoshlar va do‘stlaringizdan habar olishingiz, do‘konlardan xaridlaringizni amalga oshirishingiz ham mumkin.

Tabiat yaratgan mo‘’jizalardan chinakam bahra olish uchun inson sog‘lom, baquvvat hamda zukko bo‘lmog‘i darkor. Sog‘lom insongina jismonan mustaqil bo‘ladi, o‘z maqsadi sari dadil va erkin harakat qila oladi.

Shu sababli imkon qadar ko‘proq piyoda yuring.

Madina ZUFAROVA,
talaba

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring