Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining amaldagi rahbari ham qamalgani aytilmoqda
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Afzal Ermatov Jinoyat kodeksining 205-moddasida (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanmoqda. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Bu hamda Kun.uz o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov esa rahbarining yanvar oyidan buyon ishga chiqmaganini tasdiqlab, jinoyat ishi va ilgari surilayotgan ayblov haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Agentlik mansabdorining tergovga jalb qilingani haqida biror rasmiy ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, ayrim xorij nashrlarida xabarlar berilgan. Ularning birida aytilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining ayrim mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi DXX tomonidan qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, joriy yil 2-yanvar kuni agentlikning kamida uch xodimi, jumladan, agentlik rahbari Afzal Ermatov ham so‘roqqa chaqirilgani iddao qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning avgustida o‘sha paytda agentlik rahbari bo‘lgan Ravshan Ibragimovga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va sud hukmi bilan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 12 yil muddatga qamalgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter