Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Telefon tufayli bo‘yiningizga 30 kilolik yuk tushyapti

Telefon tufayli bo‘yiningizga 30 kilolik yuk tushyapti

Bugungi raqamli hayotda eng ko‘p aziyat chekuvchi a’zo — bu bo‘yin. U jimgina azob chekib yuradi. Kompyuter oldida soatlab ishlash, telefonga tikilib o‘tirish — bular oddiy kundalik odatdek tuyuladi. Ammo aslida bularning bari sekin-asta sog‘liqni yemiruvchi jarayondir.

Bo‘yin — boshni ushlab turuvchi nozik va juda muhim tizim. U 7 ta umurtqadan iborat bo‘lib, ular orasida disklar, asab tolalari va qon tomirlari joylashgan. Shuning uchun har qanday bosim yoki noto‘g‘ri holat unga darhol ta’sir qiladi.

Og‘riqning asosiy sabablari:

  • Servikal osteoxondroz — umurtqalarning sekin-asta yemirilishi;
  • Miozit — shamollashdan keyin mushak yallig‘lanishi;
  • Disk churrasi (grija) — asablarni siqib, kuchli og‘riq keltiradi;
  • Stress va asabiylik — tarang mushaklar va “qattiq” bo‘yin.

Olimlarning ta’kidlashicha, inson telefonga qarab 45° egilganda bo‘yinga 25–30 kg yuk tushadi. Bu — deyarli bir qop sementni yelkada ko‘tarib yurish bilan barobar!

Tashvishlanmang, oddiy, lekin kuchli ta’sir qiluvchi davolash usullarni har kuni qilsangiz, tez kunda o‘zingizni yaxshi his qila boshlaysiz:

1. 20 daqiqa ishladingizmi? Darhol 20 soniya boshni orqaga tashlab, yelkalarni bo‘shating. Bu kichik tanaffus qon aylanishni qayta tiklaydi.

2. Telefonni ko‘tar qoidasiga amal qiling. Ko‘pchilik eng ko‘p yo‘l qo‘yadigan xato — telefonga pastga qarab o‘tirish. Telefonga ko‘zlaringiz qarama-qarshiligida qarashga odatlaning. Bu oddiy harakat og‘riqni sezilarli darajada kamaytiradi.

3. Yostiq — yashirin dushman yoki do‘stingiz ekanligini bilarmidingiz? Yaxshisi, bo‘yin shakliga mos ortopedik yostiq tanlang. Siz uxlab yotganingizda ham bo‘yningiz dam oladi.

4. Kun davomida 3 marta quyidagilarni bajaring:

Boshni sekin oldinga eging, keyin orqaga tashlang, chap va o‘ngga buring. Har bir harakatni 5–6 marta takrorlang. 1 daqiqadayoq yengillikni sezasiz.

5. Suv — disklar uchun “yoqilg‘i” ekanligini bilarmidingiz? Kuniga kamida 1.5–2 litr suv iching, bu umurtqalaringizni “moylab” turadi.

6. Kechqurun issiq dush qabul qiling. Shunda mushaklaringiz bo‘shashadi, qon aylanishi yaxshilanadi, stress kamayadi.

7. Anti-stress nafas texnikasini bajarishga odatlaning:

  • 4 soniya nafas oling;
  • 4 soniya ushlang;
  • 6 soniya chiqaring.

3 daqiqada tanangiz yengillashganini sezasiz.

Bo‘yin — kichik, ammo hal qiluvchi a’zo. Unga befarq bo‘lish ertaga katta muammolarga olib kelishi mumkin. Jumladan, bosh og‘rig‘i, qo‘l uvishishi, hatto harakat cheklanishi.

Kuniga salomatligingiz uchun atigi 1–2 daqiqa vaqt ajratsangiz, oddiy kundalik odatlarni o‘zgartirsangiz bu muammolardan osongina qutulasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring