Umummilliy “AI Hackathon” yangi bosqichda: yoshlar sun’iy intellekt orqali jamiyat muammolariga yechim izlamoqda
O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga qaratilgan yirik tashabbuslardan biri — Umummilliy “AI Hackathon”ning ikkinchi bosqichiga start berildi.
Joriy yilning 20-yanvar kuni Samarqand shahrida ushbu xalqaro ahamiyatga ega tanlovning mintaqaviy bosqichi tantanali ravishda ochildi. Tadbir yosh mutaxassislar, startapchilar va IT sohasiga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni bir maydonga jamladi.
Mintaqaviy bosqichda 400 nafardan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ular uch kun davomida mamlakatning yetakchi IT-kompaniyalari va tajribali mutaxassislari rahbarligida jamoaviy tarzda ish olib bordilar.
Xakaton doirasida tibbiyot, ta’lim, kiberxavfsizlik, tadbirkorlik, shuningdek taqiqlangan moddalar aylanmasiga qarshi kurash kabi muhim yo‘nalishlarda sun’iy intellektga asoslangan innovatsion yechimlar ishlab chiqildi.
Tadbirning eng e’tiborli loyihalaridan biri — Umummilliy AI Hackathonda ishtirok etayotgan «iX» jamoasi tomonidan taqdim etildi. Jamoa messenjer platformalarida giyohvandlik vositalari savdosini aniqlash va cheklashga qaratilgan maxsus algoritmni ishlab chiqdi. Loyihaning asosiy maqsadi — yashirin “qora bozor” faoliyatini aniqlash, noqonuniy tarmoqlarni fosh etish va jamiyat uchun xavfli bo‘lgan narkotiklar savdosiga chek qo‘yishdan iborat.
Shu bilan birga, xakaton doirasida ishtirokchilar uchun yetakchi mutaxassislar tomonidan mahorat darslari, amaliy seminarlar va tajriba almashish sessiyalari ham tashkil etildi. Bu esa yoshlar uchun nafaqat raqobat, balki bilim va ko‘nikmalarni oshirish imkoniyatini ham yaratdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Umummilliy “AI Hackathon”ning final bosqichi 2026-yil dekabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Finalda eng ilg‘or, amaliy ahamiyatga ega va ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalar saralab olinadi.
Ushbu xakaton mamlakatda sun’iy intellekt sohasida yosh kadrlar salohiyatini oshirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli kelajakni shakllantirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter