Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Tohir Malik ko‘rmay ketgan film yoxud yopiq premeradan ochiq fikrlar

Tohir Malik ko‘rmay ketgan film yoxud yopiq premeradan ochiq fikrlar

Foto: «facebook.com»

«Avloniy» filmiga taklif qilishganida ustoz Tohir Malikni esladim. Rahmatli adibimiz hayotligida o‘zi haqida suratga olingan hujjatli film premerasiga ham kelmagan, xastalanib qolgan edi. U kishidan boy meros qolgan ekanki, kinochilar ham, boshqa soha vakillari ham hali uzoq vaqt asarlaridan foydalanadilar.

Avval boshdan aytay: «Avloniy» maqtasa arzigulik film! O‘zbek jadidlari haqida hikoya qiluvchi ilk kartina! Yaqin kunimizdan yozg‘irish emas, ammo bor gap: bunday filmlarni orzu qilardik. Nahotki, tarixdagi mashhur adiblarimiz, shoirlarimiz, ziyolilarimiz haqida badiiy film ishlanmaydi, deb o‘ylanardik. Ochig‘ini aytganda, uch yil burun ziyoli qatlam, ijod ahli bilan uchrashganida bunga prezident undadi, kinochilar oldiga tarixiy filmlar ishlash vazifasini qo‘ydi. Natija chakki emas! Buni «Avloniy» va boshqa filmlar tasdiqlab turibdi.

Rejissyor Muzaffar Erkinov Tohir Malik asari asosida keng ko‘lamli film olgan. Dekoratsiya, ko‘rinish-manzara zamon ruhiga mos. Poyezd, avtomobillar, stansiya, karvon, qurol-aslahalar eski davrniki. Bundan tashqari, otishmalar, portlash, qon sahnalari tabiiy chiqqan. Eng e’tiborga molik jihati – aksar aktyor va aktrisalar tomoshabinga notanish (yoki kaminaga shunday tuyuldi). Demak, bu personajlar «Avloniylar» haqida yaxshigina taassurot qoldiradi, deyish mumkin. Masalan, men bosh rol ijrochisini tanimadim. Yaxshi o‘ynabdi. Muhimi, uning Avloniyga o‘xshashligi. Qahramonining kimligi, ishlari, faoliyati, adashganligi, xatosi haqida nechog‘li anglab yetganini ochib bera olgan. Tez-tez xotiraga sho‘ng‘igani, Munavvar qorining gaplarini eslab turishi yaxshi yechim!

Dangalini aytish kerak, Avloniy haqida ko‘pchilik bilmaydi. U haqda eshitgan bo‘lishi mumkindir, biroq o‘qigan deyish qiyin. Shu jihatdan ham mazkur film muhim ahamiyatga ega. Nachora, o‘tmishdagi bunday ziyolilarimiz haqida kinochilar orqali bilib olaveramiz, shekilli!

Film markazida ziyoli insonning tipik vakilini ko‘ramiz. Uning ilmi, aql-zakovati, dunyoqarashi, qo‘rqmasligi, dadilligi bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi. Film «silliq» davom etmaydi, dinamika bor, buni musiqa kuchaytirib boradi. Qahramonlar ko‘p bo‘lsa-da, ortiqchasi baribir yo‘q, hammasi o‘zaro bog‘lanib ketgan.

Ammo...

«Avloniy» filmi, asosan, bir voqeani izchil yoritgan. To‘g‘ri, yuqorida aytganimdek, o‘qtin-o‘qtin «kechagi kun» eslab turiladi. Biroq voqealar bitta o‘zanda kechadi. O‘z paytida Amerikaning mashhur «Uzuklar hukmdori» filmi xususida qahramonlarning falon manzilga borgani rosa cho‘zib yuborilgani tanqid qilingan edi. 2 soatu 10 daqiqalik «Avloniy»da ham shunday: qahramonlar ne-ne mashaqqatlar ila nihoyat Afg‘onistonga borib, tarixiy uchrashuvga doxil bo‘ladilar.

Ehtimol, safar tafsilotlarini qisqartirib, Avloniy yurtga qaytganini ekran ortidan shunchaki gapirib o‘tmay, uning keyingi faoliyatini namoyish etish, xatolarini anglab yetgani, og‘ir betoblanib vafot etgani, oilasi haqida voyealar silsilasida ko‘rsatish kerakmidi? Balki bunday lavhalar ishlangandir ham. Chunki film aslida besh seriyadan iboratligi aytib o‘tildi. Biroq katta ekranda namoyish etish uchun qisqartirilgan 2 soatu 10 daqiqalik namoyish, ayniqsa, hozirgi yoshlar uchun ko‘plik qiladi.

«Avloniy»ning xotimasi menga ruslarning Yesenin haqidagi filmini eslatib yubordi. Unda ham serial adog‘ida boshqa qahramonlarning keyingi hayoti va o‘limi bir-bir ko‘rsatilib va aytib o‘tiladi.

Yana bir mulohaza... filmdagi choponlar bilan bog‘liq! Ko‘cha-ko‘ydagi yo‘lovchilarda ham, keng maydondagi o‘tkinchilarda ham, uyga o‘t qo‘yayotgan odamlar egnida ham yap-yangi to‘nlar! Hurmatli kinochilar, e’tiborli bo‘linglar, aks holda tarixiy filmingiz mohiyatiga putur yetib qolishi mumkin. E’tiborni asosiy mazmunga qaratish uchun ham bunday «mayda-chuyda»larga sinchkov bo‘lish kerak. Demoqchimanki, kichik tuyulgan mazkur detallar tomoshabinni film mohiyatidan chalg‘itishi, hafsalasini pir qilishi ehtimoldan xoli emas...

Bu mening shaxsiy fikrlarim edi. Siz ham ko‘ring va o‘z fikringizni bildiring.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring