Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Tanzila Norboyeva, maslahat bering!

Tanzila Norboyeva, maslahat bering!

Foto: «Xabar.uz»

Hurmatli Tanzila Norboyeva! Bu maktubim murojaat ham, ochiq xat ham emas. Buni maslahat so‘rash deb qabul qilasiz. Chunki tegishli tashkilotlar rahbarlariga yozilgan ochiq xat yoki murojaatlar ko‘pda hal bo‘lmayapti. Xabaringiz bormi-yo‘qmi, yaqinda Xotin qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaga yozgan ochiq xatimda xorazmlik bir ayolning taqdirini misol qilib keltirgandim. Sizga ham yana bir bor eslatmoqchiman.

Xolmirzayeva Nodira Xorazmning Xazorasp tumanida yashaydi. Uning ikki nafar farzandi bor. Yolg‘iz ayol. 16 yoshli qizi Farangizni yaqinda mashina urib ketib bir o‘limdan qoldi. Endi bu qizaloqni Nodira tez-tez davolatib turishi kerak. Bo‘ynidan uch joyi singan, buyragida kista, belida «grija» paydo bo‘lgan. Yolg‘iz ayol 20 yildan beri ijarada yashaydi. Xazoraspdagi Madaniyat markazida xoreograf bo‘lib ishlaydi. Bir million so‘m atrofida maosh oladi. 300 ming so‘m pulini ijraga to‘laydi. Nodira o‘z uyi bo‘lishini orzu qiladi. Uning ham yordam so‘rab bormagan eshigi qolmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3268 qaror bo‘yicha imtiyozli ravishda uy-joy berish o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida amalga oshirilishi  kerak edi. Ammo joriy yilning uchinchi choragi tugayaptiki, yangilikdan darak yo‘q.

«Hokimiyatga necha marta uchrashdim, ammo kuting deyishdan nariga o‘tmayapti», — deydi Nodira men bilan suhbatda.

Mana shu ayol menga ertalab yana qo‘ng‘iroq qildi. Bilishimcha 10 kun kardiologiyada davolanib chiqibdi. Shifokorlar insultni oyoqda o‘tkazibsiz deyishibdi. Ochig‘i, ertalabdan qo‘ng‘iroq qilayotganiga Xotin-qizlar qo‘mitasiga yozilgan ochiq xatdan keyin biror yangilik bo‘lgan shekilli degan quvonchim bor edi. Afsus, Elmira Bositxonova ochiq xatda men ko‘rsatib o‘tgan bir ayol muammosini o‘rganish haqida emas, «men to‘g‘ri gapirgandim» deya o‘zini oqlash bilan haliyam ovora.

Nodira kasalxonadan uyiga javob berilgach, uch kun o‘tib yana hushini yo‘qotadi. Ayni paytda Xazoraspdagi shoshilinch tez tibbiy bo‘limda davolanmoqda ekan.

Mana, Nodira ma’naviyatli ayol. U buzuqlik qilmayapti, o‘z joniga qasd qilmayati, yetishmovchilik bahona Suriyaga yoki chet elga «survormayapti», u kurashayapti. Ammo bu kurashlar unga qimmatga tushyapti. Kundan-kunga sog‘lig‘i orqaga ketayapti. U farzandlari uchun yaxshi ona bo‘lmoqchi. U farzandi uchun halol, g‘ururli, oriyatli ona sifatida o‘rnak bo‘lmoqchi. Ammo... yashash uchun, yaxshi yashash uchun qay eshikka bosh urmasin, u uchun hammasi yopiq. 

Bilishimcha qo‘mita ham, barcha tashklilotlar ham bu ayolga yordam berishga majbur emas. Shunday ekan, butun O‘zbekiston ayollari g‘amxo‘ri, Senatning ilk ayol raisi, rahbar sifatida, aytingchi, bu ayol nima qilsin?

O‘z uyi bo‘lishi, ijarada birovlar eshigida sarg‘aymasligi uchun qanday yo‘l tutsin. Bu ayol bundan buyog‘iga qayerga va kimga uchrashsin? Agar borgan joylari, tashkilotlari unga yordam berolmasa so‘nggi chora sifatida qanday yo‘lni tanlasa maqsadga muvofiq?

Aytaylik har bir viloyatda bittadan Nodiradek muammosi bor, ammo yechim topolmagan, ma’naviyatli bo‘lgani uchun ham barchasiga sabr qilib yashayotgan, alal-oqibat infarkt yoki instultni oyoqda o‘tkazayotganlar bor. Balki ularning soni ancha ko‘pdir. Lekin jamiyatimizda 10 dan oshiq mana shunday ayollarning bo‘lishining o‘zi fojiamiz emasmi?

Men har safar shu ayolning ovozidagi yig‘lamsirashni eshitganimda, o‘zimning qiynalsam ham haminqadar yaratolgan sharoitimdan hijolat tortaman. Bugun esa yana bir narsadan hijolat tortib turibman. Shuncha maqolalar yozdim, ijtimoiy tarmoqlarda u ayolning sharoitini yozib postlar qoldirdim, ammo men ham jurnalistmanmi, mana shu ayolga yordam berolmayapman. Aytingchi, men o‘z kasbimdan faxrlana olamanmi? Oddiy bir ayolning va men kabi oddiy jurnalistning ovozi hech qayerga yetmayotgan shu jamiyatda yana qanday yo‘l bor? Agar shu ayolning muammosi hal bo‘lmasa, hal qilishga ko‘mak berolmasam, menga maslahat bering, shu kasbimni qanday davom ettirsam bo‘ladi??? Maslahatingizni ayamaysiz degan umiddaman...

Hurmat bilan «Xabar.uz» muxbiri Barno Sultonova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring