AQShdagi voqealar Qozog‘istondagi iste’folarga sabab bo‘ldimi?

BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasidagi Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning samimiy uchrashuvi, amaliy tashrif davomida umumiy qiymati 105 milliard dollarlik kelishuvlar va loyihalar shakllangani nafaqat O‘zbekiston–AQSh munosabatlarida, balki butun mintaqamiz diplomatik muhitida yangi sahifa ochdi.
AQSh prezidenti Donald Trampning “Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson” degan ta’rifi va yuzlab yangi yirik loyihalar amalga oshirilishi O‘zbekistonning xalqaro maydonda yanada kuchli va ishonchli hamkorga aylanayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, Trampning Mirziyoyevni “uzoq yillardan buyon xalq ishonchini qozonib kelayotgan, progressiv rahbar” sifatida baholashi tashqi siyosatimizga berilayotgan xalqaro e’tirofdir.
O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev Tramp bilan suhbati haqida gapirarkan, «O‘zbek xalqi aytadi va qiladi. Shunga biz ishontirdik», dedi.
Qozog‘istondagi siyosiy o‘zgarishlar
Ayni shu voqealar fonida qo‘shni Qozog‘iston tashqi siyosati sohasida jiddiy kadrlar almashinuvi yuz berdi.
Murat Nurtleu tashqi ishlar vaziri lavozimidan olinib, uning o‘rniga Yermek Kosherbayev tayinlandi. Shuningdek, Yerjan Ashikbayev Qozog‘istonning AQShdagi elchisi lavozimidan, Yerlan Alimbayev Qozog‘istonning Jenevadagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimidan, Zulfiya Suleymenova prezident maslahatchisi - Qozog‘iston prezidentining xalqaro ekologik hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili lavozimidan ozod qilindi.

Albatta, bu Qozog‘iston tashqi siyosatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi odatiy jarayon sifatida baholanishi mumkin. Biroq bu o‘zgarishlarning AQShga tashrif bilan bog‘liq holda sodir bo‘lishi ayrim mulohazalarni yuritishimizga asos bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyevning AQShga amaliy tashrifi kutilganidan ham yuqoriroq natija keltirgani bizga raqobat ko‘zi bilan qaralishiga sabab bo‘lmayotganmikin? “Aybdorlar” shu zaylda jazolanmadimikin?!
Bir jihatdan bu ham O‘zbekistonning diplomatik salohiyati va xalqaro nufuzi oshib borayotganini ko‘rsatadi. Qolaversa, bunday shubhaga borishimiz ham bejiz emas. E’tibor bersangiz, sportchilarimizning o‘zaro bahslarida ham qo‘shni mamlakat OAVlari “Qozog‘iston O‘zbekistonni tor-mor qildi” qabilidagi sarlavhalarni, ta’kidlarni juda ko‘p ishlatishadi.
Bunday chiqishlar O‘zbekiston OAVlarida deyarli kuzatilmaydi, nari borsa “derbi” sifatida izohlanadi. Ya’ni, bizda qo‘shnilarimizni ashaddiy raqib sifatida ko‘rish hissi kuchli emas va bunday bo‘lishini istamaymiz ham.
Biz raqib emas, yaqin sheriklarmiz
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT minbarida: “...Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”, deb bejizga alohida ta’kidlab o‘tmadi.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng asosiy g‘oya shundaki: bizlar o‘zaro raqib emas, balki bir-birimizni yanada kuchliroq qila oladigan sheriklarmiz. Xalqaro siyosatda har birimizning muvaffaqiyatimiz butun mintaqa obro‘siga xizmat qiladi.
O‘zbekiston AQSh bilan milliardlab dollarlik shartnomalarga erishar ekan, bu qo‘shni davlatlar uchun ham katta imkoniyatlar beradi. Chunki rivojlanayotgan mintaqaviy bozor, kuchayib borayotgan hamkorlik loyihalari hamma uchun foyda keltiradi.
Avvalgi chiqishlarimizda aytib o‘tgan edik, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosatda mutlaqo yangi yo‘nalishni tanlagan: dunyo bilan faol va ochiq muloqot qilish. Bu bag‘rikeng, faol va muvozanatlashgan siyosat so‘nggi yillarda o‘zini to‘la oqlaganini ko‘rish mumkin. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan uzoq yillar muzlab qolgan, chegaralar yopilgan, hatto harbiy mojarolar yoqasiga kelib qolgan munosabatlarimiz qayta tiklandi. Mavjud ziddiyatlar yo‘qqa chiqarilibgina qolmay, eng yaqin hamkorlarga aylandik.
Tashqi siyosatdagi o‘zgarishlar faqat siyosiy tus bilan cheklanib qolmadi, iqtisodiy nuqtai nazardan ham rivojlandi. Ilgari 30-35 million aholi bilan cheklangan ichki bozorimizni dunyoning yirik kompaniyalari o‘zlariga ep ko‘rmasdi. Endi esa butun Markaziy Osiyoni birlashtirish orqali 80 millionlik katta bozor taklif etmoqdamiz.
Shundan kelib chiqib, “qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalarini tashkil qilyapmiz, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.
Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida sub’yekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda”.
Bizga qo‘shnilar bilan munosabatlarda eng muhimi — raqobat emas, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, xalqaro maydonda tayanch, tirgak bo‘lish. Chunki dunyo sahnasidagi katta g‘alabalar yaqin hamkorligimiz va birdamligimiz orqali qo‘lga kiritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter