Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

So‘nmas dard (hayotiy hikoya)

So‘nmas dard (hayotiy hikoya)

Foto: Xabar.uz

9-mayni eskicha, sho‘rolarcha talqinda bayram qilish bizning, ayniqsa, bugungi avlodning ongu-shuuriga mos kelmaydi.

Bu — xalqimiz uchun balandparvoz “Ulug‘ Vatan urushi” emas, cheksiz iztiroblarga duchor qilgan qora kunlar edi. Urushning tugashi ham biz uchun shunchaki bayram qilinadigan “G‘alaba kuni”mas, frontda va front ortida jon bergan insonlar xotirasi, sabr va sabot bilan og‘ir damlarni yengib o‘tgan yaqinlarimizni qadrlash kunidir.

Mustaqillik yillarida bu kunning Xotira va Qadrlash kuni sifatida talqin etilishi esa tinchliksevar xalqimiz tabiatiga juda mos tushdi. Xotira va Qadrlash deganda biz, o‘sha mudhish urushda vafot etganlarni xotirlash va ayni paytda tirik qolganlarini qadrlashni tushunamiz.

Bu sana insonni, uning hayoti, fidokorligi va qadrini e’zozlash kuniga aylandi. Mana bir necha yildirki, xalqimiz 9 mayni shunday mazmun va ruh bilan nishonlaydi.

Muallifdan

1942-yil. Samarqandning Yerteshar qishlog‘ida faqat qariyalar, ayollar va bolalar qolgan. Erkaklar birin-ketin frontga yo‘l olgan, qishloq esa og‘ir sukunatga botgan edi. Faqat kechalari onalarning shivirlagan duosi eshitilardi.

Erta tugagan bolalik...

10 yoshli Farhod onasi Fotimabibi bilan yolg‘iz qolgandi. Fotimabibi kuni bilan dalada mehnat qiladi, bahorda ketmon bilan yer ag‘daradi, paxta ekadi, chopiq qiladi, bug‘doy o‘radi, kuz kelib qor uchqunlaganda ham paxta teradi. Tunda esa chiroq shu’lasida frontga ketganlar uchun kamzul qaviydi. Farhod qishloqdagi bolalar bilan har kuni dalada kattalar qilishi kerak bo‘lgan og‘ir mehnatni qiladi.

Bir kecha, g‘ira-shira chiroq nuri ostida, onasi unga qizg‘ish rangli maktubni uzatdi. Undan urushning ayanchli hidi ufurib turardi.

– Bu otangdan xat, – dedi Fotimabibi past ovozda. – U jangda yaralangan ekan. Duo qil, bolam...

Farhod maktubni ikki qo‘li bilan mahkam ushladi. Onasining ko‘zlaridan qalqigan tomchilar so‘lg‘in yuzini yuvib o‘tdi.

– Ona, otam qaytib keladimi? – so‘radi umid bilan.

Ona jim. Faqat shamol deraza o‘rniga yopilgan eski pardani pirpiratardi.

– Duo qil, bolam, duo qil...

Oylar o‘tdi. Qishning izg‘irinli kunlarida qishloqqa sovuq xabar keldi — so‘nggi maktub. Farhodning otasi — Bahrom aka Stalingrad yaqinidagi janglarda halok bo‘lgandi.

Fotimabibi qora xatni bag‘riga bosib, uzoq yig‘ladi. Keyin esa... xomush bo‘lib qoldi. Shu-shu, uning yuziga g‘am va alamdan boshqa his-tuyg‘u qaytmadi. Kechalari, Farhod uxlayotganida, titroqli ovozda shivirlagancha duolar o‘qirdi, xolos.

Farhod uchun ham bolalik davri juda erta tugagandi...

Front ortidagi jasorat

Har bir xonadon bir yoki ikki erkagi, farzandini yo‘qotgan, har bir uyda shamning so‘nggi uchqunlari lipillar edi.

Qishloqda anchadan buyon kulgi, quvonchdan darak yo‘q, faqat mehnat, dard, ochlik va sabr qolgandi. Ayollar va bolalar kun qorayguncha dalada ishlashardi.

Farhod har kuni saharlab Ergashali bobo boshchiligidagi bolalar guruhi bilan dalaga chiqardi. Ergashali bobo — mahallaning eng keksasi, usta dehqon edi. U ham frontdagi farzandlari uchun ishlashni o‘zining muqaddas burchi deb bilardi.

– Har bir don — bir o‘q, har bir ko‘sak paxta — bir qalqon, derdi u bolalarga tinimsiz.

Qizlar esa kunduzi paxta terib, kechasi uni chigitdan tozalab, kamzul qavishardi, ular orasida eng chaqqon va shijoatli qiz Muqaddas edi. Uning otasi ham frontga ketgan, onasi xastalikka dosh bera olmagan, o‘zi esa yosh boshi bilan singli va ukasiga bosh bo‘lib qolgandi.

Qahramon onalar

Fotimabibi va qishloq ayollari olislardan turib urushga qarshi kurashardi. U ham tuni bilan front uchun kamzullar tikar, qo‘llari qanchalik qaqshasa ham, tanada madori qolmasa ham, bardosh qilar edi.

Qo‘shnisi Nodira momo boshchiligida ayollar yig‘ilishib, frontdagi bolalar uchun ham issiq kiyimlar tikishardi.

– Biz tikkan har bir kamzulimiz — urush bolalarining tanasi uchun zirh bo‘ladi, derdi Nodira momo.

Yulduzli kecha

Osmon yulduzlarga to‘lib yonib turgan bir paytda, ikki do‘st ishdan horg‘in qaytar ekan, Farhod sukutni buzdi:

– Bilasanmi Hasanali, otam qaytmasa ham, men uning o‘rnini to‘ldiraman. Onam uchun, Yurtim uchun!

Hasanali ham yorildi. Bir parcha qog‘ozga orzusini bitib qo‘ygan ekan:

"Katta bo‘lsam, muhandis bo‘laman. Qishlog‘imizga katta ko‘prik qurib beramiz!"

Ushbu orzular go‘yo g‘alaba uchun bitilgan qasamdek edi.

Xotira va Qadrlash

Yillar o‘tdi. Ayanchli urush tugadi. "G‘alaba!" degan sadolar yangradi. Bu g‘alabaning ortida yo‘qotilgan minglab, millionlab otalar, aka-ukalar, sabr bilan jon kuydirgan ona va bolalarning jasorati bor edi.

Farhod katta bo‘ldi. U muhandis do‘sti bilan mahallasini obod qildi. Ammo har gal qish izg‘irini esganda, o‘sha mash’um kechalar, o‘sha xat, o‘sha titragan ona qo‘llari va bolalikdagi intizorlik dardi bilan yana qayta uchrashadi.

Ha, u bilardi: o‘sha ayanchli yillar nafaqat uning, balki butun o‘zbek xalqining qalbida o‘chmas dard qoldirgandi.

Lutfullo Tursunov

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring