Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIBning ikki «operi»ga hukm o‘qildi

IIBning ikki «operi»ga hukm o‘qildi

Foto:«Xabar.uz»

Namangan viloyat IIB  Jinoyat-qidiruv boshqarmasining (JQB) ikki nafar katta tezkor vakili jinoiy javobgarlikka tortildi. Ayni ma’lumotni viloyat sudidagi «Xabar.uz» manbasi tasdiqladi.

Unga ko‘ra, JQBning «oyog‘i yerdan uzilgan» ikki xodimi  ham Jinoyat kodeksining 234-(qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 206 (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish)moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.

Voqelikka ko‘ra, sudlanuvchilar E.Xudayberdiyev va K.Tulashev (ikkisi ham o‘ttiz yoshlar atrofida) 2020-yil 1-iyun kuni  qoq peshinda  Pop shahri markazidagi tamaddixonada yengil tushlik qilish jarayonida ishlatgan salfetkasini yerga tashlaydi. Ularning bunday qilig‘i tamaddixona ish yurituvchisi M. G‘afforovda e’tiroz uyg‘otadi: «yerga chiqindi tashlanmaydi-da, akalar?!».

Tanbeh «oper»lar yoqmaydi va shu joyning o‘zida ish yurituvchining «aqlini kirib” qo‘yishga tushadi. Avvaliga «qani tibbiy niqobing?» deya qo‘l telefoniga  M. G‘afforovni tasvirga oladi.  JQB xodimlarining o‘zlari ham jamoat joyida nikqobsiz yurgani bois ish yurituvchi ham ularni qo‘l telefoniga tasvirga olishga urinadi. Bunday javobni kutmagan «oper”lar maydalashib o‘tmaydi: ish yurituvchining qo‘l telefonini kuch bilan tortib olgach,  qo‘lini orqasiga qayrib, bir ikki musht tushirishadi-da, mashinaga «bosib», to‘g‘ri tuman IIBga olib kelishadi. Bu yerda ham urib-do‘pposlashadi, hatto G‘urumsaroyda sodir bo‘lgan qotillikni «bo‘yniga qo‘yvorish» bilan tahdid qilishadi...

Bir necha soatga cho‘zilgan jismoniy va ruhiy bosimlardan so‘ng, «xumori» bosiladi chog‘i, profilaktika inspektorini chaqirib, «54-modda bilan ma’muriy ish ochish”ni buyuradi. Profilaktika inspektori ham «miq» etmay buyruqni bajaradi va  M. G‘afforov bo‘yiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks(MJtK) 54-moddasini (karantin qoidalarini buzish)  iladi-qo‘yadi (keyinroq mazkur qo‘lbola «delo» tuman prokurorning protestiga asosan bekor qilinadi).

Ikki «oper»ning bunday «tarbiyaviy ishlari» ilgari qo‘l kelgan bo‘lishi mumkin (he yo‘q-be yo‘q, boz kuppa-kunduzi birovni «ichkari» olib kirvolib, bemalol kaltaklashdan bunaqa ishlar ular uchun odatga aylanganiga shubha qoldirmaydi), biroq bu safar hammasi teskari aylandi.

M. G‘afforov arizasiga asosan tuman prokuraturasi darhol ishga tushdi, surishtiruvda JQB xodimlarining qilmishi tasdiqlandi, kamiga sud-tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchi  «bosh miya chayqalishi, boshining peshona, burun, o‘ng bilak kaft bo‘g‘imi sohalarida qontalashlar, boshini o‘ng tomon peshona tepa sohasidagi jarohatlar» borligini aniqlab, ushbu jarohatlarni  shaxs o‘ziga-o‘zi yetkazishi ehtimoli kamligi haqida shahodat berdi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlagan paytda JQB xodimlarining paytavasiga qurt tushgani aniq. Yo‘qsa,  o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, jabrlanuvchidan uzr so‘rash asnosida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun  naq o‘n million so‘m tutqazib ketarmidi?! Biroq ularning bunday «himmati» ishni yengillashtirib, javobgarlikdan qutilib qolishlariga olib kelmadi baribir. Sud jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy-ma’naviy zarar qoplanganini qayd etishi barobarida ularga tegishli  jazo berdi-qo‘ydi. To‘g‘ri, tayinlangan jazo jarima shaklida bo‘ldi, biroq shuning o‘zi tizimdan ketishiga yetib ortadiki, qayta forma kiyishni endi orzu ham qilisha olmasa kerak...

Yana qaydam.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring