Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining Valiahd shahzodasi bilan uchrashdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining Valiahd shahzodasi bilan uchrashdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kunining ikkinchi yarmida Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi doirasida Jidda shahriga keldi.

Podshoh Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportda mamlakatimiz yetakchisini Makka mintaqasi rahbarlari, investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Jidda shahridagi «Qasr as-Salam» saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarini Saudiya Arabistonining Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud kutib oldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari ijro etildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saudning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi Saudiya Arabiston Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudga o‘zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazishni so‘radi.

Turli darajalardagi aloqalar ancha faollashgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kegashining yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatlarimiz munosabatlarni, eng avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish uchun ulkan salohiyatga ega.

Foto: Prezident matbuot xizmati.
Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoniga ilk davlat tashrifi buning uchun keng imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirdi.

Oliy darajadagi muzokaralar qarashlar va intilishlarning mushtarakligini namoyon etdi. Saudiyada «Nigoh - 2030» Davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani yuksak baholandi. Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarini transformatsiya qilishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining maqsad va vazifalari ushbu dasturga hamohangdir. Davlatlarimizda raqamli va «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini joriy qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Ishbilarmonlarning aloqalari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, tarkibini diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etildi. Mamlakatimizda Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilishi bu borada muhim qadamlardan biri bo‘ladi.

«Bugungi tarixiy uchrashuvimiz hamkorligimizni amaliy natijalar bilan boyitish, biznes aloqalari uchun «kuchli signal» bo‘lishiga aminman. Davlatlarimiz tadbirkorlari muloqotimiz natijalarini intiqlik va katta qiziqish bilan kutayapti», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Saudiyaning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistondagi tijorat banklari, yirik sanoat va infratuzilma ob’yektlarini xususiylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi. Bugungi kunda kunda «ACWA Power» kompaniyasi bilan jami 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan. Kimyo tarmog‘ida «SABIC» kompaniyasi bilan sheriklik istiqbollidir.

Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida mamlakatimiz hududlarida transport, suv ta’minoti, elektr tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bugun O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Uning yakunida energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.

Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bugungi kunda yurtimizda o‘n mingdan ziyod talaba Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tili hisoblangan arab tilini o‘rganmoqda.

Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining qator jihatlar yuzasidan qarashlari va yondashuvlari o‘xshashligi namoyon bo‘ldi. Davlatlarimiz xalqaro doirada bir-birini doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodning «Ekspo - 2030» Butunjahon ko‘rgazmasini o‘tkazish uchun nomzodini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xavfsizlik sohasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, Afg‘onistonda tinchlikni mustahkamlash va iqtisodiyotni tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish yuzasidan yakdil fikr bildirildi.

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining Shanxay hamkorlik tashkilotida Muloqot bo‘yicha sherik maqomini olayotganini olqishladi.

Muzokaralar natijalari bo‘yicha imzolangan hujjatlar almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi sharafiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud nomidan qabul marosimi o‘tkazildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring