Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sobiq Kadastr qo‘mitasi tizimi yer oldi-sotdisi bo‘yicha «bozor»ga aylangan go‘yo...» - Bosh prokuratura

«Sobiq Kadastr qo‘mitasi tizimi yer oldi-sotdisi bo‘yicha «bozor»ga aylangan go‘yo...» - Bosh prokuratura

Keyingi uch yilda yer resurslari va kadastr sohasini isloh qilishga oid 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Shuncha e’tiborga qaramasdan, sohada qonuniylik to‘liq ta’minlanganicha yo‘q. Aksincha, yer bilan bog‘liq qonun talablarini buzish odat  tusiga  aylanmoqda. Sobiq Kadastr qo‘mitasi tizimidagi ko‘p xodimlar yer sotishga shu darajada kirishib ketganki, hatto ular bu idorani yer oldi - sotdisi bo‘yicha «bozor»ga aylantirib   olishgan go‘yo...  

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, keyingi ikki-ikki yarim yil nari-berisida tizimning yuzlab xodimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Xususan, Toshkent shahri, Xorazm va Navoiy viloyatlarida 4 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 nafar, Jizzax, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida 6 nafardan, Sirdaryoda 7, Namanganda 8, Buxoroda 9, Surxondaryo va Andijonda 10 nafardan, Samarqandda 12 va Farg‘onada 28 nafar qo‘mita xodimlari yer bilan bog‘liq qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka   tortildi.

Umuman, keyingi ikki yilda yer sotish, talon - toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 473 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 543 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu jinoyatlarning  354 tasini firibgarlik, 71 tasini poraxo‘rlik, 37 tasini soxtakorlik kabi qilmishlar tashkil etadi. Mazkur jinoyatlar oqibatida «uddaburonlar» qariyb 11 mlrd.so‘m va 657 ming dollar miqdoridagi mablag‘ni   qo‘lga   kiritishgan.

Muammoning eng og‘riqli joyi shundaki,  oxirgi ikki yilda 300 nafardan ortiq mansabdor shaxs yer qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilganligi uchun jinoiy   javobgarlikka   tortilgan bo‘lsa, ularning 150 nafarini (yoki 50 foizini) yer kadastri xodimlari tashkil etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring