Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil aql bovar qilmas jinoyatda ayblandi

Isroil aql bovar qilmas jinoyatda ayblandi

G‘azo, Dayr al-Balah shaharchasi. Isroil bombardimonida halok bo‘lganlar.

Foto: AP

Isroil harbiylari G‘azo sektorida halok bo‘lgan falastinliklar jasadidan tana a’zolarini o‘g‘irlamoqda. Bu haqda Euronews telekanali Euro-Med Human Rights Monitor inson huquqlari tashkilotiga tayanib xabar berdi.

Isroil HAMAS harakatining joriy yil 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoda minglab tinch aholi vakillari o‘limiga olib kelgan harbiy amaliyotlarni davom ettirmoqda.

Qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan Euro-Med Human Rights Monitor xodimlariga ko‘ra, G‘azoda Isroil harbiylari qo‘liga tushgan jasadlarning buyrak, jigar, yurak kabi a’zolari yo‘qolgani aniqlangan.

Isroil askarlari G‘azodagi «Ash-Shifo» hamda Indoneziya shifoxonalaridan o‘nlab jasadlarni ham olib ketgan.

Tel-Aviv rasmiylari falastinliklar tana a’zolari o‘g‘irlanganini rad etib keladi.

Falastinliklar jasadidan tana a’zolarini yashirincha olish holatlari o‘tmishda ham kuzatilgan.

Isroillik vrach Meyra Vays (Meira Weiss) «Ularning jasadi osha» (Over Their Dead Bodies) deb nomlangan kitobida 1996-2002 yillarda falastinliklar tana a’zolari olinib, tibbiy tadqiqot maqsadida ishlatilgani, shuningdek, isroillik bemorlarga transplantatsiya yo‘li bilan o‘tkazilganini hikoya qilgan.

2014 yilda Isroil televideniyesi orqali efirga uzatilgan surishtiruvda yuqori lavozimdagi mulozimlar vafot etgan falastinliklar va afrikalik ishchilarning terisi isroilliklarni davolash uchun ishlatilganini tan olgan. Ko‘rsatuvda Isroilda teri zaxirasi shakllantirilgani ham qayd etilgan.

Buyuk Britaniyaning The Guardian gazetasi yozishicha, 2009 yilda jamoatchilikka taqdim etilgan intervyuda Tel-Aviv yaqinidagi Abu Kabir sud-tibbiy ekspertiza instituti sobiq rahbari Yehuda Hiss marhumlarning yaqinlari iznisiz jasadlardan ko‘z pardasi, teri, suyak, yurak klapanlari olinganini tasdiqlagan.

Euro-Med Monitor tashkiloti Isroilni dunyoda inson tana a’zolarining noqonuniy savdosi avj olgan markazlardan biri deb atagan.

Xalqaro tashkilot, shuningdek, yahudiy davlati askarlari 7 oktyabrda boshlangan harbiy amaliyot davomida halok bo‘lgan falastinliklar jasadini yaqinlariga qasddan bermayotgani muammosini ham ko‘targan.

Marhumlarni hurmat bilan dafn etish diniy, insoniy qadriyatlar sirasiga kiradi.  Euro-Med Monitor falastinliklarning jasadini yaqinlariga bermaslik orqali ularni jamoaviy tarzda jazolash maqsad qilingan deb hisoblaydi.

Tashkilot Isroilni xalqaro huquqqa muvofiq jasadlarni hurmat qilish va tana a’zolari o‘g‘irlanishi yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring