Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-iyundan boshlab nima o‘zgaradi

1-iyundan boshlab nima o‘zgaradi

2021-yil 1-iyundan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar bo‘yicha norma.uz portali batafsil sharh taqdim etdi.

Qurilish ustidan nazorat joriy qilinadi 

Ob’yektlardagi qurilish-montaj ishlari bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, garov, kafolat, zakalat tarzida ta’minlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablag‘larining 50%i - davlat budjetiga hamda qolgan 50%i - buyurtmachi xizmati hisobraqamiga yo‘naltiriladi;

  • buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va ta’minot harajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining ob’yektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanadi.

Pensiya - soddalashtirilgan tartibda

2005-yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;

  • uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
  • ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
  • pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
  • pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
  • pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har 6 oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish hamda mas’ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.

 Byurokratiya kamayadi

 Quyidagi tartib o‘rnatiladi:

  • fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
  • notarial harakatlarni amalga oshirishda FHDYo bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, «FHDYoning yagona elektron arxivi» AT orqali olinadi;
  • tadbirkorlik sub’yekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar va davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi.

  Quyidagilar bekor qilinadi:

  • xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda OIV kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti;
  • davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Ushbu hujjatlar elektron shaklda YaIDXP orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi;
  • FHDYo organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Agentlik va davlat xizmatlari markazlaridan so‘rash amaliyoti;
  • davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan hamda tadbirkorlik sub’yektlaridan quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish:
    • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser va narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
    • sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy, soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
    • manzil-ma’lumot axboroti va boshqalar.

To‘liq ro‘yxat bu yerda.

Uy-joy masalasi

Quyidagilar joriy etiladi:

  • ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:

a) fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkin;

b) subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchining daromadlariga u bilan birga yashamayotgan yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkin;

v) subsidiya olish uchun murojaat qilgan ariza beruvchidan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» AT (keyingi o‘rinlarda - Tizim) orqali olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni (ma’lumotlarni) talab qilish man etiladi;

g) uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnoma ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi;

  • Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga oylik pul kompensatsiyani to‘lash tartibi joriy qilinadi. U Tizimda ro‘yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun mahalliy budjet mablag‘laridan 6 oy davomida oylik ijara to‘lovining 50%i miqdorida, biroq 2,5 BHMdan (612 500 so‘m) oshmagan holda to‘lanadi.

 Bolalarga vitaminlar - bepul

 Aholining quyidagi toifalari quyidagilar bilan bepul ta’minlanadi:

  • 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan;
  • 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar «A» vitamini bilan;
  • 2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan.

Davlat organlarining funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o‘tkaziladi 

Davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Bunda:

  • Moliya vazirligi olib borilgan tahlillar, samaradorlikni o‘rganish natijalari va aniq hisob-kitoblari asosida salbiy xulosa berishi mumkin – bunda ularni o‘tkazish amalga oshirilmaydi;
  • davlat organlari va tashkilotlari ko‘rsatilgan funksiyalarni o‘zi muassis bo‘lgan davlat korxonalariga yuklay olmaydi;
  • Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining (DYHXX) nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini to‘xtatiladi. Bunda IIVga quyidagilar topshirildi:

- haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari hamda davlat xizmatlari markazlari bilan o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishini tashkil etish choralarini ko‘rish;

- tadbirkorlik sub’yektlarida haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘tkaziladigan nazariy va amaliy imtihonlar jarayoni ustidan DYHXX vakilining bevosita yoki onlayn nazoratini ta’minlash.

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi 

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30%i, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan (6 125 000 so‘m) miqdori «yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan kompensatsiya qilinadi;

  • professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan «yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘tagan vaqtida, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda professional ta’lim tashkilotlari tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan BHMning ikki baravari miqdorida (490 000 so‘m) har oylik subsidiya ajratiladi;
  •  «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining 50%i, biroq umumiy hisobda BHMning 5 baravarigacha bo‘lgan miqdori (1 225 000 so‘m) hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlari Yoshlar ishlari agentligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • «Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning haydovchilik kurslarida o‘qish xarajatlari BHMning 4 baravari miqdorigacha (980 000 so‘m) va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali Davlat budjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
  • XK va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga 6 oydan oshmagan «yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning BHMning 4 baravarigacha bo‘lgan qismi ko‘rsatilgan yuridik shaxslarga davlat budjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • yoshlarga xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50%gacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.

Tadbirkorlarga - yer, soliqlarni va bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash

Infratuzilmaga yaqin joylarda, shu jumladan respublika ahamiyatidagi yo‘llarga tutash bo‘lgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha unumdorligi past, foydalanishda bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlarini sanoat va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini barpo etish uchun loyiha asosida investorlarga «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali ajratishga ruxsat beriladi;

  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
  • 3 yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan TIFlariga bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring