Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

20-yanvar. Qizil imperiya sodir etgan qirg‘in...

20-yanvar. Qizil imperiya sodir etgan qirg‘in...

Ozarbayjonda mamlakat ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlar yodga olinmoqda. Bundan 34 yil avval umrining so‘nggi oylarini yashayotgan qizil imperiya jon talvasasida yana bir qirg‘inni amalga oshirgan edi.

20 yanvar – Umumxalq motam kuni munosabati bilan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Boku shahridagi Shahidlar xiyoboniga tashrif buyurdi va marhumlarga hurmat bajo etdi.

1990 yil 20 yanvarga o‘tar kechasi Ozarbayjon poytaxtiga sovet armiyasi jangovar qismlari kiritiladi. Harbiylar agressiyaga qarshi namoyishga chiqqan minglab ozarbayjonliklarni shafqatsiz jazolaydi. Tinch namoyishchilar tank, pulemyot va avtomatlardan o‘qqa tutiladi.

Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi bayonotida qayd etilishicha, o‘sha mash’um tunda milliy-ozodlik harakatini bostirish maqsadini ko‘zlagan sovet armiyasi bo‘linmalari Boku, Sumgait, Lenkoran va Neftchala shaharlarida tinch aholi vakillari – bolalar, xotin-qizlar va qariyalarni qirg‘in qilgan. 150 kishi o‘ldirilgan, 744 kishi jarohatlangan va 4 kishi bedarak yo‘qolgan.

Fojianing ertasi kuni mamlakat yetakchisi Haydar Aliyev Moskvadan aybdorlarni jazolashni talab qilgan va SSSR Kommunistik partiyasi safidan chiqqanini e’lon qilgan. Shu tariqa sho‘ro hokimiyatining qirg‘inni jahon hamjamiyatidan yashirishga urinishi yo‘qqa chiqqan.

«20 yanvar fojiasi Ozarbayjon milliy o‘zligining shakllanishiga taqdirulamal ta’sir ko‘rsatgan va mustaqil Ozarbayjon davlatchiligini tiklashda burilish yasagan. 34 yil avval sovet tuzumining harbiy, siyosiy va ma’naviy bosqiniga duchor bo‘lgan Ozarbayjon xalqi o‘zining ozodlik uchun kurashdek tarixiy an’anasiga sadoqat ko‘rsata bilgan», – deyiladi TIV bayonotida.

Ta’kidlanishicha, Qorabog‘ hududida milliy nizoning avj olishi, yuz minglab ozarbayjonliklar badarg‘a qilinishi va boshqa adolatsizlar ortidan mamlakatda milliy-ozodlik harakatining yangi to‘lqini yuzaga kelgan.

Ozarbayjon davlat agentligi e’lon qilgan maqolada 20 yanvar hodisalari batafsil bayon qilingan.

Fojia qurbonlari  dafn etilgan maskanda keyinchalik Shahidlar xiyoboni bunyod etilgan. 2000 yilda Ozarbayjon prezidenti farmoni bilan halok bo‘lganlarga «20 yanvar shahidi» faxriy unvoni berilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring