Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

23 yoshli o‘qituvchini urib yuborgan haydovchiga «Xabar.uz» surishtiruvidan so‘ng jinoiy ish qo‘zg‘atildi

23 yoshli o‘qituvchini urib yuborgan haydovchiga «Xabar.uz» surishtiruvidan so‘ng jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: «Xabar.uz»

14-mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingan 23 yoshli Diana Yenikeyevani katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgani haqida xabar qilgan edik.

Ushbu hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri voqea joyiga borib, maxsus surishtiruv o‘tkazgan edi.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi yuk mashinasi haydovchisining shaxsini aniqlagan va unga nisbatan jinoiy ish ochgan.

«2018-yil 14-mart kuni soat 13-00 da Kattaqo‘rg‘on tumani Alijon mahallasi hududidan o‘tuvchi M-37 yo‘lining 66-kilometrida E.A.B. boshqaruvida bo‘lgan I.Z.R.ning nomiga rasmiylashtirilgan «KamAZ» rusumli avtomashinasini boshqaruv huquqini beruvchi hujjatlarsiz Samarqand yo‘nalishi tomon boshqarib borib, yo‘lni kesib o‘tayotgan Yenikeyeva Diana Aleksandrovnani urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan», deyiladi «Xabar.uz»ga taqdim etilgan xatda.

D.Yenikeyeva olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Marhum Yenikeyeva Diana Aleksandrovna, 1995-yil 14-iyunda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Millati — rus. Ma’lumoti — o‘rta-maxsus. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi. Oilali, 1 nafar farzandi bor. Kattaqo‘rg‘on shahar Xorazmiy ko‘chasi, 14-uyda yashagan.

Haydovchi E.A.B., 1980-yil 20-aprelda Narpay tumanida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — o‘rta. Muqaddam sudlanmagan. Oilali, 3 nafar farzandi bor. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Tuman prokurori tomonidan jinoyat ishini sifatli va har tomonlama xolisona tergov qilish yuzasidan yozma ko‘rsatma berilgan.

Tergov harakatlari olib borish jarayonida D.Yenikeyevaning o‘limi sababi yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza hamda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan «KamAZ» rusumli yuk avtomashinasi bo‘yicha sudga oid avtotexnika ekspertizasi tayinlangan.

Prokuraturaning qayd etishicha, o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan, Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan.

Ularning fikriga ko‘ra, bunday ishlar joylardagi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining vazifasiga kiradi. Ta’lim muassasalarida esa o‘qituvchilar emas, balki xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimlar, bog‘bonlar shug‘ullanadi.

«Shu nuqtai nazardan, Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa, yosh pedagog Diana Yenikeyevaning o‘limidan chuqur qayg‘uda ekanimizni bildirgan holda, bu hodisani boshqa holatlarga bog‘lab talqin qilish, ommaga xolis turib yetkazmaslik internet tarmog‘i foydalanuvchilari o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otishga sabab bo‘ladi, deb hisoblaymiz», deyiladi xatda.

Skrin: «Xabar.uz»
Skrin: «Xabar.uz»
Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring