Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2500 chaqirim naridagi olamshumul urush

2500 chaqirim naridagi olamshumul urush

Quyida so‘z yuritayotganimiz o‘rta asrlar tarixida yirik janglardan biri hisoblanib, unda Amir Temur “o‘z davlati osoyishta yashay olishiga imkon beradigan bir sharoit yaratish, atrofda dushman davlatlar bo‘lmasligiga erishish”ni ko‘zlagan holda eng qiyin vazifani uddalagan edi. “Hazrat sohibqiron” kitobida yozilganidek, “Amalda notanish bo‘lgan dala sharoitida, son jihatdan ko‘p dushmanga qarshi jangda faqat qo‘shinni to‘g‘ri boshqara olish yo‘li bilan g‘alabaga erishildi...

Eslaylik, Amir Temur To‘xtamishxonning g‘animlik harakatlariga chek qo‘yish maqsadida 1391-yilning 19-yanvari, ya’ni qahraton qish o‘rtasida yo‘lga otlangan. 2500 chaqirim masofani olti oy davomida 200 ming askar bilan bosib o‘tib, 18 iyun kuni son jihatidan beadad bo‘lgan dushmanga to‘qnash kelgan.

Sohibqiron jangga kirishdan oldin yog‘iy ko‘z oldida otlardan tushib chodirlar tikishga amr etdi, ikki rakaat namozni ixlos bilan o‘qidi, faqat Haqdan nusrat tiladi. So‘ng, mana, yigirma besh yildirki Termiz yaqinida uchrashganlaridan beri u bilan safarlarda doimo birga bo‘layotgan Mir Sayyid Baraka qo‘l ko‘tarib duo qildi va aytdi: “Mo‘ljallangan ishlaringni amalga oshiraver, sen g‘olib bo‘lasan, Tangrining o‘zi senga madadkor bo‘ladi” (Mixail Ivanin. “Ikki buyuk sarkarda: Chingizxon va Amir Temur”. Toshkent, “Fan”, 1994, 176-bet).

Mazkur muhoraba harbiy san’atning yangi – tartibli usuli jahonda ilk marta qo‘llangani bilan tarixda alohida ajralib turadi. “Hech bir podshoh unday qilmaydur edi va eshitmaydur edi” deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy bu to‘g‘rida (Sohibqironning shu va boshqa harbiy san’at usullari keyinchalik Yevropa harbiy akademiyalarida o‘qitib borilgan).

Ko‘rilgan barcha chora-tadbirlar, jangchilarning jasurligi va tajribasi sohibqiron so‘zi bilan aytganda, chigirtka va chumoli kabi behisob qo‘shinga ega bo‘lgan To‘xtamish ustidan g‘alaba qozonishga olib keldi.

“O‘shandan “Oltin O‘rdaning mavqeiga putur yetdi. Ikki asrdan buyon butun Yevropaga tahdid solib turgan raqib chekindi, ularni ham yenga oladigan, tiz cho‘ktiradigan kuch dunyoda paydo bo‘lganini hamma bildi” (H.Sattoriy).

 Rossiya davlatchiligi taqdiriga bevosita aloqador bo‘lgan olamshumul voqea borasida uzoq muddat sukut saqlandi. To‘g‘ri, mazkur g‘alabani Rus uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan edi, deya tan olganlar ham bo‘ldi. Ular Amir Temur “To‘xtamishni yengish bilan Rus yeriga ob’yektiv suratda katta xizmat ko‘rsatgan”ligini alohida ta’kidlashdi. Ammo shu bilan birga boshqa o‘rinlarda: go‘yoki ”ruslar bilan jang qilishga botinolmagan”, “jur’at qilmagan”, “yuragi betlamagan” qabilidagi ayri qarashlar bilan uni kamsitishga urinishlar hukm surib turdi.

Bugungi, ya’ni yigirma birinchi asr boshlaridagi voqelikda sohibqiron Amir Temur va Oltin O‘rda xoni To‘xtamish qo‘shinlarining Qunduzcha daryosi bo‘yida 1391 yilda bo‘lib o‘tgan jangi o‘sha paytdagi Rus davlatining mo‘g‘ul zulmidan xalos bo‘lishida muhim ahamiyatga ega ekanligi, Rossiya xalqlari taqdiridagi o‘rni, mazkur mavzuni o‘quv adabiyotlarida yoritish masalalari tobora ko‘proq ta’kidlanmoqda va bu borada keng ko‘lamli izlanishlar, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shu jihatdan Poxlebkin degan rus olimining 2005 yili Moskvada chop etilgan “Tatarlar va Rus” degan kitobi ahamiyatli.

Mazkur tadqiqotda yoziladiki, birlashgan rus qo‘shini Kulikovoda erishgan harbiy, siyosiy va iqtisodiy yutuq Oltin O‘rda tomonidan ikki yil o‘tmayoq to‘la barbod qilingan, ya’ni siyosiy qaramlik amalda yanada kuchaygan, Moskvaning Tver, Nijegorod, Ryazan knyazliklari bilan munosabati yomonlashgan, Oltin O‘rdaga beriladigan o‘lponlar nafaqat qayta tiklangan, balki ikki baravar oshirilgan va hokazo...

– Keyingi barcha avlodlar shuuri orqali o‘tib kelgan ushbu mavzu so‘zsiz juda og‘ir qabul qilinadi, – deb qayta-qayta takrorlaydi Poxlebkin. – Ammo, o‘sha davrning shafqatsiz urf-taomillarini umumiy kontekstdan ajratgan holda qabul qilish kerak emas. Masalan, Moskva knyazi Saroyga berilgan o‘lpondan tashqari o‘z xazinasini to‘ldirish uchun maxsus soliqlar joriy etdi...

Shu tarz Kulikovo jangi natijalari yo‘qqa chiqarilib, Moskva knyazligida taraqqiyot yana yuz yil orqaga surildi va O‘rda bilan munosabatlar istiqboli uning uchun yana zulmat bilan o‘raldi. Agar yangi bir tarixiy hodisa yuz bermaganida O‘rda zulmi abadiy bo‘lib qolishi hech gap emasdi.

Xullas, Turon sultoni Amir Temur olib borgan urushlar natijasida Oltin O‘rda qo‘shinlari yo‘q qilindi, ikkala poytaxti ham xarobaga aylantirildi, mamlakat parokanda etildi va Oltin O‘rda davlatining umurtqasi sindirildi. Natijada Amir Temur 14-asrning oxirida olib borgan harbiy harakatlar tufayli Rusning O‘rda ustidan g‘alaba qozonishiga olib kelgan sharoit-omil vujudga keldi...

Yevropada ikki minginchi yilning birinchi yarmida ro‘y bergan eng qonli muhoraba deya sanaladigan Qunduzcha jangi bo‘lib o‘tgan joyning aniq o‘rni hozirgi kungacha ma’lum emasdi. Samaralik olim Aleksandr Oparin internet orqali o‘zining tug‘ilgan joylarini o‘rganar ekan, Kondurcha (ilgarigi Qunduzcha, muallif) va Sok daryolarini bir-biriga bog‘lab turgan 13 kilometrlik tuproq devorga e’tibor qaratdi. Bu tuproq devor 40–50 kvadrat kilometr hajmdagi maydonni yopib turadi.

– Ayon bo‘ldiki, Amir Temur harbiy qarorgohini o‘rta asr harbiy-muhandislik ilmi qonun-qoidalariga ko‘ra bunyod ettirgan va uning dam olgan va qorni to‘q navkarlari To‘xtamishga qarshi jangga kirib g‘olib chiqqanlar, –deydi Krasniy Yar qishlog‘i o‘lkashunoslik muzeyi direktori Yuriy Brikov.

Bir paytlar tarixda mashhur jang bo‘lib o‘tgan Malaya Kamenka qishlog‘iga yondosh daladan o‘q-yoy uchlari, 14-asrga oid tangalar, xanjar tig‘lari – hammasi bo‘lib 40 dona buyum topildi. Samara viloyat o‘lkashunoslik muzeyining yetakchi arxeologlari Dmitriy Stashenkov, Anna Kochkina qarorgohda qazish ishlarini boshlab yuborishgan. Mahalliy rassom Aleksandr Maligin To‘xtamish otliqlarining Temur qo‘shinlari o‘ng qanotiga to‘satdan qilgan hujumini aks ettiruvchi polotno yaratibdi!

Topilgan barcha buyumlar muzeyning yangi binosidagi ekspozitsiya zalida markaziy o‘rinni egallaydi.

Keyingi vaqtlarda Samara viloyatiga sayyohlarni jalb etish maqsadida har yili 18 iyun kuni Qunduzcha jangining teatrlashtirilgan tomoshasi tashkil etilmoqda. Samaralik maktab o‘quvchilari Rossiya tarixida chuqur iz qoldirgan jang bo‘lib o‘tgan shu maydonda ham xuddi Kulikovo va Borodinoda bo‘lgani singari yodgorliklar qo‘yilib, ertami-kechmi haqiqat tantana qilishini xohlaydilar.

Kezi kelganda, yana bitta e’tiborli va qiziqarli bir jihatni bilib olsak ortiqchalik qilmaydi: 2014 yili “Sharq” NMAK yozuvchi Qamchibek Kenja qalamiga mansub “Buyuk sohibqiron o‘tgan yo‘llarda” safarnoma asarini chop etdi. Kitobni varaqlagan kishi uning 224-225-sahifalaridagi bobning “Rossiyada o‘zbek hovlisi” deb nomlanganini ko‘radi. Mazkur bob Samara viloyatining obro‘ qozongan ishbilarmonlaridan biri haqida.

– U asli Surxondaryodan, denovlik O‘rol Jo‘rayev, – deya ta’kidlaydi kitob muallifi. – Rossiyada sohibqiron qadamjolarini o‘rganishda faol qatnashib turadi. Krasniy Yar tumani hududida joylashgan buyuk Amir Temur istehkomi o‘rnidan kattagina yer sotib olib, o‘zbekcha andozada chiroyli hovli-joy quribdi. Muzeyga o‘xshaydi. O‘zbekistonning kichik nusxasini ko‘chirib olib borgan, deysiz. O‘zbekcha hammom, tollar bilan qurshalgan hovuz, qo‘qoncha ravoqli shiypon...

Hamma narsasi bor. Biroq tug‘ilib o‘sgan yurtidan yiroqda yashaydi. Ozgina bo‘lsa-da, vatan sog‘inchini bosib turarmikan, degan ilinjda shu ishga qo‘l urgan-u tasodifan Amir Temur bobomizning qadami tekkan joylardan bir parchasiga egalik qilayotganidan boshi ko‘kda!..

Ming-ming hayratlar bo‘lsinki, Yaratganning dargohida, hadsiz-hududsiz osmonu falakning tasavvurga ham sig‘mas darajadagi ulkan va sonu sanoqsiz planetalari orasida o‘z o‘rnini topib sayrona yurgan Ona Yerimizda nimalar bo‘lmaydi, o‘zi! Hazrat sohibqiron bundan 625 yil muqaddam Movarounnahr davlati manfaatini ko‘zlab Oltin O‘rdaning umurtqa pog‘onasini sindirib g‘alaba qozongan va shu orqali Rus uchun ham xolis katta xizmatlar qilgan maydonda surxondaryolik bir yigit bu narsalardan boxabar bo‘lmagan holda mulk barpo etib tomir yoyishini kim ham o‘ylabdi, deysiz!..

Abdulla Xolmirzayev.

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring