6-mart kuni inson Oyga parvoz qilishi mumkin
NASA yarim asrdan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta Oy atrofida boshqariladigan parvozga tayyorgarlik ko‘rmoqda. To‘rt nafar astronavt «Artemida-2» dasturi doirasida 10 kunlik ekspeditsiyaga yo‘l oladi, deb xabar berdi agentlik.
Jamoa raketani uchirish bo‘yicha tayyorgarlik mashqlarini yakunladi va startoldi yakuniy sinovlariga hozirlanmoqda. Ushbu sinovlar davomida mutaxassislar tashuvchi raketani yoqilg‘i bilan to‘ldirishadi va to‘liq teskari sanoqni amalga oshirishadi. Agar jarayonlar muvaffaqiyatli yakunlansa, start 6 martga belgilanadi, dedi agentlik vakili Lori Gleyz.
Ekipaj tarkibiga uch nafar amerikalik — Rid Uayzman, Viktor Glover va Kristina Kox hamda kanadalik astronavt Jeremi Hansen kiritildi.
NASA aniqlik kiritishicha, Kristina Kox — Oy tomon parvoz qiladigan ilk ayol. Ayollar orasida orbitada uzluksiz eng ko‘p vaqt bo‘lish rekordi (328 kun) aynan unga tegishli. Viktor Glover esa bundan avval Xalqaro kosmik stansiyada olti oyga yaqin vaqt ishlagan va orbital majmuadagi uzoq muddatli ekspeditsiya tarkibiga kirgan birinchi afroamerikalik bo‘lgan edi.
Ekipaj Yer yo‘ldoshiga «Orion» kemasi o‘rnatilgan «Space Launch System» tashuvchi raketasida yo‘l oladi. Astronavtlar kapsula ichida 10 sutka qolishadi.
Ta’kidlash kerakki, Oyga parvoz davomida unga qo‘nish rejalashtirilmagan: kema uning orqa tomonini aylanib o‘tadi va Yerga qaytadi. Agentlikning hisoblashicha, ushbu missiya yangi ma’lumotlarni olish va odamlarni Oy yuzasiga tushirish rejalashtirilgan keyingi «Artemida-3» ekspeditsiyasiga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: inson oxirgi marta 1972-yil dekabr oyida «Apollon-17» missiyasi davomida Oyga uchgan edi. O‘shanda astronavtlar yo‘ldosh yuzasida jami 75 soat vaqt o‘tkazishgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter