Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdug‘ani Sanginov yirik suv inshootini qurmoqda (foto)

Abdug‘ani Sanginov yirik suv inshootini qurmoqda (foto)

Foto: Xabar.uz

Ushbu suv inshooti to‘g‘onining balandligi 200 metrga yetib, O‘zbekiston hududida eng baland to‘g‘on bo‘ladi.

«O‘zbekgidroenergo» raisi Abdug‘ani Sanginov  rahbarligida 799,6 mln. dollarga teng investitsiya  hisobiga Pskom GES qurilmoqda. Bugun, 25 noyabr kuni GESning birinchi to‘g‘onini to‘sish ishlariga start berildi. 

Loyiha 2026 yilda to‘liq foydalanishga topshiriladi hamda yiliga o‘rtacha 946,1 mln. kVt. soat elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar yaratiladi.

Foto: Xabar.uz

«Pskom GESning elektr energiya imkoniyati 400 MVtni tashkil etadi. Kattaligi bo‘yicha Pskom GES Chorvoq GESdan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Pskom GES yiliga 950 mln. kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va elektr energiya yetkazib beruvchi eng kerakli manba hisoblanadi. Pskom GESning qurilish maydoni geologik sharoitlari murakkabligi, yirik inshootlarni qurilishi rejalashtirilganligini inobatga olib, 2018 yil 24-26 sentyabr kunlari Rossiya va Ukraina davlatlarining gidroenergetika sohasidagi yetakchi geolog-mutaxassislarini jalb qilgan holda «Pskom GESni loyihalash va qurish xususiyatlari» bo‘yicha xalqaro texnik konferensiya o‘tkazildi. Qolaversa, bu to‘g‘onimizning balandligi 200 metr bo‘lib, O‘zbekiston hududida eng baland to‘g‘on bo‘ladi. Inshootda 500 mln.m3 suv to‘planadi. Chorvoq suv ombori uchun zahira suv sifatida xizmat qiladi», — deydi Abdug‘ani Sanginov.

Loyihaning geologik asosnomasi va geologik qidiruv materiallari Rossiyaning «Lengidroproyekt» AJ tashkiloti tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan. Shu bilan birga, «B.Ye. Vedeneyeva nomidagi VNIIG» AJ Gruntlarni statik tadqiqot laboratoriyasi tomonidan loyiha doirasida olingan grunt namunalari uch o‘qli siqish sinovidan o‘tkazilgan. Mazkur sinov ishlari natijalariga ko‘ra, «Lengidroproyekt» AJ tashkiloti Pskom GESning asosiy inshootlari joylashgan hududlarning geologik sharoiti bo‘yicha 2018 yil dekabr oyida xulosa taqdim etgan.

Moskvaning «Institut Gidroproyekt» AJ mutaxassislari qo‘shimcha geologik-tadqiqotlarni uslubiy boshqarish va yangi olingan materiallarni qayta ishlash uchun jalb qilindi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining «Ingeoproyekt» MChJ tashkiloti tomonidan Pskom daryosi tubida burg‘ulash ishlari olib borilganligi ta’kidlangan.

«Loyihani boshlashdan oldin Rossiyadan o‘nta payvandchini olib kelib bu yerda ishlovchi har bir payvandchini bir yarim yil davomida o‘qitdik. Bu inshootni qurib bitkazish ulkan mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, bu bir-biri bilan bog‘liq jarayon bo‘lib, qaysidir materialdagi sifat ko‘rsatgichi pasayib ketsa bu, albatta, kelajakda yaxshi natija bermaydi. Shuning uchun biz barcha etiborimizni ishning sifatiga qaratganmiz. Loyiha ishga tushishi bilan 5000 kishi uchun ish o‘rni yaratiladi. Bu yerda shaharcha barpo qilamiz. Maktab, shifoxona, bolalar bog‘chasi va aholi uchun zarur bo‘lgan har qanday xizmat turlari olib kelinadi. Katta miqdorda pul sarflayapmiz, kelajakda xalqimiz uchun 100 yillar davomida manfaatli bir loyiha bo‘lishini istaymiz», — deya ta’kidladi Sanginov.

Pskom suv ombori to‘la hajmda 511,2 mln. m3 suvni tashkil qilib, undan olinadigan samarali suv kubi esa 468,9 mln. m3ga yetadi. Pskom daryosida ushbu GES qurilishi mamlakatimizda yoqilg‘i energetik resurslarini samarali saqlab qolinishini ta’minlaydi. GES quvvati yiliga 300 ming tonna shartli yonilg‘i o‘rnini bosadi. Bu bilan 250 mln. m3 tabiiy gazni tejab qolish mumkin.

Pskom daryosida Pskom GESni qurish  investitsiya loyihasi doirasida, umumiy qiymati 799,6 mln. dollarga teng investitsiyani o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada belgilangan ishlarning hajmi va texnologik murakkabligidan kelib chiqib, loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Birinchi bosqich, 2018-2021 yillar mobaynida 412 mln. dollarga teng bo‘lgan ob’yektlarni qurish ishlari, jumladan, gidrotexnika inshootlari, yer osti suv o‘tkazuvchi tunnellar, GES binosi va 260 km uzunlikka teng elektr energiyasini uzatish tarmoqlari hamda infratuzilma ob’yektlarini qurish ishlari bajariladi.

2022-2026 yillar davomida suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida loyihani amalga oshirish davrida qiymati 1,06 mln. dollarga teng 2 dona kichik bosimda ishlaydigan vaqtinchalik ishchi g‘ildiraklarni o‘rnatish hisobiga jami 401,5 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mo‘ljallangan.

Ikkinchi bosqich, ya’ni 2022–2026 yillar mobaynida 387,6 mln. dollarga teng bo‘lgan to‘g‘on qurish ishlarini amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur to‘g‘onni barpo etish yuzasidan Pskom GESning 1-to‘siq darvozasini yopish ishlari olib borilmoqda. Endilikda Pskom daryosi suvi Pskom GESning 1-to‘siq darvozasi orqali oqib o‘tadi. Hozirda daryoda suv sekundiga 280 metr kub oqadi.

Loyiha 2026 yilda to‘liq foydalanishga topshiriladi hamda yiliga o‘rtacha 946,1 mln. kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar yaratiladi.

Avvalroq, Surxondaryo viloyatida «Zarchob-2» kichik gidroelektrostansiyasi ishga tushirilgani haqida xabar qilgan edik. Ushbu inshoot loyihaviy quvvatiga ko‘ra 38,2 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring