Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ahmadboy»ga yana jazo tayinlanishi mumkin

«Ahmadboy»ga yana jazo tayinlanishi mumkin

Foto: «Repost.uz»

Chinozlik Ahmadjon Tursunboyev yana jamoatchilikning diqqat markazida. Unga nisbatan ochilgan jinoyat ishining yana bir qismi sudga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar A.Tursunboyev va boshqalarga (sudlanuvchilarning umumiy soni – 16 nafar) nisbatan (jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismi bo‘yicha) ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi X.Shermuxamedov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Sudlanuvchilar A.Tursunboyev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Bugunga kelib 11 500 dan ziyod jabrlanuvchilarning 7 000 dan ortig‘i so‘roq qilindi, 20 nafar guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.

Sud jarayoni davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Ahmadboy» nomi bilan tanilgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan o‘tgan yilning 21-fevralda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tegishli hukm chiqargan edi. Unga ko‘ra, Ahmadjon Tursunboyevga 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangandi. Unga, shuningdek, bir yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanib, eng kam ish haqining 400 baravari miqdorida jarimaga tortilgandi.

Bo‘lib o‘tayotgan sud esa ushbu jazo oxirgisi emasligini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring