Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish xizmati xususiylashtiriladi – loyiha
Energetika vazirligi respublika hududlarida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonlari xususiy sektor sub’yektlarini jalb etishga doir Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonlari hududdagi iste’molchilarning umumiy sonini inobatga olgan holda xususiy operatorlarga ishonchli boshqaruvga berish ishlarini 2026-yil 1-sentyabrdan boshlash reja qilinmoqda.
Bunda xususiy operatorlar umumiy aholi iste’molchilari soni 100 mingdan ko‘p bo‘lgan, geografik jihatdan bir-biriga yaqin joylashgan tuman va shahar hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilinadi.
Yangi tartib, loyihaga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrga qadar Samarqand viloyatida, 2026-yil 1-avgustga qadar esa tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani, Andijon viloyati Andijon tumani, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ishga tushadi.
Vazirlikning qayd etishicha, bugungi kunda 3,7 mln aholi iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Hozirgi kunda iste’molchilarning 3,6 mln.tasi (94 foiz) 40 kungacha, 205,3 mingtasi (5,4 foiz) 50 kungacha, 3,1 mingtasi (0,08 foiz) 50 kundan ortiq muddatda suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda.
O‘tgan yillar davomida suyultirilgan gaz faoliyati to‘liq zararda (2022-yil – 151,9 mlrd so‘m, 2023-yil – 192,9 mlrd so‘m, 2024-yil – 81,4 mlrd so‘m zarar) faoliyat ko‘rsatib kelgan, shuningdek xarid qilish va sotish o‘rtasidagi korxona marjasi mazkur faoliyatni yetarli darajada ishlab turishiga va modernizatsiya qilinishiga hamda to‘liq raqamlashtirilishiga imkon bermagan.
Bundan tashqari, faoliyat yetarli darajada moliyalashtirilmaganligi hamda suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan bog‘liq avtotransportlar, gaz to‘ldirish inshootlari va maishiy gaz ballonlar yangilanib borilmaganligi ularni jismonan va ma’nan eskirib borishiga sabab bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gaz miqdorlari yildan yilga kamayib bormoqda. Jumladan, 2025-yilda ajratilayotgan suyultirilgan gaz miqdorlari 519 ming tonna, 2024-yilda – 610,5 ming tonna, 2023-yilda – 628,6 ming tonnani tashkil etgan. Bundan ko‘rinib turibdiki suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan yildan yilga pasayish kuzatilmoqda.
Aholi ehtiyojlari uchun o‘rtacha oylik 56 ming tonna suyultirilgan gaz zarur bo‘ladi. «Hududgazta’minot suyultirilgan AJ tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJdan imtiyozli narxda jami ishlab chiqarilgan suyultirilgan gazni yoki oyiga 29 ming tonna (dekabr oyida) xarid qilmoqda. Bu ko‘rsatkich yildan-yilga kamayib boryapti.
Ehtiyojning qolgan 17 ming tonnasini bozor narxida qilish zarur bo‘ladi. Aholiga sotish narxida o‘rnatilgan tarifda suyultirilgan gaz «O‘zbekneftgaz» AJdan xarid qilinadigan imtiyozli narxida hisobga olingan. Bugungi kunda imtiyozli narx 750 so‘m/kg, bozor narxi 7000 so‘m/kg, aholiga sotish narxi 2000 so‘m/kg. Shu sababli «Hududgazta’minot» AJga narx o‘rtasidagi tafovutni qoplash manbasi yaratilmasa, ushbu zarur hajmda suyultirilgan gazni xarid qilish imkoni bo‘lmaydi. Natijada davriylik 35 kundan 65-70 kungacha ortishiga olib keladi. Bu esa aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter