Akrom Malik ozodlikka chiqarildi
![Akrom Malik ozodlikka chiqarildi](https://xabar.uz/static/crop/1/0/920__95_1017971017.jpg)
Bugun, 27-avgust sanasida navoiyshunos olim, shoir va yozuvchi Akrom Malik ozodlikka chiqdi. Bu haqda uning ijod namunalarini berib boruvchi «Akrom Malik qaydlari» telegram-kanali ma’lum qildi.
Akrom Malik 2016-yilning iyul oyida MXX tomonidan qamoqqa olingan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159-moddasi («Konstitutsion tuzumga tajovuz») hamda 244-moddasi («Jamoat xavfsizligiga tahdid») bilan ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Uning muxolifatdagi Muhammad Solih bilan hamkorligi va Abdulloh Nusrat taxallusi ostida yozgan siyosiy-tanqidiy maqolalari jinoyat sifatida baholangan.
Akrom Malik qamoqda ham ilmiy va badiiy ijodni davom ettirgan. Uning qalamiga mansub «Jangchi», «Halqa» qissalari, «Qalbning ichidagi nur» risolasi va bir necha she’rlari ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka yetib borgan.
O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan bir guruh mahkumlar qatorida Akrom Malik ham afv etildi.
Roppa-rosa bir yil avval Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi 48-manzil-muassasada jazo muddatini o‘tayotgan Akrom Malik mazkur muassasada saqlanayotgan mahkumlar nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘llagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter