Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon tumani hokimi: O‘zi xon, ko‘lankasi maydonmi?

Andijon tumani hokimi: O‘zi xon, ko‘lankasi maydonmi?

Illyustrativ foto

Taniqli kulgi ustasi Hasan Yo‘ldoshev tomonidan ijro etilgan «Jo‘ra Hamdam» intermediyasini katta avlod vakillari hamon yodga olib turishadi. Uning qisqacha mazmuni shunday: muxbir tuman madaniyat uyiga boradi. Mutasaddilar faoliyati bilan qiziqadi. Buni qarangki, madaniyat uyi direktori, badiiy rahbari, kutubxona mudiri, hatto sozandayu xonandasi ham Jo‘ra Hamdam bo‘lib chiqadi...

Bugun Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning ish faoliyatida aynan Jo‘ra Hamdamning ish tutumi ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. U kishi bilan yuzma-yuz kelish, oddiy fuqarolarni qo‘ying, hokim o‘rinbosarlari, tashkilot, muassasa va korxona rahbarlari uchun jon olib, jon berish bilan barobar desak, mubolag‘aga yo‘ymaysiz.

Salkam besh yil tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limiga rahbarlik qilgan O‘tkirbek Umrzoqov endigina ish boshlagan hokimga yoqmadi. Har yig‘inda, majlisda he yo‘q, be yo‘q, O‘tkirbekni «bosh qahramon» qilaverdi. Bunday munosabatdan bezigan bo‘lim boshlig‘i ishga chiqmay qo‘ydi. Hokim bir qator kadrlarni sinovdan o‘tkazgandan so‘ng, oradan besh yil o‘tib 2017 yili yana O‘tkirbek Umrzoqovga yuzlandi:

Aka-uka bo‘lib ishlaymiz, o‘z ishingizga qayting!

Men lafzga ishonib, yana ishga chiqqanim uchun ko‘p o‘tmay pushaymonlar yedim, deydi O‘tkirbek Umrzoqov. 200 nafardan ziyod fermerlar ishtirokida dala ko‘rigi o‘tkazilayotgan edi. Ko‘zga xiraroq dala tashlangan zahoti hokim o‘ta behurmat qilib tashladiki, yer yorilmadi men kirib ketmadim. Qaytib tuman darajasida ishlashdan o‘zimni tortdim...

Keyingi yillarda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi rahbari oz emas, sakkiz bor almashtirildi. Ular orasida tajribali mutaxassis, yaxshi tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lganlar bor. Jumladan, Ulug‘bek Hojibekov yirik shirkat xo‘jaligida mehnat faoliyatini boshlab, pog‘onama-pog‘ona yuqori lavozimlarga loyiq ko‘rilgan. Avvalgi chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatligiga saylangan hatto. 2007 yildan buyon «Yorboshi kelajagi» fermer xo‘jaligi rahbari sifatida atrofidagilarga ibrat bo‘lib kelgan.

Ulug‘bek Isomiddinov adashini tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi rahbarligiga taklif etdi va oradan ko‘p o‘tmay, asosi mavjud bo‘lmagan bahonalar bilan vazifasidan ozod qildi.

Hokim viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlayotgan Saidbek Teshaboyevni iltimos bilan tumanga ishga olib ketdi. Biroq hafta o‘tib-o‘tmay, Saidbek Teshaboyev ham ko‘rinmas o‘qqa duchor bo‘ldi. Hokimning tabiatimizga to‘g‘ri kelmaydigan «qochiriq»lari uning nafsoniyatiga tegdi...

Shu o‘rinda Saidbek haqida to‘xtalib o‘tsak. U professional agronom sifatida nainki Andijonda, hatto respublika miqyosidagi ishchi guruhining doimiy a’zosi bo‘lib, obro‘-e’tibor qozongan. Ayniqsa, g‘allachilik borasida dunyo tajribasiga e’tibor qaratgan hamda o‘nga yaqin davlatlarda amaliyot o‘tagan. Xorijda olgan bilimlarini ishlab chiqarishga tatbiq etish borasida izlanishdan to‘xtamaydi.

Xullas, hokim tazyiqiga giriftor bo‘lganlarning aksariyati o‘z xaridoriga ega bo‘lgan insonlar.

Ulug‘bek Isomiddinov Andijon tumanida olti yildan buyon ishlayotgan bo‘lsa-da, munosib kadrlar tizimini yarata olmagani tobora oydinlashib bormoqda. Borlarini esa ishdan bezdiraverganidan kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylandi. Birgina tuman mashina-traktor parkida rahbar yetti bor almashdi. O‘simliklarni himoya qilish markazida besh marotaba, «Qishloqxo‘jalikkimyo»ning tuman filialida uch bor, suv xo‘jaligi tizimida to‘rt karra rahbar-kadrlar yangilandi. Hokimning agrar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi yaqindagina tashkil etilgan bo‘lsa-da, bu mansabga ikkinchi odam o‘tirishga muvaffaq bo‘ldi. Pillachilik korxonasi rahbarini yangilash ro‘molchani almashtirishdan osonroq bo‘lmoqda.

Har gektar yerdan 62 sentnergacha paxta, 75 sentnergacha g‘alla tayyorlagan «Gulshan Axtachi» fermer xo‘jaligi rahbari Ibrohimjon Alimovning mehnatlari e’tirof etila boshlandi. O‘z vaqtida Bosh vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatgan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ikki bor «Gulshan Axtachi» fermer xo‘jaligi ishi bilan tanishgan edi.

Shu fermer ham Ulug‘bek Isomiddinovning ko‘ziga o‘zgacha ko‘rina boshladi. 2015 yili g‘alla mavsumida Ibrohim Alimovning oyog‘ini shunday chaldiki, u kuzga arang yetib bordi. Hokim bosh turib, ertapishar «Chillaki» donini o‘z vaqtida o‘rdirishga, kombayn tushirishga yo‘l bermadi, maqsad «bo‘yin egmas» fermerni chuv tushirish edi.

Fermer yil yakunidan so‘ng g‘allani ekib, yerni shudgorlab, so‘ngra qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga artdi va yerni zaxiraga topshirishga majbur bo‘ldi... Bugungacha xo‘jalik a’zolari xonadonlariga baraka olib kirgan fermerni tillaridan tushirishmaydi.

Afsuski, nainki qishloq xo‘jaligida, barcha sohalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalasida «eksperiment» o‘tkazish davom etmoqda. Biroq natijadan darak bo‘lmayapti.

Irrigator shaharchasida yashovchi uch farzandning otasi, ehtiyojmand oila rahbari, kosiblikning hadisini olgan Dilshodbek Kenjayev shapaloqdek yerga o‘rnatiladigan yengil konstruksiyadagi ko‘chma do‘kon qurish uchun besh yildan buyon yelib-yuguradi. Ayni masalada tuman hokimligi huzuridagi yer  uchastkalarini realizatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqish     komissiyasi a’zolari ijobiy xulosa berishgan. Biroq tuman hokimi to‘nini teskari kiyib, hunarmandning iltijolariga parvo ham qilib qo‘ymadi. Orada Dilshod Kenjayev viloyat hokimining sayyor qabuliga arz-dod bilan keldi. Hatto Prezident maslahatchisining viloyatda o‘tkazilgan qabulida ham ayni shu masala ko‘tarildi. Viloyat hokimi va Prezident maslahatchisi ushbu murojaat yuzasidan tuman hokimiga topshiriq berishgan. Ammo bu «og‘ir» vazifani bajarishdan ko‘ra yolg‘on-yashiq ma’lumotlar bilan aldash jo‘nroq ekanligini his etadigan hokim hanuzgacha bir tishlam nonni halol topay, deya harakat qilayotgan hunarmandni sarson-sargardon qilmoqda. Xrabek qishlog‘idagi Bog‘i Eram mahallasi markazdan ancha uzoqlikda joylashgan. Yuzdan ortiq xonadonda umrguzaronlik qilayotgan 600 nafardan ziyod fuqarolar bir paqir suvni 1,5-2 ming so‘mdan sotib olishayotganligi, chorva hayvonlari saqlash esa yanada azob ekanligini tuman hokimi bilmaganmi? Besh qo‘ldek biladi. Ayni masalada mahalla faollari o‘n marta emas, kamida yuz bor najot izlab hokimlikka borganliklari ma’lum-ku.

Viloyat hokimi olis hududdagi mahalla muammolarini yechishga vaqt topdi va ishlar boshlanib ketdi. Mahallaga borsangiz, ko‘tarinkilikni ko‘rib quvonasiz. Ana shu ko‘tarinkilikni hudud yetakchisi sifatida Ulug‘bek Isomiddinov yaratsa bo‘lmasmidi?

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgarishlar izchil tarzda amalga oshirilmoqda. Ana shu o‘zgarishlar tufayli bog‘dorchilik, uzumchilik va sabzavotchilik imkoniyatlari kengaymoqda. 2017-2018 yillarda tumanda 485 gektar g‘alla-g‘o‘za maydoni boshqa ekinlar uchun ajratildi. Diqqat bilan kuzatsangiz, Ulug‘bek Isomiddinov bu imkoniyatdan o‘zgacha foydalanayotganligi ayon bo‘ladi.

2017 yil kuzida hokimning talabi bilan A. Ismoilov nomli massivda joylashgan «Toshtemir Avaz saxovati» fermer xo‘jaligi rahbari 7 gektar yerni zaxiraga olishini so‘rab, ariza yozib berdi. Yuqori hosilli, unumdor yerda yangidan fermer xo‘jaligi tashkil etilib, sarimsoqpiyoz ekish boshlab yuborildi. Yakun chiqmasligi oydinlashgach, bahorda sarimsoqpiyoz haydaldi va o‘rniga makkajo‘xori ekildi.

Atrofdagilar hayron. Makkajo‘xori parvarishi bilan sarimsoqpiyozchilar emas, hech kim tanimaydigan notanish kimsalar shug‘ullanishdi. Yonilg‘i, o‘g‘it, chopiq traktorlari borasida muammolar bo‘lmadi... Hosil pishib, silosga aylangandan so‘ng o‘sha 7 gektar unumdor yer yana... «Toshtemir Avaz saxovati» fermer xo‘jaligiga qaytarildi.

Bu yagona holat emas. Oxunboboyev nomli massivda ball-boniteti bo‘yicha yuqori turadigan 10 gektarga yaqin maydonga ham to‘qsonbosdi ekildi va yarim yo‘lda egasiz qoldi. Natija shuki, mahalla bu yerdan yaylov sifatida foydalandi. Endilikda esa «yaylov-dala» tadbirkorlarga issiqxonalar qurishga taqsimlanmoqda.

I.Bakirov massividagi «Qurbonbek ishonchi» fermer xo‘jaligining g‘o‘za ekiladigan 15 gektar unumdor yeri esa tuman hokimining iltimosi bilan zaxiraga olindi. Mazkur maydon kam hosilli dala maqomida bog‘dorchilikka ajratildi.

Bu misol davlat miqyosida olib borilayotgan siyosatga oid yagona xiyonat emas. B. Omonov nomli massivda 25 gektar atrofidagi g‘alla-paxta maydoni bog‘dorchilik, uzumchilik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z egalarini topdi. Qishloqdagilar yangi mulkdorlarning aksariyatini tanishmaydi. Bog‘-rog‘larda mehnat qilayotganlarning ko‘pchiligi Namangan viloyatining Chust tumanidagi Olmos qishlog‘idan kelishadi.

Ulug‘bek Isomiddinov hokim bo‘lgandan buyon tumanda paxta tayyorlash rejasi bajarilmaydi. Unga yerning unumdorligi yoki kam quvvatliligi ahamiyatga ega emasday. Yorboshidagi I.Bakirov nomli shirkat xo‘jaligi avval iqtisodiy jihatdan kuchli o‘ntalikda bo‘lganligi ma’lum. Bugun massiv dalalarini erinmay kuzatsangiz, beixtiyor «attang» deyishdan o‘zingizni tiya olmaysiz.

Prezident farmoni bilan 2008 yil 1 yanvardan boshlab aholiga turarjoy uchun yer uchastkalari ajratish to‘xtatilgan. Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan tashqarida bo‘lgan yerlardan uchastka berish mumkin bo‘lgan holda faqat kimoshdi savdosi orqaligina amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.

Namunali turarjoylar bahonasida yer uchastkalarini pinhona ajratish tuman rahbari uchun odatiy holga aylangan. Oxunboboyev nomli, Cho‘lpon nomli massivlarda hamda Kamolot mahallasi ortida qancha uy-joylar qad ko‘targanligi fikrimizni dalillaydi.

Xakan qishlog‘idagi «Qo‘chqor ota» qabristoni qadimiyligi bilan ajralib turadi. Faollar va ko‘ngillilar mazkur qabristonni obodonlashtirish borasida tashabbus bilan chiqishdi. Tadbirkorlardan biri Xorazmdan ustalar olib kelib, oldi tomonga ko‘rkam devor qurdi. Qabriston darvozasi va hovlisida bir necha yuz million sarflash orqali go‘zal va bu yerga keluvchilarga qulaylik beradigan joy barpo etish rejasini tuzishdi. Afsuski, bu tashabbus Ulug‘bek Isomiddinov tomonidan bo‘g‘ildi. Yugur-yugurlardan so‘nggina viloyat hokimi aralashuvi bilan masala tashabbuskorlar foydasiga hal bo‘ldi. Aytish joizki, «Qo‘chqor ota» qabristonida olib borilgan bunyodkorlik ishlari boshqalar uchun o‘rnak bo‘ladigan darajada bo‘lsa-da, tuman hokimligidan biror zot kelib, hatto «Hormang!» deyishga yaramadi.

«Qo‘chqor ota» qabristoni o‘ramida aholi zich joylashgan. Ana shundan kelib chiqib shirkat xo‘jaligi tugatilayotgan pallada insof doirasida qabristonning kelgusida kengayishi hisobga olingan holda 2 gektar atrofida yer qaror bilan qoldirilgan. Yerdan vaqtincha foydalanish «Madadkor» fermer xo‘jaligiga biriktirilgan edi. Yoshu qari qurilish va obodonchilik bilan band bo‘lgan bir vaqtda to‘rt kishiga 35 sotixdan dehqon xo‘jaligi tashkil etishga yer ajratilganligi haqida tuman hokimi qarori chiqqanligi dard ustiga chipqon bo‘ldi.

Faollar, ayniqsa, keksalar hokimning bu qaroriga qarshi chiqishib, qabristonning yangi egalari tomonidan o‘tqazilgan mevali ko‘chatlarni sug‘urishib, bog‘lashib, so‘ngra tegishli mutasaddilarga xabar berishdi. Shundan so‘ng mazkur holat tinchigandek bo‘ldi. 2018 yil kuzida marhamatlik tadbirkor ayni zaxira yerda qandaydir qurilishni boshlash taraddudiga tushdi. Xayriyatki, insofli tadbirkor ekan. Faollarning so‘zlarini vujudi bilan tinglab, mahalladan uzr so‘rab, qaytib qorasini ko‘rsatmadi.

Takror aytamiz, Andijon tumanida yer isrofgarchiligi shu qadar avjiga chiqqanki, «Istiqlol», «O‘zbekiston», Pattoyev nomli, T. Mirzayev nomli, G‘. Toshmatov nomli massivlarda bog‘-rog‘lar zavolga yuz tutmoqda. Adirlarda qurilgan g‘isht zavodlari ilg‘or usulda yaratilgan bog‘larni ildizigacha quritishga qodir bo‘layotir. G‘ishtxonalarga yaqin mahallalardagi holat yanada achinarli. Lekin tuman ekologiya bo‘limi, sanitariya-epidemiologiya markazi rahbarlari va xodimlari bu haqda og‘iz ochishmaydi. Nega deysizmi? Tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning aytgani – aytgan, degani – degan bo‘lishi shart.

Bo‘taqoradan Orol qishlog‘i tomon tortilgan magistral gaz quvuri tuman uchun kerak edi. Xo‘p, tabiiy gaz bo‘lmas ekan, o‘sha quvurlardan adirlarga suv chiqarish uchun foydalanish mumkinmidi? Nadomatlar bo‘lsinki, ayni adirlardagi ichki nasos stansiyalari va quvurlari talon-toroj qilinganini ko‘rmaganga olgan hokim uchun yana quvur tortishdek boshog‘riq kerakmi?

Mahalla institutiga mamlakat miqyosida alohida o‘rin berilayotganligi barchamizga ma’lum. Tuman hokimi uchun respublika miqyosida qabul qilingan Mahalla Nizomi ahamiyatsiz hisoblanadi. Bo‘taqora qishlog‘ining Navro‘z mahallasida yetti oydan beri raislikka nomzod topilmaydi. Ushbu ishning uddasidan chiqadigan, el-yurtni ortidan ergashtira biladiganlar ko‘p. Biroq tuman hokimligidan keladigan beo‘rin topshiriqlar, majlislar va boshqa jihatlar borki, qadrini bilganlar elga esh bo‘lishdan bosh tortishmoqda. Bu hammasi emas, ko‘plab mahallalarning raislari o‘zga hududlarda yashashiga nima deysiz?

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Haj masalasi mahalla kesimida, oqsoqollar va faollar ishtirokida yechimini topishi amaliyotga joriy qilindi. Andijon tumanida esa buning aksi. Kimning borish-bormasligi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va hokim ishtirokida hal etilishi an’anaviy tusga kirib bo‘ldi. O‘tmadimi, emishki, Hajga boruvchini Alloh chaqirmayotgan ekan?!

Respublika miqyosida shahar-tumanlar kesimida 2018 yilda oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirganlarning o‘qishga kirish reytingi e’lon qilindi. Ta’lim tizimiga hokim ko‘rsatayotgan e’tibor natijasi shu bo‘ldiki, Andijon tumani 199 ta hudud doirasida 198-o‘rinni «sharaf» bilan egalladi. Bu alohida mavzu. Oliy ta’lim olayotganlar safi shu qadar tor ekan, Andijon tumanining ertasini qanday tasavvur etishimiz mumkin?

O‘zining ismi-sharifini oshkor etmagan faxriylardan birining ta’kidlashicha, tumanning yaxshi xislatlari ham bor. Ulardan eng muhimi, ozodalik, sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq. Hokimga duch kelgan odam ko‘rishgani qo‘l uzatgudek bo‘lsa, «Qo‘lingni tort! Qachon yuvgansan? Sovunni bilasanmi?» deya so‘roqqa tutilishi tumanda juda ko‘pchilik uchun yangilik emas.

Axir el og‘ziga elak tutib bo‘larmidi?

Qobiljon Asqarov,
jurnalist
Andijonnoma». 2019-yil, 18-son)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring