Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonlik ichki ishlar xodimining zo‘ravonligi o‘rganilmoqda — Bosh prokuratura (video)

Andijonlik ichki ishlar xodimining zo‘ravonligi o‘rganilmoqda — Bosh prokuratura (video)

Jasurbek Hamroqulov.

Foto: «Daryo.uz»

Kecha ichki ishlar xodimining zo‘ravonligiga oid yana bir xabar tarqaldi. «Daryo.uz»ga ko‘ra, fuqaro Jasurbek Hamroqulov Andijon shahar 6-son IIB profilaktika inspektori Sardor Abdumannopov tomonidan kaltaklangan.

Jasurbek Hamroqulov. Foto: «Daryo.uz»

Voqelik 2019-yilning 11-sentyabr kuni kechki payt sodir bo‘lgani aytiladi. Shu kuni  tanishining tug‘ilgan kunini Andijon shahridagi  qahvaxonalarning birida nishonlagan J.Hamroqulov ketar paytda shu yerdagi mijozlardan biri (ayol) bilan tortishib qoladi. Tomonlar o‘sha joyning o‘zidayoq kelishib, o‘zaro uzr-ma’zur qilib turganida ikki nafar ichki ishlar xodimi kirib keladi. Ulardan biri J.Hamroqulovga «Ey bola, oldimga kel», deydi... Ikki o‘rtada gap qochgach, IIB xodimi: «Sen «borziy» ekansanmi, haqingni talab qiladigan», deya Jasurning qo‘llarini  qayirib oldi. «Ichki ishlar xodimi bunaqa qilishi mumkin emas, ko‘pchilikka tomosha bo‘lmasdan har qancha gap bo‘lsa, IIB bo‘limiga boraylik», deydi o‘z navbatida J. Hamroqulov.  «Sen bilan qanaqa gaplashish kerakligini ko‘rsatib qo‘yaman», degan  ichki ishlar xodimi yigitni «Damas»ga bosib, bo‘limga olib ketadi.

Mashmashaning kattasi Andijon shahar IIO FMB  6-sonli ichki ishlar bo‘linmasida yuz beradi. IIB xodimi shu yerda Jasurbek Hamroqulovni «Damas»ni pana qilib ayovsiz kaltaklaydi. Ayni holat IIBning boshqa xodimlari ko‘z o‘ngida yuz beradiki, ular hamkasbining «polvonligi»ni kuzatib turishdan nariga o‘tishmaydi. Ushbu manzara kuzatuv kamerasiga muhr etilgan bo‘lib, tasvirlar ham o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan.

E’tiborlisi shundaki, voqelik o‘tgan yilning sentyabr oyida yuz bergan bo‘lsa-da, haligacha o‘z huquqiy yechimini topmagan. Jabrlanuvchiga ko‘ra,  yaqinda  u Andijon shahar prokuraturasiga chaqirilgan. Borsa, tergovchi unga nisbatan (IIB xodimiga emas!) Jinoyat kodeksining 219-modda bilan («xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish») jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytib,  advokat bilan kelishini  tayinlaydi...

...«Xabar.uz» voqelik yuzasidan Bosh prokuratura  bilan bog‘landi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning javobi odatdagidek qisqa bo‘ldi: «Ayni paytda holat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish yakunlariga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi».

Kutamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring