Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Grenlandiya ortidan yana bir Yevropa davlatiga “da’vo” qildi

AQSh Grenlandiya ortidan yana bir Yevropa davlatiga “da’vo” qildi

Paradoks shundaki, 1951 yilgi bitimga ko‘ra AQSh Islandiyani tashqi dushmanlardan himoya qilishi kerak.

Foto: Iceland Monitor

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan mamlakatning Islandiyadagi elchisi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan siyosatchi Billi Long qo‘pol hazil qildi.

Politico nashriga ko‘ra, sobiq kongressmen Billi Long hazil ohangida Islandiya AQShning 52-shtatiga aylanishi va u mazkur shtatning gubernatori bo‘lishini aytgan.

Ayni paytda AQSh 50 shtatga ega. Suveren bir mamlakat taqdirini mutoyibaga aylantirgan Billi Long 51-shtat qaysi ekaniga oydinlik kiritmagan.

Siyosatchi keyinroq Islandiya haqidagi hazili uchun uzr so‘radi.

Ammo Tramp ma’muriyatining xalqaro huquq va boshqa davlatlarning milliy suverenitetiga zid bayonotu harakatlari fonida Islandiyaning 52-shtatga aylanishi haqidagi da’vo jiddiy qabul qilinmoqda.

Euractiv nashri yozishicha, Trampning Grenlandiyani nazoratga olish haqida radikal bayonotlari ortidan Islandiya tezroq Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga urinmoqda. Rasmiy Reykyavik YeIga a’zolikni iqtisodiy omil emas, balki mudofaa va geosiyosiy manfaat nuqtai nazaridan yoqlamoqda.

“Grenlandiya muammosi islandlarni xalqaro munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda, YeIga a’zolik bo‘yicha bahslar kuchaymoqda. AQSh Grenlandiyani qo‘lga kiritish uchun keltirayotgan vajlarni Islandiyaga nisbatan ham qo‘llashi mumkin”, – deydi  Islandiyadagi Bifryost universiteti professori Eyrikur Bergmann.

Reykyavik hukumati Tramp ma’muriyatining xalqaro bitimlarga sodiqligiga shubha qilmoqda.

Shimoliy Yevropada joylashgan Islandiya orol-davlati NATOga a’zo sanaladi. Ammo mamlakat o‘z armiyasiga ega emas, faqat sohilni qo‘riqlash xizmati mavjud.

Rasmiy Reykyavik 2009 yilda YeIga a’zolik uchun ariza bergan. Ammo Islandiya iqtisodiyotining muhim sektori bo‘lgan baliqchilik masalasi sabab Bryussel bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirgan. Oqibatda 2015 yilda Islandiya YeIga a’zolik bo‘yicha arizasini qaytarib olgan.

Joriy yil bahorda Islandiya parlamenti YeIga a’zolik masalasida referendum o‘tkazish haqidagi qonunni ko‘rib chiqadi. Hujjat ma’qullansa, 9 oy davomida referendum tashkil etiladi. 2025 yilda o‘tkazilgan so‘rovlar aholining katta qismi YeIga a’zolikni yoqlashini ko‘rsatgan.

Ma’lumot o‘rnida: AQSh prezidenti Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishga qaratilgan siyosiy kampaniya boshlagan.

12 yanvar kuni AQSh Kongressiga Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. Ushbu qonun qabul qilingan taqdirda, Tramp orolni anneksiya qilish yoki sotib olish uchun zarur deb hisoblagan har qanday harakatlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Daniya va Grenlandiya vakillari Trampni bu g‘oyadan voz kechishga ko‘ndirishga harakat qilishdi, ammo muzokaralar samarasiz bo‘lib chiqdi.

Tramp 2025 yil mobaynida Kanadani AQShning 51-shtati deb atagani ma’lum. Shu bois Oq uyning Venesueladagi xatti-harakatlari hamda Grenlandiyaga ishtahasi tobora karnay bo‘lib borayotgani Kanadaning ham tinchini buzmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring