AQSh grin-karta o‘ynash dasturini to‘xtatganini e’lon qildi
Braun universitetida sodir etilgan qurolli hujum ortidan AQSh ma’muriyati «Grin karta» (Diversity Lottery (DV1) immigratsiya dasturini to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu haqda AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning rasmiy bayonotida ma’lum qilingan.
Ma’lum qilinishicha, hujumni sodir etgan shaxs – Klaudio Manuel Neves Valente AQShga 2017-yilda aynan DV1 immigratsiya vizasi orqali kirib kelgan va grin-karta olgan. Bayonotda u «mamlakatga kirishiga umuman yo‘l qo‘yilmasligi kerak bo‘lgan shaxs» sifatida baholangan.
Qayd etilishicha, 2017-yildayoq Donald Tramp prezidentligi davrida ushbu dasturni bekor qilish masalasi ko‘tarilgan edi. Bunga sabab sifatida Nyu-Yorkda sodir etilgan terakt misol qilib keltirilgan: o‘shanda IShID a’zosi bo‘lgan shaxs ham DV1 dasturi orqali AQShga kirib kelib, yuk mashinasi bilan odamlarni bosib ketgan va sakkiz kishi halok bo‘lgan edi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, prezident Tramp ko‘rsatmasiga muvofiq, AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS)ga Grin karta dasturini zudlik bilan to‘xtatish topshirilgan. Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad — «bu dastur orqali kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etish va AQSh fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash».
Rasmiylar fikricha, DV1 dasturi milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi mumkin va uni qayta ko‘rib chiqish yoki butunlay bekor qilish masalasi kun tartibida qolmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter