AQSh O‘zbekiston ta’lim tizimiga 50 million dollar ajratmoqda
28-sentyabr kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha muhim kelishuv imzolandi. AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu – ikki mamlakat o‘rtasidagi birinchi keng qamrovli grant shartnomasidir.
Ushbu hujjatni O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Melsar hamda USAIDning Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Juli Sausfild imzoladi.
Kelishuvga ko‘ra, AQSh hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi.
Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur kelishuv doirasida 19,5 million dollar mablag‘ allaqachon ajratilgan.
Ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilayotgan mablag‘ boshlang‘ich sinflarda o‘qish va matematika saboqlarini yanada takomillashtirish, axborot texnologiyalaridan keng foydalanish hamda ingliz tilini o‘qitish samaradorligi va sifatini oshirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil may oyida Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida ta’lim bo‘yicha ikkita kelishuvga erishilgan. AQSh Davlat departamentining yuqori martabali mulozimi Elis Uells hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov imzolagan hujjatlarda Qo‘shma Shtatlar oliy o‘quv yurtlari hamda Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish uchun moliyaviy ko‘mak dasturlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter