Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh O‘zbekistonga qo‘shimcha tibbiy jihozlar yetkazib berdi

AQSh O‘zbekistonga qo‘shimcha tibbiy jihozlar yetkazib berdi

Foto: AQSh elchixonasi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi kurashish harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,23 million dollarlik tibbiy jihozlar yetkazib berdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Laboratoriya uskunalari va 100 mingta test o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan reagentlarni o‘z ichiga olgan ushbu materiallar mamlakatning COVID-19 ni aniqlash uchun xavfsiz va tezkor sinov o‘tkazish salohiyatini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda. 

«COVID-19 nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda odamlarning kundalik hayoti va yashash tarziga tahdid bo‘lib qolmoqda. Ushbu virus hech kimni chetlab o‘tmadi —  o‘zimiz, yaqinlarimiz, qo‘ni-qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, hamkasblarimizga ta’sir qildi. Yo‘qotgan har bir kishimiz, yopilgan har bir korxona va uning oqibatida jabrlangan odamlar uchun ham biz virusga qarshi kurashishni davom ettirishimiz zarur. Bu kurashda biz hammamiz birgamiz», — dedi AQSh elchixonasida missiya boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Aleksis Sallivan.

«AQSh hukumati o‘zbekistonlik hamkorlari bilan mamlakatda xalq salomatligi va farovonligini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaqindan hamkorlik qilish tamoyiliga sodiq qoladi»,- deya qo‘shimcha qildi u.

Keltirilgan jihozlar AQSh hukumatining O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi kurashda ko‘rsatayotgan yordamining bir qismidir. Shu kungacha AQSh hukumati O‘zbekistonga COVID-19  epidemiyasiga qarshi kurashishda yordam berish uchun 8,8 million AQSh dollari ajratdi. Sentyabr oyida USAID O‘zbekistonga 200 ta sun’iy nafas berish apparatini taqdim etgan edi. USAID O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa hamkorlari bilan ushbu moslamalarni butun mamlakat bo‘ylab sog‘liqni saqlash muassasalariga tarqatishda yaqindan hamkorlik qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring