Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Aroq ham olib kelaymi?» yoxud ziyorat turizmi haqida

«Aroq ham olib kelaymi?» yoxud ziyorat turizmi haqida

Foto: «Izyuminki»

O‘tgan yili bir do‘stim Toshkentdan Samarqandga ziyorat uchun keldi. U bilan shaharni aylanib yurar ekanmiz, tushlik vaqti bo‘lib qoldi. Uni har doim do‘stlar bilan boradigan joyimiz — osh markaziga olib bordim. Ichkariga kirib ko‘zimiz bitta-ikkita stolda aroq ichib o‘tirganlarga tushdi. Shunda do‘stim «boshqa joyga boraqolaylik» dedi va uni shahardagi mashhur kabob markazlaridan biriga olib bordim. Borsak, u yerda ham ahvol shu; kimdir ichayapti, kimdir allaqachon sarxush bo‘lib olgan. U yerdan ham chiqib ketdik. Qisqasi, o‘sha kuni spirtli ichimlik sotilmaydigan ovqatlanish shoxobchasini qidirib topolmadik. Bundan men mezbon sifatida biroz xijolat ham bo‘ldim.

Ha, achchiq bo‘lsa-da haqiqat shuki, Samarqandday mo‘’tabar shaharda spirtli ichimlik sotilmaydigan bitta ham ovqatlanish shoxobchasi yo‘q. Mabodo qayeridadir bor bo‘lsa ham mening xabarim yo‘q.

Men aroqning zarari, uning haromligi haqida yozmoqchi emasman. Masalaning boshqa muhim jihati haqida fikr yuritmoqchiman.

Hammamizga ma’lumki, oxirgi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish uchun ko‘plab ishlar qilinmoqda. Yaqinda bir guruh davlatlarning fuqarolari uchun bir oylik vizasiz rejim joriy qilindi.  Bunday mamlakatlar orasida Malayziya, Indoneziya, BAA, Qatar kabi davlatlar ham bor. Bu davlatlar aholisining aksariyati musulmonlar ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, u diyorlardan kelishi kutilayotgan sayyohlarning xohishlarini ham inobatga olish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mehmonxonalarda joynamozlar qo‘yilishi, aeroportlarda namozxonalar ochilishi, mamlakatimizda nafaqat xalqaro halol sertifikatining, balki milliy halol sertifikatining ham joriy etilishi kabi ishlar yaxshi bo‘layapti. Ammo yana bir muammo borki, endi uning ham yechimini o‘ylab ko‘radigan vaqt keldi.

Ma’lumki, Samarqand viloyatida bir nechta dunyoga mashhur olimlarning qadamjolari bor. Imom Buxoriy, Shohizinda, Moturudiy kabi allomalarning maqbarasini ziyorat qilishga butun dunyodan sayyohlar kelishadi. Kamida bir necha kun shu yerda bo‘lishadi. Hafta, o‘n kunlab yuradiganlari ham bor. Shundan kelib chiqib turli shaharlarimizda, ayniqsa sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarida ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan kafe va restoranlar bo‘lishi lozim. Albatta, bu sohada ham rivojlanish kuzatilmoqda. Kafe va restoranlar xizmat ko‘rsatish darajasi va ovqatlar sifatini jahon andozasi darajasiga chiqarishga harakat qilayaptilar. Ammo ziyorat turizmi rivojlanib, yurtimizga Malayziya, Indoneziya yoki boshqa aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan davlatlardan sayyohlar kelishi ko‘paysa, ular uchun spirtli ichimliklar sotilmaydigan kafe va restoranlar albatta kerak bo‘ladi.

Aslida spirtli ichimliklar sotilmaydigan ovqatlanish shoxobchalari o‘zimizga ham kerak. Ammo unday joylarni poytaxtimiz va Farg‘ona vodiysidagi shaharlardan boshqa hech bir shaharda topa olmaysiz.

Men shu masalani o‘rganish uchun Samarqand shahridagi ko‘plab oshxona, kafe, restoranlarga kirib chiqdim. «Spirtli ichimliklar bormi?» degan so‘rovimga birontasida «yo‘q» degan javobni eshitmadim. Kuzatishlarim natijasida shunga amin bo‘ldimki, ko‘p joylarda (bunday joylar viloyatning turli tumanlaridagi ko‘plab ovqatlanish shoxobchalarida uchraydi) spirtli ichimliklarni sotishga litsenziyasi bo‘lmagan holda «peshtaxta ostidan» qabilida bemalol sotishayapti. Hatto kamiga kelgan xo‘randadan «aroq ham olib kelaymi?» deb o‘zlari so‘rashadi.

Shu bois endi tegishli organlar mamlakatimiz bo‘ylab spirtli ichimliklar sotishga litsenziyasi bo‘lmagan holda ularni sotayotgan ovqatlanish shoxobchalarini qattiq nazoratga olishlari kerak.

Men yuqorida Samarqand shahri va viloyatidagi ahvolni yozdim. Sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan boshqa shaharlardagi ahvolni bilish uchun Buxoro shahrida yashaydigan tanishimga qo‘ng‘iroq qilib, undan Buxorodagi  vaziyatni so‘radim. Tanishimning aytishicha, Buxoro shahrida ham, viloyat tumanlarida ham spirtli ichimlik sotilmaydigan ovqatlanish shoxobchasi, kafe yoki restoran yo‘q. Demak, tarixiy shaharlarimizning, viloyatlarimizning hammasida shu ahvol.

Xivada bo‘lmaganman, ammo bundan bir yarim yil avval ishim yuzasidan Xorazmning turli tumanlarida, Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy tumanlarida bir oy yurdim. U yoqlarda ham spirtli ichimliklar sotilmaydigan ovqatlanish shoxobchasini ko‘rmadim.

Bir nechta ovqatlanish shoxobchasining boshliqlari yoki ish boshqaruvchilaridan «sizlar shu spirtli ichimliklarni sotmay faoliyat yuritsangiz bo‘lmaydimi?» deb so‘rasam, ular «bo‘ladi, ammo biz spirtli ichimliklarni sotmasak xo‘randalar kam keladi» deb javob berdilar. Aslida esa bunday emas. Toshkentda ko‘rganman, spirtli ichimliklar sotilmaydigan kafelar doim gavjum. Chunki unday joylarga katta ehtiyoj bor. Chunki spirtli ichimliklar sotiladigan joylarga kimdir o‘z e’tiqodi yuzasidan kirishni xohlamasa, kimdir esa spirtli ichimliklarni ichib baqir-chaqir qilib o‘tiradigan odamlar orasida o‘tirishni xohlamaydi.

Umuman olganda, bu sohada nazorat deyarli yo‘q. Joylarda kim nima xohlasa o‘shani qilayapti. Biz ziyorat turizmini ham rivojlantirishni xohlar ekanmiz, bu sohani albatta tartibga olishimiz va ziyoratchilarga ular xohlaganlariday sharoit yaratib qo‘yishimiz kerak.

Izohlar 4

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring