Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Arzirumga sayohat»: shahar mudofaasi uchun jangga kirgan qahramon ayol

«Arzirumga sayohat»: shahar mudofaasi uchun jangga kirgan qahramon ayol

Qadimgi poytaxt shahar – tog‘li Arzirum shahri Turkiyaning shimoli-sharqida joylashgan bo‘lib, aholisi taxminan 350 ming kishini tashkil qiladi. Hudud ahli asosan savdo va chorvachilik bilan shug‘ullanadi.

Arzirum qadimda turli davlatlar tarkibida bo‘lib kelgan va har xil nom bilan atalgan. 11-asrda saljuqiylar qo‘l ostiga o‘tgach, hozirgi nom bilan atalgan. 1514 yildan Usmonlilar saltanati tarkibida bo‘lgan shahar bir necha marta tashqi dushmanlar hujumiga duchor bo‘lgan.

Xususan, 1877 yilda arman va rus qo‘shinlarining Aziziy gornizoniga bostirib kirishi tarixi ushbu yerliklarning «yil onasi» bo‘lgan Nine xotunning qahramonliklari bilan yodga olinadi.

Shu bois ham bugun Arzirumdagi Nine xotun qabri va Aziziy gornizoni mudofaa qal’asi sayyohlar bilan gavjum: yo‘lboshlovchilar shahar mudofaasida qahramonlik ko‘rsatgan onaning hikoyasini aytib berishdan charchamaydilar...

Nine xotun 1857 yilda Erzurumda tug‘ilgan. 1877-yilgi bosqinda u xali 20 yoshli kelin, eri frontda, akasi esa urushda yaralanib, vafot etgan azador holatida edi.

Bu turk-rus urushining qonli va qora kunlari edi. 1877-yil 7-noyabrdan 8-noyabrga o‘tar kechasi yaqin atrofdagi ikkita arman qishlog‘idan yashirincha safarbar etilgan to‘da yashirincha borib, Arzurumning mashhur Aziziy qo‘rg‘oniga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘rg‘onni himoya qilgan oz sonli turk askari qattiq uyquda edi: ular uyqularida qilichdan o‘tkazildi. Orqadan kelayotgan rus qo‘shinlari hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan qal’aga joylashdilar.

O‘sha kuni shahar hududiga uyushtirilgan bosqindan omon qolgan yarador askar Arzurumga yomon xabar olib keldi. Minoralardan ertalabki azon o‘rniga: «Moskva Aziziyga kirdi!» degan ovoz tarqaldi.

Nine xotun ham uch oylik bolasini emizib, uxlatdi va yovga qarshi otlangan mahalliy aholi safiga qo‘shildi.

Kim ketmon, kim belkurak ko‘tarib, erkak va ayol bo‘lib, hamma Aziziy qal’asi mudofaasi uchun chiqdi. Qal’aga o‘nashib olgan dushman yaqinlashib kelayotgan arzurumliklarni qurollar bilan qarshi oldi. Aziziyda qonli jang boshlandi. To‘qnashuvda o‘z jasorati bilan ajralib turganlar orasida Nine xotun ham bor edi...

Aziziy qal’asi 2 mingga yaqin moskvalik askar qoni evaziga ozod qilingani aytiladi. Arzurum ahli esa Nine xotunning to‘qnashuv paytidagi qahramonligini unuta olmadi: u yaralangandi.

U o‘zining to‘qson sakkiz yillik umri davomida barcha Arzurum xalqiga Moskvaning Aziziyda qanday mag‘lubiyatga uchraganini aytib berdi.

U o‘limidan bir yil oldin o‘zini ziyorat qilgan NATOdagi amerikalik askarning savoliga «Men o‘shanda kerakli narsani qilgandim. Kerak bo‘lsa bugun ham shunday qilaman» degandi.

Urushdan keyin Nine xotun nomi afsonaga aylandi. U mamlakatda qahramonlik ramzi sifatida tanildi. U 1955 yilda «Yil onasi» deb tanlandi.

1955 yil 22 mayda Erzurumda pnevmoniyadan vafot etdi.

Shahar ozodligi uchun kurashgan qahramon ayol – Nine xotunni Aziziy qo‘rg‘oni sahniga dafn qilishdi...

Elbek

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring