Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Atambayev qo‘lga olinmadi, bir askar o‘ldi. «Alfa»ning hujumi va bayonot haqida batafsil

Atambayev qo‘lga olinmadi, bir askar o‘ldi. «Alfa»ning hujumi va bayonot haqida batafsil

Foto: Sputnik

Kecha tunda Qirg‘iziston respublikasi sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni qo‘lga olish amaliyoti bo‘lib o‘tdi. Ammo maxsus kuchlar tomonidan rejalashtirilgan amaliyot Atambayevning tarafdori bo‘lgan odamlar tomonidan yo‘qqa chiqarildi.

Garchi Atambayev qo‘lga olingani va vertoletda noma’lum tomonga olib ketilgani haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, u hamon ozodlikda qolmoqda. Kamiga sobiq prezident o‘zi nazorat qiladigan «Aprel» telekanali orqali murojaat bilan chiqish qildi.

«Men kuch ishlatar tizimlarga murojaat qilmoqchiman: o‘z xalqingizga o‘q uzmang. Bu siz uchun juda yomon yakunlanadi», — dedi Atambayev.

Qo‘lga olish amaliyoti kecha, chorshanba oqshomida, Bishkekdan 20 kilometr uzoqlikdagi Qo‘y-Tosh qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Atambayevning rezidensiyasi aynan shu yerda joylashgan. Amaliyot boshlangani hamono «Alfa» maxsus kuchlar askarlari rezina o‘qlardan o‘t ochishni boshlab yubordi. Atambayevning tarafdorlari esa qo‘llariga ilingan narsa bilan javob qaytardilar.

Natijada har ikki tomondan 43 kishi yaralandi va maxsus kuchlar askarlaridan biri jarohatlar oqibatida vafot etdi. Ammo eks-prezidentni qo‘lga olishning iloji bo‘lmadi.

Atambayev o‘z chiqishi davomida jabrlangan odamlar haqida ham gapirib o‘tdi.

«Bugun meni qo‘lga olishga urinish bo‘lib o‘tdi va afsuski aybsiz odamlar jabr ko‘rdi. Chunki meni qo‘lga olish uchun terrorchilikka qarshi kurashadigan «Alfa» maxsus kuchlari kelgan edi.

Biz terrorchi emasmiz. Na men va na uyim atrofidagi odamlar. Ko‘pchilik bu yerga shunchaki men bilan suratga tushish uchun kelgan edi. Hukumatning bu qadar vahshiyligi esa odamni hayratga soladi», — dedi Atambayev.

Atambayevning fikriga ko‘ra harbiylar nafaqat rezina o‘qlardan, balki jangovar o‘qlardan ham foydalangan. «Afsuski jabrlanganlar juda ko‘p, ular orasida og‘ir jarohat olganlar ham bor. Hukumat huquqiy maydonda kurashish haqidagi chaqiriqlarimni inobatga olmadi», — deydi Atambayev.

Shu bilan birga sobiq prezident o‘zini qo‘lga olishga yo‘l qo‘ymagan odamlarga minnatdorchilik bildirdi.

«Hukumat Atambayevning unini o‘chirish uchun o‘z xalqini o‘qqa tutishga ham tayyor. Men oddiy qirg‘izistonliklardan behad minnatdorman. Ular birdamlik namoyish etishdi va meni qo‘lga olishlariga yo‘l qo‘yishmadi. Hukumat o‘ziga kelib olishi lozim, biz tiz cho‘kib yashaydigan xalq emasmiz», — deydi Atambayev.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston parlamenti 20 iyulda Atambayevga qaratilgan ayblovlarni prokuraturaga oshirgan edi. Ushbu ayblov deputatlarning maxsus surishtiruv qo‘mitasi tomonidan yig‘ilgan. Huquq-tartibot organlari esa Atambayev Bishkek IES modernizatsiyasida korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa berdi. Sobiq prezident shuningdek uyushgan jinoyatchilar to‘dasi yetakchisi Aziz Batukayevni soxta tibbiy xulosa bilan ozodlikka chiqarish, yerlarni noqonuniy egallab olish va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda. Agar sud Atambayevni aybdor, deb topsa, u bir umrga qamalishi mumkin.

Atambayevning o‘zi parlamentning ayblovlarini «safsata» deb baholagan va xalqi oldida toza ekanini aytib o‘tgan. U prezidentligi davrida amalga oshirgan ishlari uchun javob bera olishini ta’kidlamoqda.

Almazbek Atambayev mamlakatni 2011 yildan to 2017 yilga qadar boshqargan. U darhaqiqat xalq tomonidan saylangan va vakolat muddati yakuniga yetgandan so‘ng ixtiyoriy ravishda prezidentlik postini topshirgan yagona rahbar hisoblanadi.

Atambayev saylov vaqtida yangi prezident Sooronbay Jeenbekovni qo‘llab-quvvatlagan edi. Ammo saylov o‘tgani hamono o‘rtadagi munosabatlar sovuqlasha boshlagan va Atambayev yangi prezidentni bir necha bor tanqid qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring